Nikohda zo‘rlash jinoyatmi? - Video

Surat manbasi, Getty Images
Ayollar huquqlari tashkilotlari koalitsiyasi Samaj o‘tkazgan yangi tadqiqotga ko‘ra, Janubiy Osiyodagi sakkiz mamlakatda nikohdagi zo‘rlash to‘liq jinoyat sifatida tan olinmagani millionlab ayol va qizlarni himoyasiz qoldirmoqda. Bu mintaqada turmush o‘rtog‘i tomonidan sodir etiladigan zo‘ravonlik darajasi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan 35 foiz yuqori.
Dunyoda 100 dan ortiq davlat nikohdagi zo‘rlashni qonun bilan taqiqlagan. Biroq Janubiy Osiyoning katta qismi, jumladan Hindiston, Afg‘oniston, Shri-Lanka va Bangladesh bunday jinoyatni tan olmagan 30 ga yaqin davlat qatorida qolmoqda.
Janubiy Osiyoda nikohda zo‘rlash boshqa har qanday zo‘rlash qatorida jinoyat ko‘rilib, jazoga tortiladigan yagona davlat Maldiv orollaridir.
Nepal va Butan nikohdagi zo‘rlashni jinoyat deb e’tirof etgan bo‘lsa-da, ammo jinoyatning bu turiga nisbatan yengilroq jazo qo‘llanadi.

Surat manbasi, Getty Images
Samaj tarkibiga kiruvchi xalqaro ayollar huquqlari tashkiloti Equality Now vakili Ranjita Silvalning aytishicha, Janubiy Osiyodagi nikohdagi zo‘rlashga oid qonunlar asosan Britaniya mustamlakachiligi davridan meros bo‘lib qolgan.
Hindiston va Bangladeshda 1860 yilda, Shri-Lankada esa 1885 yilda qabul qilingan qonunlarda zo‘rlash jinoyati uchun istisnolar belgilangan bo‘lib, ular qatoriga erkakning voyaga yetgan xotini bilan jinsiy aloqasi ham kiritilgan.
Faollar bu qonun eskirganini ta’kidlab, majburiy jinsiy aloqa kim tomonidan sodir etilganidan qat’i nazar, zo‘rlash hisoblanishini aytmoqda. Mutaxassislar esa nikohdagi jinsiy zo‘ravonlik ayollarning jismoniy, ruhiy, hissiy va jinsiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazishidan ogohlantirishadi.
100 dan ortiq davlat, jumladan, 1991 yilda qonunini o‘zgartirgan Buyuk Britaniya ham nikohdagi zo‘rlashni jinoyat, deb belgilagan. Ammo bu boradagi istisno Hindiston, Shri-Lanka va Bangladeshda saqlanib qolmoqda.
Nikoh jinsiy aloqa uçun rozilikni anglatadi, nikoh jinsiy aloqa uçun rozilik söralişi tugaydigan çegara hisoblanadi, degan qaraş hanuz keng tarqalgan"
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Pokiston 2006 yilda nikohdagi zo‘rlash bo‘yicha istisnoni bekor qilgan. Biroq hozirgacha biror yuqori sud zo‘rlashga oid qonunlar nikoh doirasida ham qo‘llanishini to‘liq tasdiqlamagan. Shu bilan birga, yaqinda qabul qilingan oliy sud qarorlaridan biri erlarga roziliksiz jinsiy aloqa uchun keng himoya taqdim etdi.
Tolibon 2021 yilda hokimiyatga qaytganidan beri Afg‘onistonda ayollarni himoya qiluvchi mexanizmlar izchil ravishda bekor qilinmoqda.
Silvalning aytishicha, yanvarь oyida joriy etilgan yangi jinoyat kodeksi vaziyatni yanada yomonlashtirgan. Unga ko‘ra, erning xotiniga nisbatan zo‘ravonligi faqat suyak sinishi, ochiq jarohat yoki jiddiy ko‘karishlarga sabab bo‘lgan taqdirdagina javobgarlikka tortilishi mumkin. Hatto aybdor, deb topilgan taqdirda ham u atigi 15 kun qamoq jazosi oladi.
Tabiiyki, mazkur kodeksda nikohdagi zo‘rlash haqida hech qanday qayd yo‘q. Ammo jazolanadigan zo‘ravonlikning juda tor ta’rifi amalda ayollarni bu turdagi huquqbuzarlikdan himoyasiz qoldiradi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
"Bu tushuncha nikohning o‘zi jinsiy aloqa uchun rozilikni anglatadi, nikoh jinsiy aloqa uchun rozilik so‘ralishi tugaydigan chegara hisoblanadi, degan qarashdan kelib chiqadi", dedi Silval BBC ga.
"Ammo bu huquqiy xabardorlik yetishmasligini ko‘rsatadi. Bu ayollarga hali ham mulk sifatida qaralayotgani, jamiyatimiz hanuz kuchli patriarxal xususiyatga ega ekanini namoyon qiladi", deya ilova qildi u.
Hisobot mintaqada nikohdagi zo‘rlash mavzusida bahslar yana kuchaygan bir paytda e’lon qilindi.
Hindistonda mazkur qonunni savol ostiga oluvchi bahslashuvchi o‘nta ariza Oliy sud ko‘rigida turibdi. Sud 9 dekabr kuni ish bo‘yicha yakuniy majlisni boshlashi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda sudlar bu masalada bir-biriga zid qarorlar chiqargan. Ayrim sudyalar qonunning eskirgan xususiyatini tan olib, parlamentni nikohdagi zo‘rlashni jinoyat, deb belgilashga chaqirishgan.
O‘tgan yili mahkama xotinini shafqatsiz tarzda zo‘rlab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan erkakni ozod qilgach, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
Biroq Hindiston hukumati, diniy tashkilotlar va erkaklar huquqlari faollari nikohdagi zo‘rlashni jinoyatlashtirishga qarshi chiqib, bu "haddan tashqari qattiq chora" bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda.
Hisobotda aytilishicha, Bangladeshdagi huquq himoyasi tashkilotlari ham nikohdagi zo‘rlashga oid istisnoga qarshi chiqib, u Konstitutsiyada kafolatlangan hayot, erkinlik hamda qiynoq va shafqatsiz muomaladan himoyalanish huquqlarini buzishini ta’kidlashmoqda.
"Nikohdagi zo‘rlashni jinoyat, deb belgilashga qarshi chiqqanlar bu oila institutiga putur yetkazishi va oilalar parchalanishiga olib kelishini aytishadi. Bizning mamlakatlarimizda oila muqaddas ko‘riladi", deydi Silval.
"Ular bu diniy va madaniy qadriyatlar xavf ostida qolishidan xavotir bildirishadi. Shuningdek, erkaklarga qarshi soxta ayblovlar ko‘payishidan ham qo‘rqishadi", deydi u. .
Uning ta’kidlashicha, qonunning o‘zgarishi har doim ham jabrlanuvchilar uchun adolat qaror topishini anglatmaydi.
Silval misol sifatida Butanni keltiradi. U yerda nikohdagi zo‘rlash jinoyat hisoblanadi, ammo u uncha og‘ir bo‘lmagan huquqbuzarlik sifatida baholanadi va bir oydan bir yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanadi.
Nepalda esa zo‘rlash uchun jazo olti yildan 20 yilgacha belgilangan bo‘lsa, o‘z xotinini zo‘rlagan er uchun jazo ko‘pi bilan besh yilni tashkil etadi.
































