Toshkent havosi ustidan Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida bahs

Havosi buzilgan Toshkent shahri ko‘rinishi
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekiston Toshkent shahri havosining sifati yomonlashishiga mahalliy manbalar, jumladan avtotransport, qurilish va sanoat chiqindilari bilan bir qatorda Qozog‘istondan kelgan chang massalari ham hissa qo‘shganini bildirdi.

Qozog‘iston esa bu iddaoni rad etdi, Qozog‘istondan chang o‘tganini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini ma’lum qildi va e’tiborni O‘zbekiston ichidagi ifloslanish manbalariga qaratdi.

Bu mavzu Internetdagi O‘zbek va Qozoq ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar va ekologik masalalarni kuzatuvchilar Toshkentdagi tutunning asosiy sababi mahalliy manbalar emas, balki chegara ortidan kelayotgan chang ekanini shubha ostiga oldilar.

Bu yilgi kuzgi-qishki isitish mavsumi boshlanganidan keyin yuzaga chiqqan bahs atrof-muhit muammolarini hal etish bo‘yicha ikki mamlakatning davom etayotgan hamkorligi, jumladan O‘zbekiston va Qozog‘istonning qo‘shma «Toza havo» tashabbusi hamda Toshkent atrofidagi ifloslanishni kamaytirishga qaratilgan O‘zbekiston hukumati choralari manzarasida yuz bermoqda.

22 noyabr kuni O‘zbekistondagi mashhur Kun.uz veb nashri respublika gidrometeorologiya xizmati O‘zgidrometga tayanib, «chegara ortidan kelayotgan chang massalari Qozog‘iston hududidan havo oqimlari orqali Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kirib kelayotgani kuzatilmoqda», deya xabar qildi.

«O‘zgidromet»ning atmosfera havosi sifatini monitoring qilish avtomatik stantsiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahri hududidagi stantsiyalarda ifloslantiruvchi moddalar kontsentratsiyasi sezilarli ortishi qayd etilmagan. Biroq 17–21 noyabr kunlari chegaraoldi monitoring stantsiyalarida PM2.5 va PM10 chang zarrachalari miqdorining yuqori ko‘rsatkichlari kuzatilgan. Qayd etilishicha, bu chang massalari tashqi hududlardan kirib kelayotganini ko‘rsatuvchi muhim dalillardan biridir", deb yozdi Kun.uz

"So‘nggi besh kun davomida Toshkent shahrida yog‘ingarchilikning kuzatilmagani, shamol tezligining nisbatan pastligi va havo almashinuvining sustligi shahar atmosferasida ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini qiyinlashtirmoqda", deb yozdi O‘zbekiston Gidrometeeologiya markazi o‘zining Hydromet.uz Telegram kanalida.

Bunga javoban Qozog‘iston Gidrometereologiya markazi Toshkent shahri havosini Qozog‘istondan uchib borayotgan chang ifloslantirayotgani ilmiy isboti topilgani yo‘q, deya xabar berdi.

Bu haqda kursiv.media veb nashri maqola e’lon qildi.

"Toshkent ustidagi chang bo‘roni aybloviga Qozog‘iston O‘zbekistonga javob berdi" deb sarlavhalanadi maqola.

Toshkent shahrining havosi buzilganini ko‘rsatadigan manzara
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

«Qazgidromet mutaxassislari 2026 yilning 15 noyabridan 22 noyabrigacha bo‘lgan davrda Toshkent, Sariog‘och va Shimkent atrofidagi ob-havo sharoitlari hamda havo massalari traektoriyalarini tahlil qildi. Bu davrda atmosfera bosimi nisbatan barqaror bo‘lib qolgan, yer sathiga yaqin shamollar esa susaygan. Mutaxassislar havo massalarining kelib chiqishini kuzatuvchi AQShning NOAA HYSPLIT modeli yordamida ularning traektoriyalarini hisoblab chiqdi. Natijalar Qozog‘istondan Toshkentga havoning o‘tganini tasdiqlovchi dalillarni ko‘rsatmadi», deyiladi xabarda Qozog‘iston ob-havo xizmati ma’lumotlariga tayanib.

«E’lon qilingan ma’lumotlar va amalga oshirilgan hisob-kitoblarga asoslanib, Qozog‘iston hududi Toshkentda PM-10 va PM-2.5 zarrachalarining yuqori kontsentratsiyasi manbasi bo‘lgan, degan ilmiy asoslangan xulosaga kelish mumkin emas», deb ta’kidladi Qazgidromet.

Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘sha kunlarda Toshkentdan Qozog‘istonga nisbatan uzoqroq joylashgan Buxoro, Navoiy, Jizzax va Samarqand shaharlarida ham PM-10 va PM-2.5 zarrachalari miqdori Toshkentdagidan yuqori bo‘lgan. Bu esa havo ifloslanishi Qozog‘iston chegarasi yaqinidan emas, balki O‘zbekistonning janubi-g‘arbiy qismi va Eron tomonidan kelayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Qozog‘istonlik meteorologlarga ko‘ra, Toshkent havosiga «transport, isitish tizimlari, sanoat, qurilish ishlari va noqulay ob-havo sharoitlari sezilarli ta’sir ko‘rsatadi».

«Qazgidromet, shuningdek, 2015-2025 yillarni qamrab olgan o‘z tahlili natijalarini ham keltirdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Sariog‘och hududidan Toshkent tomon havoning muntazam harakati kuzatilmaydi. Bu mintaqada g‘arb va janubi-g‘arbdan keluvchi havo oqimlari ustunlik qiladi (holatlarning 35-71 foizida), shimoldan, ya’ni Sariog‘ochdan janubga tomon harakat esa atigi 3-5 foiz hollarda sodir bo‘ladi. Agentlik bu xulosalarni Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti, Rossiyaning Rosgidromet va Belarusning Belgidromet mutaxassislari ham tasdiqlaganini qo‘shimcha qildi. Bu ma’lumot Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Aida Balaevaga yetkazilgan va keyinchalik Shimkentda O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov bilan uchrashuv chog‘ida foydalanilgan», deb eslaydi sayt.

Ayni paytda, Qazgidromet o‘zbek tomonini «deformatsiya qilingan axborot tarqalishi xavfi» haqida ogohlantirdi.

«Qazgidromet qayd etishicha, ushbu masala O‘zbekistonda jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘lgan. Agentlik fikricha, ifloslanish Qozog‘istondan kelib chiqqan degan iddao ilmiy dalillar bilan tasdiqlanmagan va Toshkentdagi havo sifati yomonlashuvining sabablari haqida biryoqlama yoki noaniq ma’lumotlar tarqalishi xavfini yuzaga keltiradi», deb ta’kidlaydi sayt.

O‘zgidrometning bayonoti va Qozog‘istonning javobi o‘zbek va qozoq ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Jahon bo‘ylab havo sifati monitoringi bilan shug‘ullanuvchi Nebo.Community nomli Threads sahifasi O‘zgidromet bayonotiga javoban shunday deb yozdi:

«Sputniklar va yer ustidagi sensorlar shamol janubi-g‘arbdan, ya’ni O‘zbekistondan Qozog‘iston tomon esganini ko‘rsatmoqda. Bu esa aynan teskari yo‘nalishdir».

Muallif kinoya bilan qo‘shimcha qildi:

«Bu nazariya ishlashi uchun chang shamolga qarshi uchgan bo‘lishi kerak edi. Fizika bunday hodisani bilmaydi. Lekin qo‘shnini ayblash, chamasi, eng qadimiy ilmiy usul bo‘lsa kerak».

Nogai_kz taxallusli yana bir foydalanuvchi ham O‘zgidromet ustidan kulib, havo ifloslanishining O‘zbekiston ichidagi bir qator omillari borligini ta’kidladi.

«Gaz tanqisligi sababli Toshkent atrofidagi ko‘plab issiqxona xo‘jaliklari ko‘mirga o‘tdi. Ayrim egalar xarajatlarni kamaytirish maqsadida hatto avtomobil shinalari, plastik va boshqa chiqindilarni ham yoqmoqdalar, buning ustiga hech qanday filtratsiyasiz. Issiqxonalardan tashqari, havo sifatiga tabiiy chang (ifloslanishning taxminan 36 foizini tashkil etadi), eski avtotransport vositalari, daraxtlarni kesish bilan kechayotgan tartibsiz va jadal qurilishlar hamda shamolsiz ob-havo sharoitida shaharlarda tabiiy shamollanishning yetarli emasligi ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda».

O‘zbekistonlik Komildjohn esa shunday dedi:

«O‘zgidromet smogni chegara ortidan kelgan chang va ob-havo sharoitlari bilan izohlamoqda. U holda nega Toshkentning turli hududlarida yong‘in hidi sezilyapti? Oddiy changdan tutun hidi kelmaydi-ku! Issiqxonalar, zavodlar va chiqindixonalardan chiqadigan chiqindilar haqidagi ma’lumotlar qaerda? Nazarimda, sabablarni uyning ichida emas, chetdan izlash osonroq ko‘rinadi».

Instagramʼdagi TashkentTodayuz kanali O‘zbek-Qozoq chegarasi yaqinida faoliyat yuritayotgan issiqxona egalari va o‘zbek amaldorlari uchrashuvi aks etgan videoni joyladi. Unda ishtirokchilardan biri Toshkent havosining ifloslanishiga hissa qo‘shmoqda degan da’volar ortidan o‘z faoliyati cheklanayotgani uchun ekologik idoralarni qattiq tanqid qildi.

Uning aytishicha, iflos havo «Qozog‘iston tomondan keladi», ammo «so‘nggi bir yildan buyon ayb issiqxonalarga ag‘darilmoqda».