Arab yozuvi asosidagi eski alifboni maktabda o‘qitish kerakmi? - Video

Published
O'qilish vaqti: 3 daq
O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Doskaga yozayotgan o‘quvchi qiz.

Milliy do‘ppi kiygan, ikki o‘rim sochiga lenta taqqan 8-sinf o‘quvchisi Samiya doskada arab yozuvida yozmoqda.

Ammo u doskada arabchada emas, balki tojik tilida she’riyat haqidagi fikrlarini bayon etapti.

Tojikiston poytaxti Dushanbedagi bu maktabda bolalar arab yozuvi asosidagi qadimiy fors-tojik alifbosini o‘rganishmoqda.

"Boshida o‘qish qiyin edi, lekin hozir yaxshi o‘qiy olyapman" - deydi Samiya bu alifbo haqida.

Uning sinfdoshi Muboriz esa o‘z fikrini qat’iyat bilan ta’kidlaydi.

"Qadimiy asarlarimizni o‘qiy olish uchun fors-tojik alifbosini o‘rganyapman" - deydi Muboriz.

Ajdodlar merosi

O‘quvchi qizlar.
Surat tagso‘zi, Rudakiy yo Hofiz asarlarini aslida o‘qish uchun arab yozubi asosidagi fors-tojik alifbosini o‘rganish kerak bo‘ladi.

Darhaqiqat, Tojikistonda arab yozuvi asosida qadimiy fors-tojik alifbosini o‘qitishning asosiy maqsadlaridan biri ham yosh avlodning o‘z qadimiy tarixi bilan uzilgan rishtalarini tiklashdir.

Prezident Rahmon ham ajdodlar alifbosini o‘qitishni kuchaytirish zarurligini yaqinda kamida ikki marotaba ta’kidladi.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Hozir Tojikistonda 7-8 sinf o‘quvchilari haftada ikki marta arab yozuvi asosidagi fors-tojik alifbosini o‘rganishlari mumkin.

"Men ajdodlarimiz alifbosini maktablarimizda 5-sinfdan boshlab o‘qitishni va uni 8-sinfgacha davom ettirishni istardim" - deydi muallima Xosiyat Ahmadova.

"Agar haftada uch soat bo‘lsa, yanada yaxshi. Ular 5-sinfdan to 8-sinfgacha o‘qisalar, yaxshiroq o‘rganishlari mumkin".

Ayni paytda, dars soatlarni ko‘paytirish bilan bir qatorda, darsliklar sifati masalasi ham e’tiborga molikligi aytiladi.

Rudakiy, Hofiz va Sa’diy kabi allomalar yozma va adabiy merosi aynan arab yozuvi asosidagi fors alifbosida bitilgan.

Biroq Tojikiston Sovet davrida kiritilgan Kiril alifbosini qo‘llashi tufayli, ko‘plab odamlar o‘z ajdodlari asarlarining asl nusxalarini o‘qiy olishmaydi.

Shuningdek, Eron va Afg‘onistonda hamon ayni alifbo qo‘llanadi.

Tojikistonliklar ular bilan fors-tojik tilida og‘zaki muloqot qila olishsa-da, ammo yozuvlar turlicha bo‘lgani sababli bir-birlarining yozuvlarini tushunishlari deyarli imkonsiz.

Tojikiston endi bu yozuvni yoshlarga o‘rgatish orqali ham tarix bilan, ham hamzabon qo‘shnilari bilan uzilgan alifbo rishtalarini tiklashi mumkin.

BBC
Men ajdodlarimiz alifbosini maktablarimizda 5-sinfdan boshlab o‘qitishni va uni 8-sinfgacha davom ettirishni istardim.
Xosiyat Ahmadova
Muallima

Butun mintaqa kechmishi

O‘tgan 20-asr boshlariga qadar Markaziy Osiyodagi xalqlar arab yozuvi asosidagi alifboni ishlatishgan.

O‘zbeklarning ham ko‘p asrlik merosi aynan arab yozuvi asosidagi alifboda bitilgan.

Navoiy, Bobur, Mashrab, Furqat, Nodirabegim kabi shoirlar asarlari, o‘z davrining boshqa muhim va tarixiy ahamiyatga molik bitiklari aynan shu alifboda yozilgan.

Biroq bugun u asarlarni faqat kam sonli odamlar yoki mutaxassislar o‘qiy olishadi.

O‘zbekistonda ham 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshida arab yozuvi asosidagi eski o‘zbek alifbosini o‘rganishga qiziqish paydo bo‘lgan, turli teledasturlar tayyorlangan, qo‘llanmalar chiqqandi.

Biroq keyinchalik ayni yozuvni o‘rganish targ‘iboti deyarli to‘xtadi.

O‘zbekiston Lotin alifbosiga o‘tdi va uning bir necha bor o‘zgarishi, yangi alifboga o‘tish jarayonining chorak asrdan ham ko‘proq vaqtga cho‘zilib ketishi tanqidlarga ham uchrab keladi.

Sinfxonadagi o‘qituvchi va o‘quvchilar.

Sovetlar bir asr oldin SSSRdagi aksar musulmon xalqlarning arab yozuvi asosidagi alifbolarini o‘zgartirishgan.

Avvaliga Lotin, keyinroq esa Kiril alifbolari joriy etilgan.

Mustaqillikka erishish ortidan Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston Kiril alifbosidan voz kechishga qaror qildilar.

Lekin ular endi yangi yozuv sifatida Lotin alifbosini tanlashdi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Markaziy Osiyo davlatlari bugun Kiril yoki Lotin yozuvini ishlatishsa-da, mintaqa xalqlarining Sovet chegaralaridan tashqarida yashagan ko‘p millionli qismi hamon arab yozuvi asosidagi alifbolarni qo‘llashadi.

Xususan, Afg‘oniston va Erondagi ozarbayjonlar, tojiklar, o‘zbeklar va turkmanlar hamon ushbu alifbodan foydalanadilar.

Shuningdek, Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur bo‘lgasidagi eng ko‘p sonli ikki turkiy millat vakillari - uyg‘urlar va qozoqlar ham arab yozuvi asosidagi alifboni ishlatadilar.

Shu asno, til, din, madaniyat va o‘zaro aloqalari tarixan o‘ta yaqin bo‘lgan bu xalqlar nafaqat siyosiy chegaralar bois, balki o‘zgartirilgan alifbolar tufayli ham bir-birlaridan hamda o‘z tarixiy meroslaridan uzoqlashganlari aytiladi.

Eslatma: Maqolada BBC Fors Xizmati jurnalisti Suhrob Ziyo videolavhasidan foydalanildi.