Markaziy Osiyo hukumatlari Ukrainadagi asirlar taqdiriga qiziqmaydimi? Video

Video tagso‘zi, Asirdagi o‘zbeklarni kim qutqaradi?
    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 8 daq
Adil Turduqulov asirdagi o‘zbekistonlik bilan suhbatlashmoqda.
Surat tagso‘zi, Adil Turduqulov 2022 yildan beri Ukrainadagi o‘nlab asirlar bilan suhbatlashdi.

Qirg‘izistonlik faol va siyosiy tahlilchi Adil Turduqulov 2022 yildan beri Ukrainaga bir necha bor safar qilib, Rossiya armiyasi safida jang qilgan va keyin Ukraina tomoniga asirga tushgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari bilan suhbatlashib keladi.

Yaqinda u asirlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar asosida tayyorlangan videolarning navbatdagi to‘plamini e’lon qildi. Bunisida ham qahramonlarning ko‘pi - o‘zbekistonliklar.

Biz Adil Turduqulov bilan Markaziy Osiyoliklarning nega urushga yollanayotgani, asirlar nima haqida gapirayotgani, ularning taqdiri va bu masalaga davlatlar qanday yondashayotgani haqida gaplashdik.

— Adil, siz oxirgi yillari Ukrainaga borib, u yerdagi jarayonlarni yaqindan kuzatib kelasiz. Bu safarlarning maqsadi nima va ular qachondan boshlandi?

— Biz 2022 yilda Rossiya to‘laqonli bostirib kirganidan beri har yili Ukrainaga boramiz. Dastlab Markaziy Osiyodan borib, u yerda muqim yashab qolgan diasporalar urush sharoitida qanday kun kechirayotgani haqida film suratga olganmiz. Bu Ukrainadagi voqealar bizga begona emasligi, ularning Markaziy Osiyo bilan ham bog‘liqligi borligini ko‘rsatishga urinish edi.

Adil Turduqulov Ukrainada asirda o‘tirgan o‘zbekistonliklarning biri bilan suhbatlashmoqda.
Surat tagso‘zi, "Asirlar orasida o‘z hukumatidan umidini uzib, endi Rossiya hukumatiga murojaat qilib, "Bizni qutqaringlar", deb so‘rayotganlar bor"- deydi Turduqulov.

— Ukrainadagi urush maydonlarini, u yerdagi muhit va odamlarning kayfiyatini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgan inson sifatida, bu jarayonlar Markaziy Osiyo mintaqasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylaysiz?

— Biz jurnalistikada ishlaganlar bilan raqobatlasha olmaymiz. Dunyo media vositalari u yerda urush qanday kechayotganini yetarlicha yoritib kelmoqda. Biz bunday maqsadni oldimizga qo‘ymaganmiz. Bizni Ukrainadagi kayfiyat, ukrainaliklarning ruhi va kuch-qudrati hayratga soladi. Chunki hech kim ularning besh yilga yaqin vaqt davomida yirik davlatga qarshilik ko‘rsata olishiga ishonmagan, buni tasavvur ham qilmagan edi.

Bu biz uchun ham muhim. Men bu haqda doim aytaman, ukrainalik harbiylar nafaqat o‘z davlatining mustaqilligi, balki butun sobiq sovet davlatlarining mustaqilligini saqlash uchun ham kurashmoqda, deb hisoblayman.

Ukrainaliklarning ko‘pchiligi "Biz Yevropani himoya qiluvchi qalqonga aylandik", deydi. Menimcha, bu biroz noto‘g‘ri. Chunki ular, birinchi navbatda, sobiq sovet mamlakatlarini himoya qilmoqda, deb o‘ylayman.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

— Markaziy Osiyo davlatlari bu mojaroda rasman betaraflik maqomini saqlab kelmoqda. Ammo amaldagi siyosat va fuqarolarning urushga jalb etilayotgani bu betaraflikka qanchalik mos keladi?

— Markaziy Osiyoning barcha davlatlari rasman betaraf pozitsiyada ekanini bildirsa-da, amaldagi siyosatda ular Kreml siyosatiga moyil bo‘lib, unga qaram ekanini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun, ayniqsa, mintaqa davlatlarining fuqarolik jamiyati va media vakillari sifatida u yerdagi voqealarni xolis yoritishga harakat qilishimiz kerak.

Chunki Rossiya mediasi voqealarni noto‘g‘ri nuqtai nazardan yoritayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shu sababli bunga qarshi ma’lumotlarni ham yetkazish va bu haqda gapirish bizning fuqarolik burchimiz, deb hisoblayman.

— Har yili Ukrainaga borib-qaytishda logistik muammolarga duch kelmaysizmi? Axir urush bo‘lyapti...

— 2022, 2023 va 2024 yillarda Ukrainaga Moldova orqali borardik. Urush boshlanganidan keyin Moldovaning ham siyosati o‘zgardi, u MDH kelishuvidan chiqib, Yevropa tomon yo‘nalish oldi. Biz uchun Moldovaga vizasiz borib, u orqali Ukrainaga kirish imkoniyati cheklandi.

Shuning uchun Yevropaga Shengen vizasini olib, Polsha orqali borishga majburmiz. Bu ancha uzoq yo‘lni bosib o‘tishni talab qiladi. Vaqtimizning ikki-uch kuni faqat yo‘lga ketadi. Qaytishda ham xuddi shunday.

Tahririyatdan: Adil Turduqulov e’lon qilayotgan video suhbatlarda asirlar intervyuni o‘z xohishi bilan berayotgani va uni media vositalarida e’lon qilishga roziligini tasdiqlashgan.

Ukraina prezident Vladimir Zelenskiy va jurnalist Adil Turduqulov.
Surat tagso‘zi, Adil Turduqulov 2024 yili Ukrainaga borganda prezident Zelenskiy bilan ham uchrashgan va Qirg‘izistondan olib borgan milliy tumor sovg‘a qilgan.

— Ukrainadagi, xususan Kievdagi kundalik hayot, urushning tinch aholi va shahar infratuzilmasiga ta’siri qanday ko‘rinmoqda?

— Rossiya media vositalari millatchilikka qarshi kurashayotganini aytadi. Ammo biz Ukrainada ukrainaliklar bilan rus tilida muloqot qilamiz. Ulardan hech qanday salbiy munosabatni ko‘rmadim.

Masalan, urushning dastlabki davrini, 2022 yilni hozirgi holat bilan taqqoslasak, o‘sha paytda u yerda rus tilida gaplashadiganlar ko‘p edi. Hozir esa Kievda asosan ukrain tilida so‘zlashishadi. Ukrain tilida yaxshi gapira olmaydiganlar ham shu tilni tanlab, unda muloqot qilishga harakat qilayotganini ko‘rdik. Bu ham urushning oqibatlaridan biri.

— Siz avgust oyida Kievga borganingizda shaharga havo hujumlari davom etayotgan edi. Bunday sharoitda safarga chiqish katta tavakkal emasmidi, xavfsizlik choralariga qanchalik amal qildingiz?

— U yerga borgan chet ellik jurnalistlar yoki boshqa mutahassislarni qo‘ying, mahalliy aholi ham qachon va nima sodir bo‘lishini bilmaydi. Har kim kutilmaganda jarohat olishi yoki halok bo‘lishi ham mumkin. Chunki qayerga va qachon hujum bo‘lishini oldindan bilmaysiz.

Men avgust oyida borganimda Kievda turar joy binosiga bomba tushib, oddiy odamlar halok bo‘lganiga guvoh bo‘ldik. U yerda hech qanday harbiy ob’ekt yo‘q edi.

Tahririyatdan: Ukraina hukumatiga qarashli "Yashashni istayman" loyihasi surishtiruvlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi safida Ukrainadagi urushga borgan Markaziy Osiyoliklar soni 2026 yil oktyabr holatiga ko‘ra 20 ming 437 kishini tashkil etdi.

Ularning 8 ming 200 nafardan ortig‘i o‘zbekistonliklar. Ya’ni urushga borgani aniqlangan Markaziy Osiyo fuqarolarining qariyb 40 foizi O‘zbekistondan.

Bu raqamlar Ukraina hukumatiga qarashli "Yashashni istayman" loyihasi bayonotida keltirilgan. Mintaqadagi hech bir davlat, jumladan O‘zbekiston hukumati ham bu borada rasmiy statistika e’lon qilmagan.

— Rasmiy raqamlardan tashqari, urushda qatnashayotgan markaziy osiyoliklarning real soni haqida nima deya olasiz va bu odamlarni urushga chorlayotgan asosiy safsatalar yoki sabablar nimalardan iborat?

— Ularning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomonida urushda qatnashgan Markaziy osiyoliklar soni 13 mingga yetgan. Ammo menimcha, ularning haqiqiy soni rasmiy hisobotdagidan ko‘p.

Buning sabablari tushunarli. Fuqarolarimizga katta pul taklif qilinmoqda. Hatto umri davomida ko‘rmagan miqdordagi mablag‘ni va’da qilishgani uchun urushga ketayotganlarni ko‘rdik.

Ikkinchi sabab - Rossiya fuqaroligini olish istagi. Shuningdek, giyohvand moddalar bilan qo‘lga tushgan yoki turli sabablarga ko‘ra qamoqqa olinganlar ham bor. Ular o‘n yil qamoqda o‘tirgandan ko‘ra, bir yil urushga borib kelishni ma’qul ko‘rib, shartnoma imzolashmoqda.

Bizning fuqarolarimiz turli tuzoqlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sababli ham qo‘lga olinib, majburan urushga yuborilayotganini ko‘ryapmiz.

Mehnat muhojirlari urushga jalb etilayotgan eng himoyasiz qatlam hisoblanadi. Bundan tashqari, Rossiya tarkibidagi respublikalarda yashovchi kichik millat vakillarini ham urushga olib ketayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Masalan, asirga tushganlar orasida buryatlar ham ko‘p.

Tahririyatdan: Rossiya tomoni Ukrainada jang qilgan yoki asirga tushgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari soni hamda ularning taqdiri haqida odatta izoh bermaydi.

"Yashashni istayman" loyihasi asirlar o‘rtasida so‘rov ham o‘tkazgan. Unda shartnoma imzolash sabablari haqidagi javoblarning 32 foizi Rossiya fuqaroligini olish istagi, 20 foizi qamoqdan chiqish yoki jinoiy ta’qibdan qochish, 10 foizi esa pul ishlash bilan bog‘liq bo‘lgan.

Adil Turduqilov
BBC
Asirlar bilan suhbatlar yozdirilgan önlab videolarni e’lon qilganimiz bilan mintaqadagi birorta davlat organi yoki rasmiylari biz bilan uçrashib, gaplaşgani yöq.
Adil Turduqulov, siyosiy tahlilçi
Batafsil: bbc.com/uzbek

— Frontga borgan migrantlar ularga va’da qilingan sharoitlar yoki vaziyat bo‘yicha nima deyishadi?

— Urushga borganidan keyin va’dalar bajarilmaganini asirlar bizga aytib berishdi. Hatto kiyim-kechak va ayrim texnik vositalarni ham o‘z hisobidan sotib olishlarini aytishdi.

Ularning ta’kidlashicha, "go‘shtli hujum" deb ataladigan birinchi hujumga bizning yurtdoshlarimizni yuborishar ekan. Buning sababi shundaki, Rossiya hukumati biznikilar uchun javobgarlikni his qilmaydi. Chunki ular Rossiya fuqarolari emas.

Bizga ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. "Qarindoshim yoki turmush o‘rtog‘im urushga ketgan edi, undan darak yo‘q", deb aytishadi. Biz ularning ismlarini asirlar saqlanayotgan lagerlardagi ro‘yxatlar bilan solishtirib ko‘ramiz, ammo ularni u yerdan topa olmaymiz. Demak, ular halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilishimiz mumkin. Chunki ular asirlikda emas.

Tahriryatdan: BBC va "Mediazona"ning Rosstat bazasidan olingan ma’lumotlarni o‘rganishi natijasida aniqlandiki, Ukrainadagi urush boshlanganidan beri kamida 490 334 nafar rossiyalik askar va Rossiya tarafida jang qilgan 7421 nafar chet ellik halok bo‘lgan. Bu ma’lumotlar "Kiberpartizanы BY" va Silent Crow xakerlari (Rossiyada taqiqlangan guruhlar) Rosstat tizimiga hujum qilganidan so‘ng tarqalib ketgan. Rosstat hujum bo‘lganini tan olgan, lekin ma’lumotlar o‘g‘irlanganini inkor etmoqda. Halok bo‘lgan chet elliklar orasida eng ko‘pi O‘zbekiston (1031 kishi) va Tojikiston (720 kishi) fuqarolari ekani aytiladi.

— Siz suhbatlashgan asirlar urushga borganiga pushaymonlik his qilishadimi?

— Ularda pushaymonlik hissi bor. Men suhbatlashganlar: "Bizni hech qanday tayyorgarliksiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri oldingi safga, jangga tashlashdi. Bu yerda kinolarda ko‘rsatilganidek urush emas ekan. Dushmanni ham ko‘rmaysiz. Dronlar orqali qaerda ekaningizni aniqlashadi va yoki o‘ldirib yo‘q qilishadi, yoki asirga olishadi", deyishadi.

— Yana boshidagi savolni beraman. Ular bilan uchrashish, suhbat qurish va bu suhbatlarning videosini e’lon qilish orqali qanday maqsadni ko‘zlayapsiz?

— Biz bu ishni nima uchun qilyapmiz? Hukumatlarni "uyg‘otishni" istaymiz. Ushbu urush orqali milliy va mintaqaviy xavfsizligimizga tahdid solayotgan holatlarga qarshi chora ko‘rishga undamoqchimiz. Ammo afsuski, asirlar bilan suhbatlar yozdirilgan o‘nlab videolarni e’lon qilganimiz bilan mintaqadagi birorta davlat organi yoki rasmiylari biz bilan uchrashib, gaplashgani yo‘q. Hukumatlar o‘z fuqarolarining taqdiriga qiziqar, biz orqali balki ma’lumot olishar deb o‘ylagandik...

Adil Turduqulov va Bulat Satarqulov chemodanlar bilan yo‘l bo‘yida, oq mashina oldida turibdilar.
Surat tagso‘zi, Adil Turduqulov hamkasbi Bulat Satarqulov bilan Kievga otlanmoqda. 2024 yilning may oyi.

Tahririyatdan: BBC masala yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga so‘rov yuborgan, hozircha javob kelmagan. 2025 yil aprel oyida Ukraina Rossiya armiyasi safida jang qilgan yoki jang qilayotgani aytilgan mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosining ro‘yxatini e’lon qilgan edi. O‘shanda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan tekshirilayotganini, ular tasdiqlansa, tegishli choralar ko‘rilishini bildirgan.

— Bir necha bor Ukrainaga bordingiz va asirlar bilan gaplashdingiz. Ularning kayfiyatida yillar oralig‘ida o‘zgarish seziladimi?

— Asirlar bilan uchrashishga uch marta bordim. Oxirgi marta shu yili avgustda borganimda bir narsani payqadim, ularda charchoq va befarqlik paydo bo‘lgandek. Chunki o‘z davlatlari ular bilan qiziqmayapti, ular bilan muloqot qilishga ham harakat qilmayapti.

Shuning uchun ular orasida umidini uzib, endi Rossiya hukumatiga murojaat qilib, "Bizni qutqaringlar", deb so‘rayotganlar bor. Ammo bu hech qanday natija bermayapti. Chunki Rossiya hukumati asirlar almashinuvidan manfaatdor bo‘lsa ham, birinchi navbatda o‘z fuqarolarini qaytarib olish harakatida.

Yana bir achinarli holat bor, Markaziy Osiyo davlatlarining rasmiy vakillari asirlarni muvofiqlashtirish shtabiga borib, o‘z fuqarolarini vatanga qaytarish uchun yetarlicha harakat qilayotganini ko‘rmayapmiz.

"Yashashni istayman" loyihasining tadqiqotiga ko‘ra, Afrika davlatlari, Kuba va Hindistonning diplomatlari asirlar lageriga borib, o‘z fuqarolarini qaytarish uchun harakat qilayotgan ekan. Ammo bizning davlatlarimiz bu masalaga befarq munosabatda bo‘lmoqda.

Holbuki, Ukrainada Markaziy Osiyoning barcha davlatlari elchixonalari mavjud. Nima uchun ular hech qanday harakat qilmayotgani men uchun jumboq. Menimcha, yuqori hokimiyatdan "Fuqarolarimizni qutqaringlar", degan topshiriq yo‘q. Bu borada siyosiy iroda yetishmayotgandek.

Skip Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzating and continue readingIjtimoiy tarmoqlarda bizni kuzating

End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzating

— Sizga asirlar bilan qirg‘iz, o‘zbek, rus tillarida, ya’ni ularga qaysi til qulay bo‘lsa, o‘sha tilda muloqot qilasiz. Ukraina tomoni bunga qanday qaraydi?

— Men urush boshlanganidan beri Rossiyaning tajovuzkorligini ochiq tanqid qilib kelyapman. Buni ukrainaliklar bilishadi. Shuning uchun ham mening u yerga borib, asirlar bilan suhbatlashishim uchun sharoit yaratib berishyapti. Asosan Ukrainaning Qirg‘izistondagi elchixonasi bilan hamkorlik qilamiz.

Asirlar bilan o‘z tilimizda gaplashamiz. Bizni kuzatib turgan ukrainalik harbiylar o‘zbek tilini ham, qirg‘iz tilini ham bilishmaydi. Ular bizga ishongani uchun shunday imkoniyat yaratib berishdi. Ammo albatta, suhbat davomida lager nazoratchilari yonimizda bo‘lishadi.

— Lagerlar qaerlarda joylashgan?

— Bu xaqda ma’lumot bera olmayman. Lekin ular Ukrainaning bir necha joyida bor.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Tahririyatdan: 2026 yilning boshida BBC muxbiri suhbatlashgan, ismi-sharifini oshkor qilishni istamagan qashqadaryolik ona o‘g‘li Rossiyadan Ukrainaga aldov yo‘li bilan yuborilganini aytgan. Hukumatga yo‘llangan murojaatlardan so‘ng uning o‘g‘li O‘zbekistonga qaytarilgan. Ammo u asirlar lageridan emas, urush maydonidan olib kelingan.

Qirg‘iziston hukumati ham kamida ikki nafar fuqarosini urush hududidan olib chiqqanini ma’lum qilgan.

Rossiya armiyasi safida Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ayrim fuqarolar sudlangan.