Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
O‘zbekiston: Shahrixonlik tadbirkorlar nimadan norozilar? Video
Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi kichik sanoat zonasida faoliyat yuritadigan 38 tadbirkor bahsli ishni sudda yutib chiqqanlariga qaramasdan, biznes joylaridan ayrilishlari mumkin.
Shahrixon tumanidagi "Yangi Vahim"da 2021 yili ish boshlagan va bugun muammoga duch kelgan tadbirkorlar Bi-bi-si O‘zbek tahririyatiga murojaat qildilar.
Tadbirkorlarning aytishlaricha, 2021 yili Shahrixon hokimligi tashkil qilgan "Yangi Vahim"dagi "Yoshlar kichik sanoat zonasi"ga jalb qilinganlar.
Ularga "tezda qurilish boshlab, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yinglar" deb aytishgan.
Yosh tadbirkorlarning aytishlaricha, kichik sanoat zonasidagi ishga o‘z mablag‘larini tikkanlar, kreditlar olganlar, ishlab chiqarishni boshlaganlar, yangi ish o‘rinlari paydo qilganlar.
Yangi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayotgani, yangi ish o‘rinlari barpo etilayotgani xabarlarini Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati, mahalliy matbuot ham bir necha marta e’lon qilgan.
"Bizga ishlang, quring, ish o‘rinlari yarating deyildi — ishladik. Yer va hujjat masalasini hal qilinglar dedik — besh yil kutdik. Muammoni hal qilish o‘rniga esa tadbirkorga jarima qo‘llandi", deyishadi shahrixonlik tadbirkorlar.
Tadbirkorlarga, "kichik sanoat zonasining yeri qishloq xo‘jaligi yeri, shu sababdan bu yerdagi bizneslarni hujjatlashtirish mumkin emas", deb aytib kelishgan.
Endi esa, tadbirkorlarga ko‘ra, bu qurilishlar noqonuniy deb baholanib, ishlari rivojlanib qolgan tadbirkorlarni binolardan siqib chiqarish maqsadidagi bosimlar boshlangan.
Shahrixonlik tadbirkorlar so‘zlariga ko‘ra, muammo 2026 yil boshidan boshlangan.
Qurilish nazorat inspektsiyasi "noto‘g‘ri qurilish qilgansan" deb 38 tadbirkorning har birini 82 million so‘mdan jarimaga tortgan.
Tadbirkorlar sudga murojaat qiladilar.
2026 yil 8 iyul kuni sud Qurilish inspektsiyasi tomonidan qo‘llangan jarimani bekor qiladi, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun yana inspektsiyaga qaytaradi.
Ammo, tadbirkorlar aytishlaricha, qurilish nazorati idorasi 30 iyul kuni yana jarima rasmiylashtiradi.
Shahrixonlik tadbirkorlar qator mas’ul idoralarga murojaat qilganlar.
Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlarning muammolarini hal etishda yordam so‘rab O‘zbekiston Prezidenti adminstratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga murojaati ham tarqalgan.
2021 yili butun O‘zbekiston bo‘ylab yoshlar kichik sanoat zonalarini barpo etish boshlangan, bu zonalar Andijon viloyatida 11 ming yangi ish o‘rinlari barpo etadi, deb xabar berilgan.
Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning o‘zi Shahrixon kichik sanoat zonasidagi tadbirkorlar bilan bir necha marta uchrashgan.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati tadbirkorlarning muammosi yuzasidan Andijon viloyati hokimligi, Shahrixon tuman hokimligiga murojaat qildi.