Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Surrogat onalik: Qirg‘iziston xorijliklar uchun cheklov qo‘ymoqchi, O‘zbekistonda esa huquqiy noaniqlik saqlanmoqda
Markaziy Osiyo davlatlari surrogat onalikka turlicha yondashmoqda. Qirg‘iziston hokimiyati xorijliklarning surrogat onalik xizmatidan foydalanishini cheklashni taklif qilmoqda. O‘zbekistonda esa bu soha haligacha alohida qonun bilan tartibga solinmagan.
Bu holat surrogat onalik, ayollar huquqlari, chet davlatlarga borib, tibbiy xizmat olish va davlat nazorati haqidagi bahslarni yana kuchaytirdi.
Ukrainadan Gruziyaga ko‘chgan surrogat onalar
Ukrainadagi urush surrogat onalar bozorini Gruziyaga ko‘chirdi. Gruziyada surrogat ona bo‘lganlarning 70 foizini esa markaziy osiyolik ayollar tashkil qiladi. Bu haqda BBC bilan muloqotda Growing Families xalqaro harakati ma’lum qildi.
Ushbu yashirin bozorda yuzlab, balki minglab ayollar daromad topadi. Biroq jamiyatda bu holatning etik tomoni va uning biznesga aylanib borayotgani haqida dilemmali savollar ko‘p.
Qirg‘izistonlik yosh kelin Aida Gruziyadagi xususiy klinikalardan birida surrogat ona bo‘lgan.
"Kerak bo‘lsa, biz tug‘ib beradigan bolaning ota-onasini ham ko‘rmaymiz. Biz o‘zimizni faqat ijaraga beramiz. Biz bilan faqat kurator ishlaydi. Ota-onasini (tahr. - mijozlarni) ko‘rmaymiz, hech kim bilan yurmaymiz ham. Bachadonni ijaraga berib, ota-onalarga baxt hadya etamiz."
37 yoshli Aidani o‘zining ikki o‘g‘li bor, eri bilan ajrashib ketgani sababli bolalarini yolg‘iz tarbiyalaydi. Ishsizlik, qimmatchilik sharoitida u surrogat ona bo‘lishga ahd qilgan. Biroq bunday yo‘l bilan pul topayotganini u yaqinlaridan ham sir tutib keladi.
BBC: Yaqinlaringiz biladimi?
Aida: "Onam, opam, singlim biladi. Aka-ukalarimga Yevropaga ishlagani ketdim, deb aytganman".
BBC: To‘lanadigan pul qancha?
Aida: "16 ming (AQSh dollari - tahririyat). Bundan tashqari, har oy 400 dollar berishadi. Qornimiz kattalashganda kiyim uchun 300 dollar berishadi".
Markaziy Osiyoda, xususan, Qirg‘izistonda ishlaydigan ayrim dasturlarda surrogat onaga to‘lanadigan gonorar bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, kelishilgan mablag‘ni ololmay qolganlar ham bo‘ladi.
Loyihada nima taklif qilinmoqda?
Qirg‘izistonda surrogat onalikka ruxsat bor, u "Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi qonunning 104-moddasi bilan tartibga solinadi. Unda sun’iy urug‘lantirish, xususan, surrogat onalik to‘g‘risidagi me’yorlar yozilgan.
Shunga qaramay, Jogorku Keneshning ikki deputati Chingiz Ajibaev va Bolot Ibragimov chet el fuqarolarining qirg‘iz ayollaridan surrogat ona sifatida foydalanishiga cheklov qo‘yuvchi qonun loyihasini ishlab chiqishdi va u jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Undagi o‘zgartirishlarga muvofiq, "Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi qonunga faqat birgina abzats qo‘shilmoqda.
"Qirg‘iziston Respublikasi hududida surrogat onalik to‘g‘risidagi shartnoma faqat Qirg‘iziston fuqarolari uchun ochiqdir. Agar Qirg‘iziston fuqarosi chet el fuqarosi bilan rasmiy nikohda bo‘lsa, u holda u surrogat onalik xizmatidan foydalana oladi", deyiladi unda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasiga berilgan asosnomada o‘zgartirishlardan maqsad ayollar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, surrogat onalikni tijoratlashtirishga yo‘l qo‘ymaslik va bu xizmatdan Qirg‘iziston fuqarolari foydalanishi uchun huquqiy sharoit yaratish ekanligi aytiladi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, hozirgi qonunlar chet el fuqarolariga Qirg‘izistondagi surrogat onalar xizmatidan foydalanishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlamaydi. Buning oqibatida ayollar va bolalarning huquqlari buzilishi mumkin, deb hisoblashadi ular.
"Millat kelajagi sog‘lom onalarda ekanligi shubhasiz. Biz kelajakni o‘ylab, qirg‘iz ayollariga g‘amxo‘rlik qilib, ularning sog‘lig‘iga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Hozirda Qirg‘iziston chet elliklarning "surrogat onalar markaziga" aylanib bormoqda. Bu sohada olib borilayotgan ishlar maxfiy bo‘lgani sababli, statistik ma’lumotlar jamoatchilikka noma’lum. Surrogat ona bo‘lgan ayol eng birinchi navbatda katta ma’naviy-ruhiy zarbaga uchraydi, sog‘lig‘iga putur yetadi", deyiladi bu haqdagi ma’lumotnomada.
Deputatlar bunga qadar qator mamlakatlar chet el fuqarolariga surrogat ona xizmatidan foydalanishni cheklovchi qonunlarni qabul qilganini vaj qilib keltirishmoqda. Masalan, Rossiya 2022 yilda chet el fuqarolariga surrogat ona xizmatidan foydalanishni taqiqlagan. Rossiya bunday xizmatdan faqat nikohda bo‘lgan er-xotinlar, yolg‘iz ayollar va bepusht juftliklargina foydalana oladigan me’yor kiritgan.
Jogorku Kenesh deputati Chingiz Ajibaev so‘nggi paytlarda "Qirg‘iziston surrogat onalar markaziga" aylanib borayotgandek taassurot uyg‘otayotganidan xavotir bildirdi:
"Qirg‘iziston surrogat onalar markaziga aylanib bormoqda, deb aytishga to‘la asos bor. Chunki, internet manbalari orqali surrogat onalik bo‘yicha qidiruv bersangiz, birinchi bo‘lib Qirg‘iziston tavsiya etiladi. Bundan tashqari, bu yo‘nalishda o‘ntaga yaqin klinika, o‘ndan ortiq agentliklar ish olib borayotganini bildik. Ayrim xalqaro kompaniyalar Qirg‘iziston klinikalari bilan vaqtinchalik yoki masofadan turib shartnoma tuzib ishlayotgan ekan. Shuning uchun biz bunday holatni to‘xtatishni taklif qilmoqdamiz".
Qo‘shni Qozog‘istonda esa bunday me’yor joriy yilning 26 iyulida kuchga kirdi, unga ko‘ra, surrogat ona xizmatidan faqat qozoq fuqarolari foydalana oladi. Eri yoki xotini boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa, ruxsat yo‘q.
"Bizda tegishli qonun aralash oilalarga bir oz qiyinchilik tug‘dirmoqda. Chet ellik mijozlar bizda boshidan unchalik ko‘p bo‘lmagan. Mening markazimga yiliga o‘rtacha 5-10 ta chet ellik oila murojaat qilar edi" - ma’lum qildi Qozog‘istonda surrogat onalar bilan ishlaydigan "Bolashak" markazi direktori Damira Shokan.
"Ularning 80 foizga yaqini Qozog‘iston fuqarolari bilan aralash nikohda bo‘lgan juftliklar edi. Endi ularga qiyin bo‘ldi. Qozog‘istonda yolg‘iz ayollarga ham surrogat ona bo‘lish taqiqlandi".
Qirg‘izistonda esa Qozog‘istondan farqli o‘laroq, er-xotindan biri chet el fuqarosi bo‘lsa, surrogat onalikka ruxsat berish taklif qilinmoqda.
Qonun qo‘llab-quvvatlansa, qanday ishlaydi?
Markaziy Osiyoda jamiyat konservativ qadriyatlar hamon kuchli.
Mahalliy aholining 80 foizdan ortig‘i islom diniga e’tiqod qiladi.
Surrogat onalik musulmonchilikda harom hisoblanadi.
Qirg‘izistonda surrogat ona xizmatidan foydalanish 2005 yildan boshlangan. Hozirda mamlakatda o‘nlab vositachi kompaniyalar ish olib boradi, ular qirg‘iz surrogat onalari va chet el fuqarolarini uchrashtirib, o‘rtada daromad ko‘rishadi. Ulardan biri bo‘lgan Lifegift kompaniyasi BBC savollariga javob berarkan, surrogat onalarga bog‘liq yangi qonun loyihasi bo‘yicha izoh berdi.
"Bizning fikrimizcha, bunda qirg‘izistonlik surrogat onalarning manfaatlarini ham hisobga olish kerak. Ko‘pchilik ayollar bunga o‘z xohishi bilan boradi. Surrogat ona bo‘lishdan oldin ular tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi, shifokor va yuristlardan ehtimoliy xavf-xatarlar haqida maslahat olishadi. Agar yangi cheklovlar kiritilsa, mamlakatda ish olib borayotgan bunday dasturlar ancha qisqaradi".
Lifegift kompaniyasi mamlakatda endigina ish boshlaganini aytmoqda. Shu sababli yangi qonun qabul qilinsa, uning ta’siri qanday bo‘ladi, deb tashvishlanmoqda. Yangi qonun loyihasida esa ko‘plab savollar ochiq qolmoqda.
"Qonun loyihasi qabul qilinsa, barcha chet el fuqarolariga taqiq qo‘yiladimi yoki qaysidir toifadagi odamlargami? Oldin boshlangan ishlarga qonunning ta’siri qanday bo‘ladi? Homilador bo‘lgan surrogat onalarimiz nima bo‘ladi? Qonun qabul qilinsa, uni amalga oshirishda shularni hisobga oluvchi o‘tish davri ko‘zda tutiladimi? Taqiqlarga qaramay surrogat onalik xizmatini ko‘rsatishda davom etgan agentlik yoki klinikalarga qanday choralar ko‘riladi?" - savol qo‘yadi Lifegift kompaniyasi direktori.
Qonun loyihasi tashabbuskorlaridan biri, deputat Chingiz Ajibaev bu BBC savollariga shunday javob berdi:
"Qonun qabul qilinsa, surrogat onalik bo‘yicha bungacha tuzilgan shartnomalar bo‘lsa, ular oxiriga yetkaziladi. Biroq bundan buyon arizalar qabul qilinmaydi".
Yana bir surrogat ona, 32 yoshli Mahabat - uch bolaning onasi. U bungacha Gruziyada ikki marta surrogat ona bo‘lgan.
"Qirg‘izistonda eri yo‘q, qiyinchilikda yashayotgan ayollar ishlab ham unchalik ko‘p pul topa olmaydi. Bu beva ayollar uchun imkoniyat. Bir tomondan , farzandli bo‘la olmayotganlarga yordam berasan, ikkinchi tomondan, pul topasan. Men bu dastur haqida besh yil oldin eshitganman. U paytda hammasi yashirin edi. O‘zim o‘rganib chiqdim. Keyin Instagramda reklamasi chiqib qoldi. "Balki, bu mening imkoniyatimdir" deb yozdim. Darhol javob berishdi".
Mahabat surrogat ona bo‘lib topgan daromadiga kichik biznes ochib olganini, hozir oilasini yaxshi boqib, ota-onasiga ham yordam berayotganini va sharoiti o‘nglanib qolganini aytmoqda.
"Surrogat ona bo‘lmasam bo‘larkan"
Biroq bu sohada muammolar ham talaygina. Bungacha ayrim surrogat onalar shartnomadagi pulini ololmay aldanganini va sog‘lig‘iga zarar yetganini aytib chiqishgan. Masalan, Jogorku Kenesh deputati Dastan Bekeshovga bungacha shunday aro yo‘lda qolgan xotin-qizlardan shikoyatlar kelib tushgan.
"Men surrogat onalik butunlay taqiqlansin deganim yo‘q. Biroq bu sohadagi choralarni qat’iylashtirish kerak. Aks holda, masalan, Eron yoki Xitoy fuqarolari Bishkekka keladi-da, surrogat onani topib, homila o‘tqazilganidan so‘ng notariusga borib, hujjat ishlarini bitirishadi. Bizning xotin-qizlarimiz Gruziyaga borib, u yerda o‘z holicha shartnoma tuzishadi. Hech qanday tartibga solish degan narsa yo‘q. Sog‘liqlariga qanday zarar yetyapti, buni o‘ylaydigan odam yo‘q. Ularni aldab ketgan holatlar ham bor. Masalan, homilador bo‘la olmasa yoki homila rivojlanmay qolsa, bir tiyin ham berishmas ekan. Foydalanib bo‘lib, vataniga jo‘natib yuborishadi".
Deputat surrogat onalikni tijoratlashtirishda faqat ayollar emas, chaqaloqlar ham jabr ko‘rayotganiga e’tibor qaratadi.
"Tug‘ib bergan bolalarini keyinchalik boshqa davlatlarga olib ketishadi. Ularning keyingi taqdiri qanday bo‘ladi, bu noma’lum. U bola bizning fuqaromiz emasligini, narigi ayolning biologik bolasi emasligini tushunaman. Biroq biz bola sotishga ko‘maklashgan bo‘lib qolmayapmizmi? Shuning uchun bunday masalada ehtiyotkorlik kerak. Shu sababli qoidalarni qat’iylashtirish zarur" - deydi Dastan Bekeshov.
Deputatning aytishicha, shaxsan unga bir nechta surrogat onadan shikoyatlar kelib tushgan.
Deputat Chingiz Ajibaev esa "surrogat ona bo‘lish hayotimda qora dog‘ qoldirdi" deb murojaat qilgan ayolning hikoyasini aytib berdi.
"Bola tug‘ib, uni birovga tutqazib qo‘yish juda qiyin ekan. Bolamni chirqiratib olib ketib qolishdi. 20 ming dollarga kelishgan edim, pulini maydalab, yalintirib yurib berdi. Puli ham yuqmadi. Stress, depressiya bo‘lib qiynaldim. Hozir eslasam ham yuragim og‘riydi. Hayotimda qora dog‘ qoldirdi. Surrogat ona bo‘lmay qo‘ya qolsam bo‘larkan", deb menga bir ona murojaat qildi" - dedi qonun loyihasi muallifi Chingiz Ajibaev.
"Takliflarga ochiqmiz"
Chingiz Ajibaevning fikricha, yangi qonun orqali bola sotishni to‘xtatish, chaqaloqlarni bir jinsli juftliklarga berishdan yoki organlarini sotishdan himoya qilish va surrogat ona institutini faqat Qirg‘iziston fuqarolari uchungina mumkin bo‘ladigan holga keltirishga harakat qilinmoqda.
Shu bilan birga, surrogat ona bo‘lib mablag‘ topaman deganlar daromaddan quruq qolmaydimi, degan savolni o‘rtaga tashlayotganlar ham yo‘q emas. Bunga deputat Chingiz Ajibaevning javobi bor:
"Biz mutaxassislar bilan gaplashganimizda, surrogat ona bo‘lib farovonlikka erishgan ayol yo‘qligini aytishdi. Ular birinchi navbatda psixologik jihatdan jabr ko‘rib, sog‘lig‘idan ayrilar ekan. Topgan bir oz pulini vaqtinchalik ishlatgani bilan, vaqt o‘tgandan keyin undan ham ko‘p mablag‘ sarflab ham sog‘lig‘ini tiklay olmaydi, deb ishonaman. Umuman olganda, surrogat ona bo‘lib daromad topish va buni kasb qilish noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. Pulga qiziqib, vaqtinchalik moliyaviy ehtiyojini qondirgani bilan, kelajakda o‘ziga albatta zararini tegizadi. Shuning uchun biz mana shu o‘zgartirishlarni taklif qilyapmiz. Shuningdek, barcha taklif va fikrlarga ochiqmiz".
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Mazkur qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga 10 avgust kunigina qo‘yildi. Jogorku Kenesh saytiga joylashtirilgan hujjatga hozirgacha faqat ikkitagina taklif va fikr kelib tushdi.
Ulan Duulatov ismli fuqaro surrogat onalar xizmatidan chet elliklarning foydalanishini to‘liq taqiqlash taklifi muammoni hal qilmaydi, degan fikrda. "Buning o‘rniga surrogat onalarni himoya qilishni kuchaytirish, agentliklar va klinikalar ustidan nazoratni kuchaytirish, shartnomalarni aniqlashtirish, tibbiy va yuridik kafolatlarni ta’minlash kerak" - deydi u.
Gulqayir Qubanichbekova ismli ayol ham taqiq bu bozorni yashirin shaklga o‘tishiga turtki bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Uning fikricha, buning o‘rniga surrogat onalarning huquqini himoya qilish uchun namunaviy shartnomalarni, to‘lovlarning kafolatini, tibbiy standartlarni va davlat reestrini yaratish hamda ta’minlash ko‘proq samara berar edi.
O‘zbekistonda vaziyat qanday?
O‘zbekistonda surrogat onalikni taqiqlovchi ham, unga rasman ruxsat beruvchi ham alohida qonun yo‘q.
2019 yilda qabul qilingan "Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida"gi qonun yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibini belgilaydi. Unda EKO, kontratseptsiya va boshqa masalalar haqida so‘z yuritiladi.
Biroq qonun matnida "surrogat onalik" atamasi umuman uchramaydi. Unga ta’rif ham berilmagan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yilda tasdiqlangan tegishli nizomida ham asosan EKO, donorlik tuxum hujayralari va sperma, embrionlarni saqlash kabi jarayonlar tartibga solingan. Surrogat ona ishtirokidagi dasturlar esa alohida yoritilmagan.
Oila kodeksi nima deydi?
Shu bilan birga, O‘zbekiston Oila kodeksining 207-moddasida surrogat onalik bilan bog‘liq holatlar bilvosita tilga olingan.
Unga ko‘ra, agar er-xotin boshqa ayolga embrion ko‘chirishga yozma rozilik bergan bo‘lsa, ular bolaning rasmiy ota-onasi sifatida faqat bolani tuqqan ayolning roziligi bilan qayd etilishi mumkin.
Bu norma surrogat onalik holatlari amalda bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Ammo uni qanday tartibda amalga oshirish mumkinligi, tomonlarning huquq va majburiyatlari qanday bo‘lishi kerakligi haqida qonunchilikda aniq qoidalar yo‘q.
Oila kodeksiga berilgan ilmiy-amaliy sharhda ham O‘zbekiston qonunchiligida surrogat onalik tushunchasi alohida ta’riflanmagani va bu sohani tartibga soluvchi maxsus shartnoma normalari mavjud emasligi qayd etilgan.