Bu sir bo‘lishi kerakmi? Prezident Mirziyoyev yangi AES qurilishi haqidagi «sir»ini ochdi

Published
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Urganchda tadbikorlar bilan uchrashar ekan, mamlakatda ikkinchi atom elektr stantsiyasining ham qurilishi haqidagi rejalar haqida gapirdi.

"Jonajon vatanimizning 35 yilligida o‘zingiz ko‘ryapsiz qanday-qanday islohotlar amalga oshiryapmiz, qanday loyihalar amalga oshiryapmiz. Jizzaxda atom elektr stantsiyasi qurilayotganini bilasiz. Biz tasavvur qilganmizmi, qachonlardir bu atom elektr stantsiyasi O‘zbekistonda bo‘ladi deb. Men sizlarga bugun bir sirni aytmoqchiman. Yaqinda ikkinchi stantsiya bo‘yicha ham katta tayyorgarlik qilyapmiz", - dedi prezident.

Ikkinchi AESning qaerda va kim tomonidan qurilishi, hamda uning quvvati qanday bo‘lishi haqida prezident, yoki avvalroq O‘zatom, ma’lumot berishmagan.

O‘zatom rahbari Azim Ahmedxo‘jaev ham ikkinchi AES qurilishi ehtimoli haqida o‘tgan yil dekabrida gapirgan, ammo aniq rejalarni taqdim qilmagandi.

O‘zbekiston 2024 yilda Rossiya davlatiga tegishli Rosatom bilan kichik quvvatli atom elektr stantsiyasi qurish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Keyin loyiha kengaytirilib, ikkita VVER-1000 (1000 MVtdan) va 2 ta RITM-200N (55 MVtdan) reaktordan iborat integratsiyalashgan stantsiyaga aylantirilgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

2026 yil 5 iyunida esa Mirziyoyev va Putin ishtirokida stantsiyaning birinchi energobloki qurilishiga rasman start berilgan.

Bu loyiha 9,5 milliard dollarga baholangan.

Ammo, misol uchun, qo‘shni Qozog‘iston bilan solishtirilsa, O‘zbekistondagi AES qurilishi loyihasiga Rosatom tender tanlovi asosida tanlanmagan. Qozog‘istonda birinchi AES uchun Rossiya, Xitoy, Frantsiya va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan raqobat muhokama qilingan. Muhokamalar yakunida 2025 yilda Rosatom birinchi AES qurilishida xalqaro konsortsium rahbari sifatida tanlangan.

2026 yil mayida Qozog‘iston va Rossiya $16,5 mlrdlik birinchi AES qurilishi kelishuvini imzoladi. Qozog‘iston tomonining ma’lumotiga ko‘ra, Rosatom raqiblar — CNNC, EDF va KHNP — ichida ustun kelgan.

Undan tashqari, O‘zbekistonda, yana Qozog‘iston bilan qiyoslansa, AES qurilishi haqida xalq fikri so‘ralmagan. Qozog‘istonda 2024 yil 6 oktyabrida o‘tkazilgan referendumda «Qozog‘istonda atom elektr stantsiyasi qurilishiga rozimisiz», deya savol berilgan. Referendumdagi ishtirok 63,7% atrofida bo‘lgan va rasmiy natijada 71,1% ovoz beruvchilar AES qurilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Ammo, bu referendum ham Qozog‘istonda tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Tanqidchilarga ko‘ra, savol bir yoqlama bo‘lgan, ya’ni unda «Rosatom Qozog‘istonda AES qurishiga rozimisiz», deb so‘ralmagan va aslida hukumat allaqachon bu loyiha Rosatomga berilishini bilgan. Taniqli bloger Vadim Boreyko hatto saylovchilarni bu qarorni «notariuslar» kabi tasdiqlashga chaqirilayotganini aytgandi.

Rosatomning xalqaro sahnadagi faoliyati: Misr va Vengriya

POLITICO nashri qo‘lga kiritganini da’vo qilgan ichki hujjatlarga asoslanib yozishicha, «Rosatom» Misrda amalga oshirayotgan loyihasida xavfsizlik, muhofaza va muhandislik talablariga rioya qilmaslikda ayblanmoqda.

Nashr yozishicha, 4 iyunda «Rosatom» rahbarlaridan biriga yo‘llangan maxfiy xatda Misrning AESlar boshqarmasi «El-Dabaa» atom elektr stantsiyasi qurilishida bir nechta reaktor bloklariga ta’sir qilayotgan «nuqsonlar» va «yadroviy xavfsizlik madaniyati» talablarining buzilishi haqida ma’lum qilgan. Xatda loyihadagi bir mansabdor shaxs tomonidan «qasddan yo‘l qo‘yilgan beparvolik» ham tilga olingan.

Hujjatlar to‘plamini POLITICO tahririyati matbuotga gapirish vakolati bo‘lmagani sababli ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan razvedka xodimidan olgan. Bu hujjatlar avval hech qachon jamoatchilikka oshkor qilinmagani aytiladi. Ular orasida «Rosatom»ning ichki hujjatlari ham bor bo‘lib, ularda qurilishdagi kechikishlar va muhandislik bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z boradi. Bu xavotirlar kompaniyaning loyiha bo‘yicha o‘z tekshiruvlari natijasida ham qayd etilgan.

«Jiddiy va aniq nuqsonlar yana kuzatilmoqda, jumladan, 4-energoblokdagi metall qoplama ortida bo‘shliqlar, 1-, 2- va 3-energobloklarning fundament plitalardagi nuqsonlar. Ularni bartaraf etishga bir yil vaqt ketgan. Shuningdek, 4-energoblok reaktor binosining silindrsimon devoridagi yacheykali konstruktsiyada ham nuqsonlar aniqlangan», — deyiladi POLITICO ko‘rgani aytilgan xatda.

Nashrning xatga tayanib yozishicha, Misr tomoni «Rosatom»ning ish joyidagi professionallik talablariga javob bermaydigan muhitga yo‘l qo‘yganidan norozi bo‘lgan. Xususan, qurilish maydonida ishchilarning «taqiqlangan alkogolli ichimliklar» saqlagani aniqlangan, ayrim xodimlar ruxsatsiz hududga kirish uchun qalbaki propusklardan foydalangan va boshqa shaxslarning qiyofasiga kirgan, shuningdek, qurilish maydonida olingan «bir qator foto va videolar» ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketgan. Misr tomoni bu holatlar «loyihaning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatganini» bildirgan.

Xatda qurilish maydonida sodir bo‘lgan jiddiy baxtsiz hodisa ham tilga olingani aytiladi: "Hodisa oqibatida ishchi «ochiq og‘ir sinish» jarohatini olgan. Shundan so‘ng uni «maxsus jihozlangan tez yordam mashinasi»da emas, balki xususiy avtomobilda yashirincha olib chiqib ketishgan. Misr tomonining ta’kidlashicha, bu voqeani «yashirish maqsadida qasddan qilingan».

POLITICO o‘zi ko‘rib chiqqanini aytgan «Rosatom»ning yana to‘rtta ichki xizmat hujjati Misr AESlar boshqarmasi bildirgan xavotirlarning ayrim jihatlarini tasdiqlashini yozadi. "Ularda qurilishdagi kechikishlar, ishlar sifatining muammolari va loyihani boshqarishdagi kamchiliklar batafsil keltirilgan."

«Rosatom» nashrga bergan javobida bu ayblovlarni rad etib, «El-Dabaa» loyihasida yadroviy xavfsizlikning yuqori standartlariga amal qilinayotganini bildirdi, ammo Misrning AESlar boshqarmasidan xat olgan yo olmaganligi haqidagi savolga javob bermadi.

Ushbu maqola chop etilganidan so‘ng e’lon qilingan press-relizda esa Misr AESlari boshqarmasi «El-Dabaa» loyihasi xalqaro miqyosda e’tirof etilgan yadroviy xavfsizlik va muhofaza standartlarining eng yuqori talablariga muvofiq amalga oshirilayotganini aytdi.

Misr va O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan «Rosatom» texnologiyalarining oilasi bir xil, lekin reaktorlari farq qiladi – Misrda VVER-1200, O‘zbekistonda esa VVER-1000 + RITM-200N. Ikkalasi ham Rosatomning suv-suvli bosimli reaktor texnologiyasiga asoslangan.

Lekin, Misrda qo‘llanilayotgan texnologiya Vengriyaning Paksh-2 loyihasida ham qo‘llanilayotgani sababli, endi u haqida Yevropadagi xavotirlar qayta qo‘zg‘aldi.

Paksh-2 — Kreml qo‘llab-quvvatlayotgan yadroviy energetika loyihasi bo‘lib, u Budapesht va Yevropa Komissiyasi o‘rtasida bir necha bor keskinliklarga sabab bo‘lgan.

2014 yilda Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orban tomonidan dastlab ma’qullangan Paks II loyihasi Budapeshtning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqinlashuvining ramziga aylangandi va Rossiya energetika texnologiyalarining Yevropa Ittifoqi hududiga kirib kelishini ta’minlagan. Loyiha tender o‘tkazilmasdan «Rosatom»ga berilgan va bir necha yilga kechiktirilgan.

Londonda joylashgan mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha tadqiqot markazi, "Royal United Services Institute (RUSI)" avvalroq katta tahliliy maqola chiqarib G‘arb davlatlarini «Rosatom» bilan biznes qilishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan. Ular kompaniyaning Rossiya razvedka xizmatlari bilan chuqur aloqalari, shuningdek, Ukrainadagi Rossiya harbiy kuchlari tomonidan bosib olingan Zaporojьe atom elektr stantsiyasini harbiy kuch ishlatgan holda majburan boshqarib kelayotganidagi bahsli rolini misol qilib keltirgan.

Vengriyadagi qurilish bu yil fevralida boshlangan. Ammo, may oyida o‘tgan saylovlarda Orban mag‘lub bo‘ldi va hukumat tepasiga Peter Madyar keldi.

Saylov 9 mayda bo‘lgan bo‘lsa, 11 mayda Vengriyaning yangi hukumati Paksh atom elektr stantsiyasini kengaytirish loyihasining moliyalashtirilishi va amalga oshirilishini qayta ko‘rib chiqishini e’lon qildi. Madyar saylovdan bir oy oldin bu loyiha qiymati sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatilganini tanqid qilgan. Uning aytishicha, 2014 yilda 12,5 mlrd yevroga baholangan loyiha qiymati 24 milliardgacha yetishi mumkin.

"Rosatom»ning Turkiya va Xitoyda ham atom elektr stantsiyasi loyihalari mavjud. Shu bilan birga, Germaniya hukumati iyul oyida Rosatomning sho‘’ba kompaniyalaridan biriga Quyi Saksoniya yerlaridagi atom elektr stantsiyasi uchun yadroviy yoqilg‘i sterjenlarini ishlab chiqarishda ishtirok etishga ruxsat beruvchi kelishuvni ma’qullagani uchun tanqid ostida qoldi. Germaniya hukumati ushbu kelishuv qat’iy milliy xavfsizlik nazorati ostida amalga oshirilishini ma’lum qildi.