Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Qozog‘istonda saylov: Endi Toqaev kuchayadimi?
Ayrim tahlilchilar fikricha, bugungi saylov prezident Toqaevga Nursulton Nazarboevga aloqador shaxslarni siyosiy sahnadan chetlatish imkonini bergan.
Muddatidan ilgari chaqirilgan saylov
Bugun, yakshanba kuni Qozog‘iston muddatidan ilgari chaqirilgan parlament saylovida ovoz bermoqda.
Saylov prezident Qasim-Jomart Toqaevning mamlakatdagi hokimiyatini mustahkamlashi kutilmoqda.
Yaqinda Qozog‘iston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarishlar unga yetti yillik prezidentlik vakolati muddatini yana yetti yilga uzaytirish imkonini bergan.
Qozog‘iston mintaqaning eng yirik iqtisodi.
Tabiiy energiya zaxiralariga boy, ko‘p neft zaxirasi bor, yana katta uran zaxiralari ham.
O‘zbekistondan keyin Markaziy Osiyoning aholisi eng katta ikkinchi davlati.
Rossiyaga chegaradosh yagona mintaqa mamlakati.
Qozog‘istonning Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasi dunyodagi eng uzuni.
Kremlning diqqat-e’tiboridagi mamlakat.
Yana Kaspiy dengizi sohilida joylashgan davlat.
Qolgan mintaqa davlatlari bilan qiyoslanganda, eng ko‘p etnik ruslar yashovchi mamlakat.
Qozog‘iston 2022 yilda yirik ommaviy norozilik namoyishlarini boshdan o‘tkazgan.
Yanvar voqealari mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng qonlisi va yomoni ekani aytilgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, xuddi shu hodisalar Qozog‘istonning amaldagi va sobiq prezidenti o‘rtasida yashirin siyosiy raqobatning kuchayishiga sabab bo‘lgan.
Mamlakatdagi siyosiy tizimning keskin o‘zgarishiga olib kelgan.
Qozog‘istonning o‘sha paytdagi hukumati iste’foga chiqarilgan.
Mamlakatda tartibni tiklash uchun prezident Toqaev so‘rovi bilan Qozog‘istonga Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari chaqirilgan.
O‘shanda Qozog‘iston bu kuchlar kiritilgan birinchi davlatga aylanib, G‘arbda Rossiyaning "niyatlari"ga oid xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
Inqiroz avjiga chiqqan paytda Nursulton Nazarboev Qozog‘iston Xavfsizlik Kengashi raisi umrbod lavozimi va boshqaruvdagi partiya yetakchisiligidan ham ayrilgan.
Har ikki vazifa ijrosini ham amaldagi prezident Qasim-Jomart Toqaevning o‘zi zimmasiga olgan.
Inqiroz Nazarboev va qarindoshlarining egallab turgan yuqori davlat lavozimlaridan mahrum bo‘lishiga turtki bergan.
Nursulton Nazarboevning "Elboshi" maqomi bekor qilingan.
Uning ko‘plab yaqinlari davlat tizimi va yirik bizneslardan chetlashtirilgan.
Prezident Toqaev bu voqealarni Nazarboevga sodiq kuchlar tomonidan tashkillashtirilgan davlat to‘ntarishiga urinish deb ta’riflagan.
Qonli yanvar voqealari fonida ham Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Buning mamlakatda siyosiy monopoliyaga barham berish maqsadida qilingani aytilgan.
Xuddi o‘sha yilning iyun oyida referendum o‘tkazilgan.
Buning ortidan, Qozog‘istonda prezidentlik muddati bir martalik va 7 yillik qilib belgilangan.
Noyabr oyiga esa muddatidan ilgari prezident saylovi chaqirilgan, unda yana Qasim Jomart Toqaev g‘alaba qozongan.
Prezident Qasim-Jomart Toqaev orada "Yangi Qozog‘iston" qurilishini ham e’lon qilgan.
Toqaev "superprezidentlik" modelidan voz kechishga, parlamentning rolini kuchaytirishga va siyosiy tizimni raqobatbardoshroq qilishga va’da bergan edi.
Biroq BBC bilan suhbatlashgan mustaqil tahlilchilarning ta’kidlashicha, amalda deyarli hech narsa o‘zgarmagan.
Qasim-Jomart Toqaevning nomzodini esa, avvalboshda prezidentlikka shaxsan Nursulton Nazarboevning o‘zi ilgari surgan.
Nazarboev 2019 yilning mart oyida, navbatdagi saylovga yil qolganida o‘z ixtiyori bilan kutilmaganda iste’foga chiqishga qaror qilgan, Toqaev o‘shanda uning o‘rniga muvaqqat prezident etib tayinlangan.
Xuddi o‘sha yili muddatidan ilgari chaqirilgan prezident saylovi chaqirilgan va Qasim-Jomart Toqaev ilk bor Qozog‘iston prezidenti etib saylangan.
Qozog‘istonda shu yilning 1 iyulida yangi Konstitutsiya kuchga kirgan, u mart oyidagi referendumda ma’qullangan.
Yangi Konstitutsiya amaldagi Qozog‘iston prezidentining ham yana bir bor saylovda ishtirok etishiga yo‘l ochgan.
Konstitutsion sud prezidentning avvalgi Konstitutsiya davrida o‘talgan muddatlarini nollashtirgan.
Prezident Toqaev yangi muddat uchun navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida qatnashishi kerakmi yoki eski Konstitutsiya asosida 2029 yilgacha o‘z vakolat muddatini davom ettiradimi, bu savolga hozircha Qozoq rasmiylari aniq javob berganlari yo‘q.
Prezident Toqaevning o‘zi bundan avval yetti yillik prezidentlik muddati nihoyasiga yetganidan keyin ortiq nomzodini ilgari surish niyati yo‘qligi haqida aytgan.
U bu gapi bilan chetda aksariyat prezidentlarining boshqaruvi uzoq muddatli ekani bilan e’tiborga tushgan mintaqada yaxshigina shov-shuvga ham sabab bo‘lmay qolmagandi.
Qozog‘iston
Qozog‘iston Rossiya barobarida Xitoyga ham chegaradosh.
Geostrategik joylashuvi o‘ta muhim.
Qasim-Jomart Toqaev ham Nursulton Nazarboev singari Xitoy, G‘arb va Rossiya bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgan.
O‘zining strategik joylashuviga ko‘ra, Qozog‘iston Rossiya, Xitoy va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi geosiyosiy muvozanatni saqlovchi muhim bufer hudud va ko‘prik vazifasini bajaradi.
Hech bir global qudratning to‘liq ta’siriga berilmasdan, ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritishga harakat qiladi.
O‘zbekiston bilan ham ittifoqchi davlat.
Bugungi Kremlning imperialistik ambitsiyalari fonida mintaqadagi qolgan qo‘shni davlatlar xavfsizligi va iqtisodiy hamkorligi uchun muhim markaz.
Yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiqachasiga Ukraina urushini muzlatishni taklif qilib, katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Jahon bo‘yicha kunlik neft ta’minotining taxminan 2 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Uning eksporti asosan Kaspiy quvur liniyasi konsortsiumi orqali Rossiyaning Novorossiysk portiga, u yerdan esa Yevropa mamlakatlariga yo‘naltiriladi.
Ushbu quvur liniyasi va unga xizmat ko‘rsatuvchi tankerlar vaqti-vaqti bilan Ukraina dronlari hujumiga uchrab, eksport jarayonida uzilishlarga sabab bo‘lib keladi.
Ukraina urushi savdo oqimlarining qayta yo‘naltirilishiga sabab bo‘larkan, qolgan Markaziy Osiyo davlatlari kabi Qozog‘iston ham bundan foyda ko‘rdi.
Ammo bu o‘sish ham davriy inflyatsion shoklar bilan ham kechmay qolmadi.
Xuddi shu urush Qozog‘iston Ukrainadan keyin Rossiyaning ikkinchi nishoniga aylanajak davlat ekaniga oid xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
Qozog‘iston Rossiya Ukrainaga ochgan urush fonida Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib o‘zining mudofaa salohiyatini kuchaytirishini ham rasman va oshkora e’lon qilgan.
Buning ortidan, bosh maqsadi Qozog‘iston va fuqarolari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan milliy loyiha ham ishlab chiqqan.
Qozog‘iston Rossiya bilan chegaralarini ham mustahkamlashga kirishgan.
So‘nggi yillarda aynan Qozog‘iston Putin va Rossiyaning boshqa nomdor siyosatchilari nomini eng ko‘p tilga olayotgan, Rossiya tomonidan yeri, davlatchiligi qayta-qayta oshkora savol ostiga olingan postsovet davlatiga aylangan.
Rasmiy Ostonaning Ukraina, uning bo‘lginchi va ishg‘ol ostidagi hududlari mustaqilligi, anneksiyasi yuzasidan Rossiya mavqeiga zid chiqishlari esa, orada ikki o‘rtada dahanaki janglarga ham sabab bo‘lmay qolmagan.
Qolgan mintaqa davlatlari bilan qiyoslanganda, so‘nggi yillarda Rossiya bilan o‘zaro munosabatlarining qanchalik tanglashgani bobida aynan Qozog‘iston chetda e’tiborga tushgan.
Oxirgi paytlarda G‘arbning Qozog‘iston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llovchi bayonotlarining soni ham ortgan.
Yangi partiya va saylovdan umidlar
Yakshanba kungi muddatidan ilgari chaqirilayotgan parlament saylovi arafasida Qozog‘istonda yangi tashkil topgan partiya ko‘pchilikning diqqatiga tushgan.
Shu yilning 12 iyun kuni, o‘ttiz yil davomida parlamentdagi o‘rinlarning aksariyatini egallab kelgan hukmron "Amanat" partiyasi atigi bir necha kun avval ro‘yxatdan o‘tgan "Adilet" partiyasi bilan birlashishga qaror qilgan.
O‘zining faoliyatini tugatishni yoqlab, ovoz bergan.
"Adilet" prezident Toqaevning yaqin safdoshlari boshchiligidagi partiya, deb ko‘riladi.
Yangi partiyaga shu yil may oyigacha Prezident Administratsiyasiga rahbarlik qilgan Oybek Dadebay boshchilik qiladi.
Yangi "Adilet" partiyasi Toqaevning siyosiy dasturi uchun tayanch vazifasini o‘tashini yashirayotgani yo‘q, bu haqda ochiqcha gapirmoqda.
Ushbu partiyaning ko‘plab a’zolari yangi Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etganlar.
"Vlast" nashri suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, hukumat ushbu qadami orqali ham amaldagi tuzumni sobiq prezident Nursulton Nazarboev merosidan uzoqlashtirishga uringan.
Qozog‘istonlik siyosatshunos Rustam Burnashev xuddi shu axborot agentligiga bergan intervyusida ta’kidlashicha, "garchi ushbu saylov Toqaevga o‘zidan avvalgi rahbar bilan aloqador shaxslarni siyosiy sahnadan chetlatish imkoniyatini bergan bo‘lsa-da, siyosiy tizimda jiddiy islohotlar o‘tkazilishi ehtimoldan yiroq".
"Parlamentga nomzodlarning barchasi ma’lum, — degan u. — Shuningdek, parlamentning o‘zini ham tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga qodir organga aylanadi, deb bo‘lmaydi".
"Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, parlament saylovlari hukumatning barcha bo‘g‘inlarida keng ko‘lamli o‘zgarishlar uchun imkoniyat yaratishini ham unutmaslik kerak. Hukumat iste’foga chiqadi va yangi Vazirlar Mahkamasi — yangi hukumat — shakllantiriladi. Bu esa mahalliy ijroiya organlarida ham muhim va keng ko‘lamli kadrlar almashinuvini amalga oshirishga yo‘l ochadi. Bunday o‘zgarishlar endi "Nima uchun?" degan savolni tug‘dirmaydi, chunki javob oddiy bo‘ladi: "Chunki bizda yangi parlament bor va biz ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish huquqiga egamiz".
Mart oyida referendum orqali qabul qilingan konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar esa, parlament tuzilmasini ikki palatalidan bir palatalisiga o‘tkazish va vitse-prezident lavozimini ta’sis etishni nazarda tutadi.
Ammo, siyosiy sharhlovchi Rustam Burnashev fikricha, ushbu o‘zgarishlar ko‘plab savollarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
"Nima uchun biz ikki palatali tizimdan bir palatali tizimga o‘tyapmiz? Boshqacha aytganda, nima uchun Qozog‘iston Senatdan voz kechyapti? Tabiiyki, bu ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda, chunki mening nazarimda, ushbu o‘zgarish tashabbuskorlari bu xususda hali-hanuz aniq tushuntirish berishmadi", - deb aytgan u "Reyter" axborot agentligiga.
"Senatdan voz kechish sababi — juda muhim masala. Bu - birinchi savol. Tabiiyki, aniq va amaliy izoh bo‘lmaganda, muqarrar ravishda fitna nazariyalari — ya’ni bu ish ayrim shaxslarni chetlatish yoki boshqa yashirin maqsadlarni ko‘zlash uchun amalga oshirilayotgani haqidagi gap-so‘zlar paydo bo‘ladi. Albatta, gap shunchaki qonunchilik jarayonini tartibga solish haqida ketayotgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas", - degan u.
Qozog‘istonning ikki palatali parlamenti shu yilning 30 iyun kuni o‘z ishini rasman yakunlagan.
O‘shanda prezident Toqaev Senat va Majlisning 30 yillik faoliyatini maqtagani xabar berilgan.
Bir palatali yangi tizim esa Qozog‘iston prezidentining o‘z tashabbusi asosida "Qurultoy", deb nomlanadi.
Aytilishicha, endi qonun ijodkorligiga yondashuvning o‘zi o‘zgaradi:
- Bu byurokratiyaning kamayishi hamda tahlil va zamonaviy raqamli vositalarga ko‘proq e’tibor qaratilishini anglatadi.
- Qonun loyihalari ekspertlar va jamoatchilik bilan kengroq muhokama qilinadi.
- Qaror qabul qilishda esa nafaqat hozirgi vaziyat, balki ehtimoliy uzoq muddatli oqibatlar ham hisobga olinadi.
Qozog‘iston prezidenti muddatidan ilgari bo‘lib o‘tayotgan parlament saylovi arafasida xalqqa murojaat bilan chiqqan.
Qasim-Jomart Toqaev o‘zining murojaatida "misli ko‘rilmagan geosiyosiy keskinliklar va kuchayib borayotgan global muammolar sharoitida Qozog‘istonni chinakam rivojlangan davlatga aylantirishga qaratilgan strategiyalarini qat’iy va izchil amalga oshirishimiz zarur"ligini ta’kidlagan.
"Yetakchi davlatlar safiga qo‘shilish hali yana ba’zi qiyin vazifalarni hal etishlariga to‘g‘ri kelishi"ni aytgan.
Prezident Toqaev fikricha, "Xalq Konstitutsiyasining kuchga kirishi bilan ushbu saylovlar barcha fuqarolar manfaatlariga xizmat qiluvchi yangi islohotlarning boshlanish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi hamda zamonaviy Qozog‘iston tarixida yangi bosqichga asos soladi".
Qozog‘iston prezidentiga ko‘ra, "yangi qonun chiqaruvchi organ konstruktiv qarashlar va intilishlar uchun umumiy maydonga aylanishi kerak".
Keyingi qadamlar
Qurultoy qonunlar qabul qiladi, byudjetni tasdiqlaydi, hukumatga nisbatan ishonchsizlik ham bildirishi mumkin.
Bundan tashqari, Bosh vazir, vitse-prezident, Konstitutsiyaviy sud sudyalari va bir qator davlat organlari a’zolarini tayinlashga rozilik beradi.
Shu bilan birga, Konstitutsiya davlat rahbariga keng vakolatlar beradi.
Masalan, prezident Qurultoy raisligiga nomzodni taklif etadi.
Shuningdek, agar deputatlar taklif etilgan raisni saylashdan yoki prezidentning ayrim tayinlovlarini tasdiqlashdan takroran bosh tortishsa, u parlamentni tarqatib yuborish vakolatiga ham ega.
Birinchi sessiya ochilganidan keyin ikki oy ichida Toqaev Qurultoy roziligi bilan vitse-prezidentni tayinlashi shart.
Shu soatlarda KazTAGning xabar berishicha, Qozog‘iston prezidenti Toqaev 10 kun ichida vitse-prezidentni tayinlaydi.
1996 yilda bekor qilingan ushbu lavozim endilikda qayta tiklanmoqda: prezident muddatidan oldin lavozimini tark etgan yoki vafot etgan taqdirda, yangi saylov o‘tkazilgunga qadar uning vakolatlarini birinchi bo‘lib vitse-prezident o‘z zimmasiga oladi.
Ekspertlarning fikricha, bu — Toqaev uchun o‘z vorisini oldindan e’lon qilish va elita ichidagi hokimiyat uchun kurashning oldini olish borasida ajoyib imkoniyatdir.
Mintaqa va qudrat almashinuvi
Joriy paytda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Markaziy Osiyoda eng uzoq qudratda qolayotgan prezident bo‘ladi.
U ilk bor 1994 yilda Tojikiston prezidenti etib saylangan.
Keyin bo‘lib o‘tgan to‘rt prezidentlik saylovida ham aynan uning g‘olib chiqqani e’lon qilingan.
Tojikistondagi so‘nggi prezident saylovi 2020 yilda bo‘lib o‘tgan.
Emomali Rahmonning Tojikistonning birinchi rahbari sifatida ish boshlaganiga yaqinda 36 yil to‘ladi. U hozir 74 yoshda.
O‘zbekistonning amaldagi prezidenti ham 2016 yil muddatidan ilgari bo‘lib o‘tgan saylovlar ortidan qudratga kelgan.
Bunga mustaqil O‘zbekistonning birinchi va uzoq yillik prezidenti Islom Karimovning kutilmagan vafoti sabab bo‘lgan.
Islom Karimov ham O‘zbekistonni qariyb 30 yilcha boshqargan.
U Nursulton Nazarboev bilan birga Markaziy Osiyodagi eng uzoq qudratda qolayotgan ikkita prezidentdan bittasi bo‘lgan.
Shavkat Mirziyoyev mustaqil O‘zbekistonning 35 yillik tarixidagi ikkinchi prezident bo‘ladi.
U buning ortidan bo‘lib o‘tgan ikki prezidentlik saylovida ham g‘alaba qozongan.
2023 yilgi so‘nggi saylov O‘zbekistonda muddatidan ilgari chaqirilgan.
Ushbu qaror yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani bilan izohlangan.
Prezident Mirziyoyev o‘shanda, "qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusi bilan voz kechayotgani"ni aytgan.
O‘zbekiston rahbarining o‘zi buning sabablariga xosan to‘xtalib o‘tgan.
Shavkat Mirziyoyev ular sirasida "xalq o‘zlaridan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutayotgani" va "dunyoda va mintaqada keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanayotgani" kabi omillarni ham tilga olib o‘tgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonda xuddi o‘sha yili saylovdan oldin umumxalq referendumiga qo‘yilgan.
O‘zgartirilgan Konstitutsiya matnida O‘zbekiston prezidentining vakolati muddatini 5 yildan 7 yilgacha uzaytirish ham taklif etilgan.
O‘shanda muddatidan ilgari prezident saylovi Shavkat Mirziyoyevga 2037 yilgacha qudratda qolishiga imkon berishi aytilgan.
Turkmanistonda so‘nggi prezident saylovi 2022 yilning martida bo‘lib o‘tgan.
Saylovda mamlakatning amaldagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning 40 yoshli o‘g‘li Serdar Berdimuhammedov g‘olib, deb topilgan.
Kuni-kecha esa Qirg‘izistondan Sadir Japarovning ham yana bir bor o‘z nomzodini prezidentlikka qo‘ymoqchi ekani xabari chiqqan.
Bu haqda hozir birinchi prezidentlik vakolati muddatini o‘tayotgan Sadir Japarovning o‘zi ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, hozirgi "ishini davom ettirish niyatida".
Qirg‘izistonda navbatdagi prezident saylovi 2027 yilning yanvariga rejalangan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bor parlament tizimiga o‘tgan Qirg‘iziston referendumdan so‘ng yana prezidentlik boshqaruviga qaytgan.
Mintaqa davlatlaridagi prezident saylovlari qanchalik erkin, adolatli va shaffof ekani borasida turlicha baholarga sabab bo‘lib keladi.
Markaziy Osiyodagi qudrat almashinuvi va "siyosiy voris"lar masalasi esa allaqachon xos tahlillarga molik mavzulardan biri bo‘ladi.