Tahlil: ShHT 25 yilligini nishonlayotgan bir paytda Xitoydan nimalarni kutish mumkin?

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Xitoy raisi Si Szinpin 31 avgust va 1 sentyabrь kunlari Bishkek shahrida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonga boradi.

Bu Xitoy rahbari uchun 2013 yildan beri mazkur sammitda 14 marta shaxsan yoki onlayn tarzdagi uchrashuvi bo‘ladi.

Ayni ko‘rsatkich uni Tojikiston prezidenti Emomalӣ Rahmon va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bir qatorda tashkilotdagi eng tajribali yetakchilardan biriga aylantiradi.

Bu yilgi sammit ShHT tashkil etilganining 25 yilligiga ham to‘g‘ri keladi. Tashkilot 2001 yil iyunь oyida Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyoning to‘rt davlati, ya’ni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan ta’sis etilgan.

Shundan buyon tashkilot kengayib, Yevroosiyo, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqni qamrab olgan 10 a’zo davlat, 15 ta muloqot bo‘yicha hamkor va ikki kuzatuvchi davlatni o‘z ichiga olmoqda.

Si Szinpinning asosiy mujdasi nima bo‘lishi mumkin?

Tahlilchilar fikricha, Si Szinpin o‘tgan yili Tyanьtszin shahrida bo‘lib o‘tgan va «eng yirik ShHT sammiti» deb ta’riflangan yig‘ilishda bildirgan fikrlarini davom ettirishi mumkin.

U o‘sha paytda ShHT bankini tashkil etish va Global boshqaruv tashabbusi kabi qator loyiha hamda takliflarni ilgari surgan edi. Bu tashabbuslar tashkilotning «sifatli rivojlanishi»ni ta’minlash rejasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

Xitoy hukumati hozircha Si Szinpin sammitda qanday takliflar bilan chiqishi haqida ma’lumot bermagan. Biroq Xitoy tashqi ishlar vazirligi 26 avgust kuni e’lon qilgan bayonotda, Xitoy rahbari ishtirokchi davlatlar yetakchilari bilan «yangi sharoitlarda ShHT hamkorligini turli sohalarda yanada chuqurlashtirish» hamda «zamonamizning muhim xalqaro va mintaqaviy masalalari» bo‘yicha atroflicha fikr almashishi aytildi.

Vazirlikka ko‘ra, bu muloqotlar ShHTning yuqori sifatli rivojlanishi va global boshqaruv tizimini isloh qilish jarayonlaridagi ishtirokini yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Sammit arafasida Qirg‘iziston matbuotida ham e’lon qilingan maqolasida Si Szinpin ShHTni ittifoqchilik emas, balki sherikchilik tamoyili asosida qurilgan «yangi turdagi mintaqaviy hamkorlik modeli»ning namunasi sifatida maqtadi.

Uning ta’kidlashicha, bo‘lajak sammit «Shanxay ruhi»ni yanada rivojlantirish va «yagona taqdirga ega ShHT hamjamiyati»ni shakllantirishga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Xitoy Eronni qo‘llab-quvvatlaydimi?

Kuzatuvchilar diqqat bilan kuzatayotgan masalalardan biri Si Szinpinning Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishi ehtimolidir.

Agar bunday uchrashuv bo‘lib o‘tsa, bu ikki rahbarning qariyb bir yil ichidagi ilk muloqoti bo‘ladi.

Ular so‘nggi marta 2025 yildagi Tyantszin sammitidan keyin uchrashgan. O‘shanda Pezeshkiyon Xitoy harbiy paradida ishtirok etish uchun mamlakatda yana bir necha kun qolgan edi.

Si Szinpin o‘sha uchrashuvda Pezeshkiyonga Pekin Eronning tinch maqsadlarda yadroviy energiyadan foydalanish huquqini hurmat qilishini va Tehronning qonuniy manfaatlarini siyosiy muzokaralar orqali himoya qilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Fevral oyi oxirida AQSh bilan Eron o‘rtasidagi urush boshlanganidan keyin Si Szinpin Pezeshkiyon bilan muloqot qilmagan bo‘lsa-da, Xitoy Eronni diplomatik jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I urush boshlanganidan buyon Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan olti marta uchrashgan yoki telefon orqali muloqot qilgan. U ana shu muloqotlarda Pekinning Eron suvereniteti, xavfsizligi va milliy qadr-qimmatini himoya qilish borasidagi qo‘llab-quvvatlovini bir necha bor tasdiqlagan.

Shuningdek, Xitoy diplomatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi dengiz qatnovidagi uzilishlar uchun Tehronni ochiqcha ayblashdan tiyildi. Bu bo‘g‘oz orqali Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlarining katta qismi energiya ta’minotini amalga oshiradi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Putin bilan uchrashuv ham kutilmoqda

Sammit doirasida eng ko‘p kutilgan uchrashuvlardan yana biri Si Szinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi muzokaralardir.

Ikki rahbar 2013 yildan beri 40 martadan ortiq uchrashgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi ShHT yoki BRIKS sammitlari chog‘ida bo‘lib o‘tgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, tomonlar AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktori Jon Retkliffning yaqinda Moskvaga qilgan tashrifi haqida ham fikr almashishi mumkin. Ommaviy axborot vositalarida bu tashrif Rossiyani NATO davlatlariga hujum qilmaslik haqida ogohlantirish maqsadida amalga oshirilgani xabar qilingan.

Shuningdek, Si Szinpin Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi yoki ShHTga a’zo boshqa davlatlar rahbarlari bilan ham uchrashishi mumkin.

Biroq kuzatuvchilarning qayd etishicha, Xitoy rahbari xalqaro sammitlarda odatda cheklangan miqdordagi ikki tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazadi va asosan o‘zi uchun eng muhim deb hisoblangan yetakchilarga vaqt ajratadi.

Xitoy matbuoti nimalar yozmoqda?

Xitoy davlat OAVlari sammit oldidan tashkilotning iqtisodiy ahamiyati va global ta’siriga alohida urg‘u bermoqda.

«Sinьxua» agentligi Xitoy Savdo vazirligi ma’lumotlariga tayanib, ShHT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 2025 yilda Xitoyning umumiy tashqi savdosining 8 foizini tashkil etganini xabar qildi.

Shu davrda elektr avtomobillari, litiy batareyalari, quyosh panellari hamda chegaralararo elektron tijorat sohasidagi eksport tez sur’atlarda o‘sgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning ShHT davlatlari bilan umumiy tashqi savdo hajmi 2025 yilda 523,5 milliard dollarga yetgan. Bu 2024 yildagi 512,4 milliard dollarlik ko‘rsatkichdan yuqori.

Xitoy matbuoti ShHTni global boshqaruvni takomillashtirish, Global Janub davlatlarini tinch taraqqiyot atrofida birlashtirish va xalqaro barqarorlikni ta’minlash yo‘lida muhim platforma sifatida ko‘rsatmoqda.

Xitoy Kommunistik partiyasining «Jenьminь jibao» gazetasi esa sammitda «bugungi xalqaro va mintaqaviy muhim masalalar» muhokama qilinishi, ShHT ishtirokchilari o‘rtasida yanada kengroq kelishuv shakllanishi va tashkilotning jahon tinchligi, taraqqiyoti hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rag‘batlantirishdagi roli kuchayishi mumkinligini ta’kidladi.

Ba’zi kuzatuvchilar bu bayonotlar Eron bilan bog‘liq vaziyat sammitning asosiy mavzularidan biri bo‘lishi mumkinligini anglatishini aytmoqda. Biroq Xitoy rasmiylari va davlat OAVlari hozircha bu mojaroni sammit kun tartibi bilan bevosita bog‘lamagan.

Shu bilan birga, davlat matbuoti Si Szinpinning Global boshqaruv tashabbusini keng targ‘ib qilmoqda. Rasmiy nashrlar ushbu tashabbusni xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgan kontseptsiya sifatida ta’riflab, ShHTdan global boshqaruvni rivojlantirish, sun’iy intellektni boshqarish kabi sohalarda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda ayrim davlatlarning kuch ishlatish orqali mintaqaviy tartibni o‘zgartirish urinishlariga muqobil yondashuv taklif qilishini kutayotganini yozmoqda.