Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
AQSh O‘zbekistonni Xitoy "firibgarlik" sxemasiga yordamlashayotgan davlatlar qatoriga kiritdi
Tramp ma’muriyatining yangi hisobotida Xitoy tovarlarini AQShga olib kirishda tariflarni aylanib o‘tishga ko‘maklashayotgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan 40 dan ortiq davlat sanab o‘tilgan. Ular qatorida Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ham bor.
Vashington bu amaliyotni Xitoyning uchinchi davlatlardan foydalanib, AQSh savdo cheklovlarini chetlab o‘tishi sifatida baholamoqda. «Buyuk qayta yuklash firibgarligi» deb nomlangan hisobotda to‘rt davlat «III darajali» mamlakatlar sifatida ko‘rsatilgan. Hujjatda ular tariflarni aylanib o‘tish uchun qulay bo‘lishi mumkin bo‘lgan infratuzilma va shart-sharoitlarga ega ekani qayd etilgan.
Jumladan, arzon ishchi kuchi, erkin iqtisodiy zonalar, port va chegaralarga chiqish imkoniyati, ombor infratuzilmasi hamda bojxona nazoratidagi bo‘shliqlar shunday omillar sifatida keltirilgan.
Shu bilan birga, hisobot Ozarbayjon va Gruziyaning temir yo‘l va quruq portlar orqali tranzitni ta’minlashi, yuklarni birlashtirishi va quruqlikdagi tashuvlarni dengiz yo‘llari bilan bog‘lashini ta’kidlaydi. Qozog‘iston va O‘zbekistonning esa «Xitoyning yashirin qayta yuklash tarmog‘i»dagi aniq roli ochib berilmagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Xitoy bu uchinchi davlatlardan tovarlarga oz miqdorda ishlov berish, qayta yorliqlash, qayta qadoqlash, hisob-fakturalarni o‘zgartirish yoki tashish yo‘nalishini almashtirish uchun foydalana boshladi. Natijada tovarning asosiy tarkibi deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa-da, go‘yoki u boshqa mamlakatda ishlab chiqarilgandek tasavvur paydo qilindi", deyiladi hisobotda.
Unga ko‘ra, qirqdan oshiq AQSh tariflari past bo‘lgan davlatlar yangi sxema uchun tayanch nuqta va markazlarga aylandi. Ya’ni, asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga chet elda juz’iy ishlov beriladi va keyin ular yangi kelib chiqish mamlakati nomi ostida Amerikaga eksport qilinadi.
Vashington bu mamlakatlarning Xitoy bilan aloqalaridagi yana bir jihatdan xavotirda. To‘rt davlat ham Pekinning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusida ishtirok etadi. AQSh nazarida, bu hamkorlik Xitoyning mintaqadagi iqtisodiy ta’sirini yanada kuchaytirishi mumkin.
Hisobotga ko‘ra, Xitoy tovarlarini uchinchi davlatlar orqali Amerika bozoriga olib kirish natijasida AQSh xazinasi yiliga 40 milliarddan 303 milliard dollargacha zarar ko‘rishi mumkin. Muammo faqat tarif tushumlarining yo‘qotilishida emas: bunday sxemalar Amerika ishlab chiqaruvchilarini siqib chiqarishi, savdo taqchilligini kengaytirishi va iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Tramp ma’muriyati tariflarni chetlab o‘tish holatlarini aniqlash uchun sun’iy intellektga asoslangan «Amerika detektiv chegarasi» tizimini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Tizim tovarning kelib chiqishi, bosib o‘tgan yo‘nalishi va tarkibiy qismlarini tahlil qilib, shubhali holatlarni aniqlashi kerak.
Biroq Vashingtonning o‘zi ham bu choralar yetarli bo‘lmasligi mumkinligini tan olmoqda. Xitoy mavjud sxemalar o‘rniga yangi yo‘l va usullarni topishi ehtimoli bor, deydi hisobot. Shuning uchun yangi tizim tariflarni chetlab o‘tishni qay darajada samarali cheklay olishi hozircha ochiq masala bo‘lib qolmoqda.