Rossiya, Moskva - Rozenberg: Benzin yetishmayapti, ammo vatanparvarlik ruhi hali so‘nmagan. Rossiyaliklar urush ta’sirini tobora ko‘proq his qilmoqda.
- Author, Stiv Rozenberg
- Role, BBCning Rossiya bo‘yicha muharriri
- Reporting from, Moskva
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Moskva janubi-sharqidagi yonilg‘i quyish shoxobchasida Svyatoslav mashinasida ikki soatdan beri navbat kutmoqda.
Oldindagi tabloda hozirgina yonilg‘i yo‘qligi haqidagi yozuv paydo bo‘ldi.
«Aytishlaricha, bu yerga benzin keladi», deydi Svyatoslav umid bilan. «Faqat qachonligini bilishmaydi. Balki bugun, balki ertaga».
Undan nima uchun boshqa yonilg‘i quyish shoxobchasiga ketmayotganini so‘rayman.
«Boshqa joyga yetib olish uchun bakimda benzin yetarli emas», deb javob beradi Svyatoslav.
Benzini yetarli bo‘lgan taqdirda ham, Svyatoslav bu muammoni tezda hal qila olmasligi aniq. Bu hafta Moskva bo‘ylab, shuningdek, Rossiyaning boshqa hududlarida ham benzin uchun uzun navbatlar paydo bo‘ldi.
Rossiya amaldorlari buni «neftni qayta ishlash zavodlarida rejadan tashqari ta’mirlash ishlari» bilan izohlamoqda.
Bu ta’mirlash ishlariga Ukraina dronlarining Rossiyadagi neft inshootlariga zarbalari sabab bo‘ldi. Bunday uzoq masofali hujumlar shu yoz boshida ham katta yonilg‘i tanqisligini keltirib chiqargan edi. Neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar shiddat bilan davom etmoqda.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Bu safar Moskvadagi navbatlar avvalgidan ham uzun. Hokimiyat neftni qayta ishlash quvvati va logistika bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda qiynalayotganga o‘xshaydi.
«Yonilg‘i inqirozining ikkinchi to‘lqini kuchaymoqda», deb yozdi shu hafta «Nezavisimaya gazeta».
Bu hafta Moskva bo‘ylab mashinada yurganda ikki narsa ko‘zga tashlanadi: Rossiya Bayrog‘i kuniga bag‘ishlangan ulkan bilbordlardagi vatanparvarlik ruhidagi e’lonlar va benzin uchun cho‘zilgan ulkan navbatlar.
Moskvadagi bir yonilg‘i quyish shoxobchasi oldida navbat kutayotgan 80 ta transport vositasini sanadim.
Yonilg‘i topish endi doimiy kurashga aylangan.
«Kecha kechqurun soat 11 da benzin olgani bordim», deydi yana yonilg‘i uchun navbatda turgan Yelizaveta. «Tun yarmida navbatning oldiga yetib keldim. Keyin shoxobchani tungi soat 2 gacha yopib qo‘yishdi».
«Kecha Moskvaga viloyatdan mashinada keldim», deydi Lyubov.
«Yo‘l bo‘yi yonilg‘i quyish shoxobchalarining hammasi deyarli bo‘sh edi».
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Navbatda xotirjam turish uchun Lyubov o‘zining Agata ismli kuchukchasini erkalamoqda.
Lyubov yoqilg‘i inqirozini qanday baholaydi?
«Hamma mamlakatda vaziyat og‘irligini aytyapti», deydi u. «Hamma buni o‘sha vaziyat bilan bog‘layapti».
Rossiya 2022 yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinini boshlashidan oldin Rossiya ichidagi neftni qayta ishlash zavodlariga yoki boshqa infratuzilma ob’ektlariga dron hujumlari bo‘lmagan edi. Ammo bu zarbalar Kremlni siyosatini o‘zgartirishga majbur qilganicha yo‘q. Moskva hali ham Ukrainaga qarshi urushini «maxsus harbiy operatsiya» deb atashda davom etmoqda.
Inqirozni yumshatish uchun Rossiya benzin import qilishni boshladi.
Energetika sohasidagi yirik davlat va dunyodagi eng katta xom neft eksportchilaridan biri sifatida tanilgan mamlakat uchun bu g‘ayrioddiy holatdir.
Yoqilg‘i tanqisligini kamaytirish maqsadida hukumat vaqtincha Euro 2 kabi pastroq standartdagi benzin ishlab chiqarish va sotishga ham ruxsat berdi. Bunday benzin tezroq ishlab chiqariladi. Euro 2 tarkibida zamonaviy Euro 5 yoqilg‘isiga nisbatan 50 baravargacha ko‘proq oltingugurt bo‘ladi. U Rossiyada 2013 yilda taqiqlangan edi.
Bunday yoqilg‘iga nisbatan ogohlantirish ham bor.
«Zamonaviy avtomobillar uchun past standartdagi benzindan muntazam foydalanish yoqilg‘i forsunkalari, yondirish shamlari, kislorod datchiklari, katalitik neytralizator va tutun filtriga tushadigan yuklamani oshirishi mumkin», deb yozdi hukumatga qarashli «Rossiyskaya gazeta». «Euro 2 bir marta quyilganda motorni ishdan chiqarmaydi. Ammo xavfsizlik zaxirasini keskin kamaytiradi».
Urush ta’sirini ruslar his qilishiga faqat neft inshootlarining nishonga olinishi sabab bo‘layotgani yo‘q.
Rossiyaning Amazon'ga o‘xshash Wildberries kompaniyasi taqsimot markazlariga uyushtirilgan Ukraina zarbalari xaridorlar uchun noqulaylik, sotuvchilar uchun esa iqtisodiy zarar keltirmoqda.
Bu hafta prezident Vladimir Putin sanoat ob’ektlari va infratuzilmaga qilingan hujumlar «albatta zarar yetkazayotganini» tan oldi.
«Biz buni tushunamiz, ko‘ryapmiz», dedi u.
Ammo Kreml rahbari muammolar ko‘lamini kichraytirib ko‘rsatishga urindi.
«Bunday hujumlardan hal qiluvchi oqibatlar kelib chiqmayapti. Bunday holat bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emas».
Boshqacha aytganda, vahima qilishga hojat yo‘q.

«Odamlarning hissiyotlari bilan Vladimir Putin tasvirlayotgan voqelik o‘rtasida uzilish bor. Bu uning o‘z ongidagi shaxsiy voqelik tasviri», deb hisoblaydi mustaqil «Novaya gazeta» nashri sharhlovchisi Andrey Kolesnikov.
«Balki u hammasi yaxshi ekanligiga o‘zini ishontirishga harakat qilayotgandir».
Rossiya ichidagi so‘nggi ijtimoiy so‘rovlar, jumladan Jamoatchilik fikri jamg‘armasi o‘tkazgan tadqiqotlar jamiyatda xavotir kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa Kremlning «xotirjam bo‘ling va hayotingizni davom ettiring» degan chaqirig‘i kutilgan ta’sirni bermayotganidan dalolat bo‘lishi mumkin.
«Doimiy xavotir hissi hozir hammaning ichida bor. Nimadir noto‘g‘ri ketayapti degan tuyg‘u paydo bo‘ladi. Asosiy kayfiyat aynan xavotirdir», deydi Kolesnikov.
«Bu tuzum kelajakning hech qanday modelini taklif qila olmayapti: yaqin kelajakni ham, o‘rta muddatli yoki uzoq muddatli kelajakni ham. Biz hozir "buyukmiz". Ammo bu buyuklik nimada namoyon? Benzin inqirozidami? Shu ma’noda kelajak bo‘g‘ib qo‘yilgan. Odamlar kelajak haqida o‘ylamaslikka harakat qilmoqda. Rejalashtirish ufqi juda qisqa».
Svyatoslav bilan suhbatlashgan shoxobchadan bir necha daqiqalik yo‘lda yana bir uzun navbatga ko‘zim tushdi.
Ammo bu safar navbat paxtaqand uchun edi.
Mahalliy hokimiyat Rossiya Bayrog‘i kuni munosabati bilan savdo rastalari tashkil etgan va ko‘cha kontserti uyushtirgan.
Benzin tanqisligi bo‘lishi mumkin. Ammo vatanparvarlik «tanqis» emas. Hech bo‘lmasa shu yerda u «mo‘l-ko‘l».
«Bu mening mamlakatim, mening taqdirim, mening orzum», deb kuylayapti xonanda. «Men bayrog‘imni baland ko‘taryapman. Mamlakatim bayrog‘ini».

Ko‘ngillilar maydonga yig‘ilganlarga Rossiyaning uch rangli bayroqlarini tarqatmoqda.
«Aziz do‘stlar, biz ajoyib mamlakatda yashaymiz!» deydi notiqlardan biri. «Biz doim g‘alaba qozonishimizni bilamiz. Sizlarga tinch osmon, yaxshi kayfiyat, farovonlik va mamlakatimizdan faxrlanish tuyg‘usini tilayman».
Paxtaqand bilan birga bu yerda Kalashnikov avtomatlari ham bor.
Rastalardan birida bolalarga turli harbiy qurollar, jumladan qo‘lda ko‘tarib yuriladigan raketa uchirgichlar ko‘rsatilmoqda. Bolalar qurollarni qo‘lga olib, ular bilan suratga tushmoqda.
Bu Rossiya jamiyatida harbiylashuv kuchayib borayotganidan darak beradi.
Vatanparvarlik ruhidagi tadbir ayrim odamlarning kayfiyatini ko‘tarmoqda.
«Qiyinchiliklar bizni birlashtiradi», deydi nafaqaxo‘r Tatyana. «Sharoit qanchalik og‘ir bo‘lsa, shunchalik kuchli bo‘lamiz».
Biroq urush odamlar ongida juda muhim o‘rin tutmoqda, ayniqsa Moskva viloyatiga qilingan Ukraina dron hujumlari.
«Uyquga yotar ekansiz ertalab uyg‘onish-uyg‘onmasligingizni bilmaysiz», deydi Angelina. «Yagona muammo shu. Qolgan hamma narsa yaxshi».
«Bizning muammolarimiz yuqori narxlar, benzin tanqisligi va kecha birinchi marta derazalarim silkindi. "Bum-bum!" degan ovozni eshitdim», deydi yana bir ayol.
«Hozir eng muhimi ruhiy holatingizga e’tibor berish, uni mustahkam va sinmas qilish. Shunda nima bo‘lishidan qat’i nazar: "Mayli, hechqisi yo‘q", deb ayta olasiz».
Bunday fikrlar ruslar atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga ta’sir o‘tkaza olishlariga ishonmasliklarini ko‘rsatadi. Ular qila oladigan yagona narsa, o‘z nazarlarida, vaziyatga moslashishga urinishdir.


































