Isroil G‘arbiy Sohilda yopilgan kelgindilar manzilgohni qayta tikladi, falastinliklar xavotirda

2026 yil 20 avgust kuni G‘arbiy Sohildagi Jenin shahri yaqinida joylashgan sobiq Kadim manzilgohiga isroillik kelgindilar ko‘chib kelmoqda.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Kadimga kelayotgan kelgindilar yotoq jihozlari, mebel va qurilish materiallarini ham olib kelgan.
    • Author, Lyusi Uilyamson
    • Role, BBCning Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha muxbiri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Isroilning yangi avlod kelgindilari bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Kadim manzilgohiga qaytdi. Bu manzilgoh avvalgi Isroil hukumati qarori bilan yopilganidan buyon qariyb yigirma yil o‘tgan edi.

Kelgindilarning mintaqaviy kengashi ma’lumotiga ko‘ra, payshanba kuni Tel-Avivdan "peshqadam oilalar" sifatida ta’riflangan 30 ta oila Kadimga ko‘chib kelgan. Bu jarayon Isroilda hozirgi hukumat qo‘llab-quvvatlayotgan yahudiy millatchiligi kayfiyatlari kuchayib borayotgan bir paytda yuz bermoqda.

Oilalar kichik guruhlarga bo‘linib kelgan. Ayrimlariga harbiylar hamrohlik qilgan. Avtomobillaridan Isroilning moviy-oq bayroqlari hilpirab turgan, ular esa Falastin qishloqlari va qishloq xo‘jaligi yerlari orasidan o‘tib borgan. Ba’zi kelgindilar yotoq jihozlari, mebel va qurilish materiallari yuklangan tirkamalarni ham olib kelgan.

Isroil hukumati Jenin atrofidagi yahudiy manzilgohlariga qo‘yilgan 20 yillik taqiqni bekor qildi. Falastinliklar esa manzilgohlarni kengaytirishga qaratilgan yangi harakatlarni xavotir bilan kuzatmoqda.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, Isroilning G‘arbiy Sohildagi barcha manzilgohlari va kelgindilar forpostlari noqonuniy hisoblanadi. Bunday forpostlar Isroil qonunchiligiga ko‘ra ham noqonuniy sanaladi, ammo ko‘p hollarda davlat xizmatlari va moliyaviy ko‘makka ega bo‘ladi.

Manzilgohning qayta ochilish marosimida qatnashgan Isroilning o‘ta o‘ngchi moliya vaziri Bezalel Smotrich shunday dedi:"Shimoliy Samariyadan quvib chiqarilish jinoyati sodir etilganiga 21 yil bo‘ldi. Endi bu xatoni tuzatdik va Kadim manzilgohiga qaytdik".

U G‘arbiy Sohilning shimoliy qismini Injildagi atama bilan "Shimoliy Samariya" deb atadi.

Marosimda Isroil adliya vaziri, Knesset raisi va kelgindilarning mintaqaviy kengashi rahbari Yossi Dagan ham qatnashdi. Dagan kelajakda kelgindilar G‘azoga ham qaytishini aytdi.

Jenin shahri yaqinidagi tepalikda joylashgan Kadim manzilgohi 2005 yilda Isroil hukumati tomonidan bo‘shatilgan edi. Bu qaror bir tomonlama «ajralish rejasi» doirasida qabul qilingan bo‘lib, o‘sha paytda G‘azodan barcha yahudiy kelgindilari va isroillik askarlar olib chiqilgan, G‘arbiy Sohil shimolidagi yana uchta manzilgoh ham tugatilgan edi.

O‘sha vaqtda mazkur to‘rt manzilgoh haddan tashqari yakkalanib qolgan, ularni qo‘riqlash qimmatga tushadigan va strategik ahamiyati cheklangan hududlar sifatida baholangan.

Kadim manzilgohida to‘plangan bir guruh erkaklar quyoshli kunda bayramona kayfiyatda nishonlamoqda.
Surat tagso‘zi, Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrich va Knesset raisi Amir Ohana ham qatnashgan milliy marosim Kadim manzilgohining qayta ochilishi munosabati bilan o‘tkazildi.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

So‘nggi haftalarda esa Kadim tepaligida yana oq rangli ko‘chma uy-tirkamalar paydo bo‘ldi. Bu yerga oilalarning qaytishi uchun tayyorgarlik ko‘rilayotganidan dalolat beradi.

BBC muxbirlarining ochilish marosimi ishtirokchilari bilan suhbatlashish haqidagi iltimosi rad etildi. Ularga o‘sha kuni ommaviy axborot vositalari vakillari manzilgohga kiritilmasligi aytildi.

Manzilgoh ortidagi tuproq yo‘l bo‘ylab harakatlanar ekanmiz, 53 yildan buyon tug‘ilib o‘sgan uyida yashayotgan falastinlik sabzavot yetishtiruvchi dehqonga duch keldik.

Uning aytishicha, bolaligida Kadimning qurilishini ko‘rgan. Keyin esa 20 yil avval hukumat qarori bilan kelgindilarning bu yerdan chiqarib yuborilishiga ham guvoh bo‘lgan.

"O‘sha paytda kelgindilar biz bilan yonma-yon yashardi. Tinch-totuv hayot kechirardik. Ular o‘z hayoti bilan, biz esa o‘z hayotimiz bilan yashardik", dedi u.

Biroq endi u kelgindilarning qaytishidan xavotirda.

"Atrofimizdagi voqealardan qo‘rqyapman. Yangi aylanma yo‘l qurilishi uchun do‘konlar va korxonalar buzib tashlandi", dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgindilar qarindoshlarini sabzavot va sitrus daraxtlari ekilgan yerlardan haydab chiqargan.

"Ularga: "Bu yerda sizlarga joy yo‘q, qayta kelmang", deyishgan".

Dehqon oilasi 1948 yilgi arab-isroil urushi davrida Hayfa shahridan bu hududga ko‘chib kelganini aytdi.

"Menda boshqa ko‘chishga toqat ham qolmagan. Endi taqdirga tan berish kayfiyatida yashayapmiz. Bu doimiy qo‘rquv hayoti", dedi u.

2005 yilda Kadim va yana uch manzilgoh bo‘shatilganidan keyin bu hududga isroilliklarning ko‘chib kelishlari taqiqlangan edi. Ammo hozirgi Isroil hukumati bu taqiqni bekor qildi.

Kadim 2005 yilda bo‘shatilgan manzilgohlar orasida oxirgi bo‘lib qayta ochilmoqda. Bungacha Ganim, Sanur va Xomesh rasman qayta ishga tushirilgan, u yerlarga oilalar ham ko‘chib borgan.

Biroq bu manzilgohlar G‘arbiy Sohil bo‘ylab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli manzilgohlar siyosati oldida juda kichik qism hisoblanadi. Hozirgi hukumat 2022 yil oxirida hokimiyatga kelganidan buyon G‘arbiy Sohilda yuzdan ortiq yangi manzilgohga ruxsat bergan. Shularning 19 tasi hududning shimoliy qismida joylashgan.

"Peace Now" tashkilotining Manzilgohlar monitoringi dasturi rahbari Xagit Ofranning fikricha, Jenin atrofida kuzatilayotgan tezkor qurilish ishlari oktyabr oyida o‘tishi kutilgan Isroil saylovlari oldidan manzilgohlarni imkon qadar kengaytirishga qaratilgan harakatning bir qismi hisoblanadi.

Jeninning g‘arbida joylashgan yangi Emek Dotan manzilgohi shulardan biri. U o‘tgan yakshanba kuni rasman ochildi va hozirda u yerda qariyb yigirmata yahudiy oila yashamoqda.

Emek Dotanga qo‘shni falastin qishlog‘ida istiqomat qiluvchi o‘qituvchi Samer Jobir manzilgohning bosqichma-bosqich qurilishini kuzatganini aytadi.

"Avval buldozerlar keldi, keyin ko‘chma uylar o‘rnatildi. Muammolar esa oilalar kelmasidan oldin boshlangan edi", dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgindilar guruhlari tez-tez qishloqqa kelib, mahalliy aholini tasvirga oladi.

"Kecha ham kelib, men va bolalarimni videoga olishdi. Xotinim tashqariga chiqsa ham kamerani unga qaratdilar. Ular uylarimizga kirishga urinmoqda. Tungi ikki-uchlarda esa har bir derazaga kuchli projektorlar yoritadi".

Falastinlik o‘qituvchi Samer Jobirning aytishicha, yangi manzilgoh qurilishi bilan bog‘liq muammolar oilalar kelib joylashishidan oldin boshlangan.
Surat tagso‘zi, Falastinlik o‘qituvchi Samer Jobir BBCga aytishicha, oilalarning aksariyati kelib joylashmasidan avvaloq muammolar boshlangan.

Ko‘rish qobiliyati cheklangan va oyog‘idan jarohat olgan Samer o‘zini himoyasiz his qilishini aytadi.

"Qo‘rquv hamma narsadan ustun. Biz mutlaqo himoyasiz qolganmiz. Ularning barchasida qurol bor. Bolalarim uchun xavotirdaman, shuning uchun uyning bu tomonini beton bloklar bilan to‘smoqdaman".

Samerning aytishicha, so‘nggi bir necha yil ichida G‘arbiy Sohilning boshqa hududlarida ham manzilgohlar soni va kelgindilar tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar ko‘payib borgan. Bu jarayon xalqaro bosimlarga qaramay davom etmoqda.

"Yevropaning bizga ajratadigan vaqti yo‘q. Amerika Eron bilan band. Xitoy esa bu masalaga qiziqmaydi", dedi u vaziyatni tahlil qilib.

"Rossiya Ukraina urushi bilan ovora, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’sirini yo‘qotgan, arab davlatlari esa o‘z ichki muammolari bilan mashg‘ul".

So‘zlarida g‘azab va alam sezilib turgan Samer shunday dedi:

"Demokratik tizimlar tugadi, ular endi ishlamaydi. Sivilizatsiya, taraqqiyot va zamonaviylik haqidagi gaplar esa afsonadan boshqa narsa emas".

Jenin atrofidagi yangi manzilgohlar bilan bir qatorda, ikki yangi Isroil harbiy bazasi ham jadal sur’atlarda qurilmoqda. Baland beton devorlar, kuzatuv minoralari va tikonli simlar bilan o‘ralgan hududlarda qurilish texnikalari ishlamoqda. Shamolda esa Isroil bayroqlari hilpirab turibdi.

Shuningdek, Jenin qochqinlar lageri yaqinida musodara qilingan falastin yerlarida yangi harbiy tayanch punkti ham barpo etilmoqda. Bu 1993 yilda Oslo kelishuvlari imzolanganidan beri Falastin ma’muriyati nazoratidagi hududda qurilayotgan birinchi Isroil harbiy bazasi hisoblanadi.

Isroil armiyasi 2025 yilda lager nazoratini qo‘lga olishdan oldin minglab aholini Jenin qochqinlar lageridan evakuatsiya qilgan edi.

Isroil Mudofaa kuchlari Jabriyat hududidagi harbiy ob’ekt qurilishi "operativ ehtiyojlarga muvofiq" boshlanganini tasdiqladi.

Falastin ma’muriyatining Jenin viloyati hokimi Kamal Abu ar-Rubning aytishicha, qochqinlar lageri atrofidagi yerlarning musodara qilinishi kelgusida bu yerlarga kelgindilarni joylashtirish rejasidan darak berishi mumkin.

"Bu Falastin shahrining qoq markazida Xevron yoki Quddusdagi kabi bo‘linishni yuzaga keltirishi mumkin", dedi u.

Abu ar-Rub Jenin atrofida kelgindilar bo‘lmagan so‘nggi yigirma yillik davrni "osoyishta davr" deb ta’rifladi.

"Endi esa ular va ularning hujumlari yuzaga keltirgan do‘zaxda yashamoqdamiz", dedi u. "Bu harakatlanish erkinligimizni cheklamoqda. Yo‘llar yopilmoqda, yerlar buldozerlar bilan tekislanmoqda, daraxtlar kesilmoqda".

Bu hududda o‘zgarishlar nihoyatda tez kechmoqda.

Bir necha hafta avval men Kadimdan G‘arbiy Sohilning shimoli orqali Isroilga olib boradigan yo‘l bo‘yidagi qahvaxonalardan birida qahva ichib o‘tirgan edim. Bugun esa o‘sha qahvaxona va uning atrofidagi o‘nlab falastin do‘kon va korxonalari yo‘l chetidagi vayronalarga aylangan. Ular Isroil armiyasi tomonidan buzib tashlangan.

Mahalliy aholi uchun oktyabrdagi Isroil saylovlarigacha bo‘lgan vaqt endi qancha falastin binosi buzilishi va qancha yangi kelgindilar karavonlari o‘rnatilishi bilan o‘lchanmoqda.