Tataristonga hujum O‘zbekistonning Ukraina urushiga betarafligi sinovi bo‘ldi

Tegishli tashkilotlar xodimlari jasadlar ortilgan qutilarni samolyotga yuklamoqda.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Jasadlar marhumlarning yashash manzillariga yetkazildi.
    • Author, BBC Monitoring
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

10 avgust kuni Rossiya Tatariston Respublikasining Nijnekamsk shahriga Ukraina uyushtirgan dronlar zarbalari oqibatida sakkiz nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohat oldi.

Bu Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Rossiyaga qarshi amalga oshirilgan eng qonli Ukraina hujumlaridan biri bo‘ldi.

Kreml bu hodisani shu zahoti "natsistik Kiev rejimi" tomonidan sodir etilgan terrorchilik hujumi deb qoralagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston rasmiylari sukut saqlab kelmoqdalar.

Nijnekamskdagi fojea yuzasidan O‘zbekistogn Tashqi ishlar vazirligi tomonidan hech qanday izoh yoki siyosiy bayonot berilmadi, O‘zbekiston fuqarolarining o‘limi uchun mas’uliyat masalasi ko‘tarilgan talablar ham bildirilmadi.

Bunday ehtiyotkor munosabat Toshkent Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon yuritib kelayotgan nozik diplomatik muvozanatni namoyon etadi.

O‘zbekiston bir tomondan Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy jihatdan bog‘liq holda qolar ekan, ikkinchi tomondan Ukrainaning suverenitetini qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasini saqlashga harakat qilmoqda.

Nima bo‘ldi?

Nijnekamsk sanoat zonasidagi xostel binosi vayronalari

Surat manbasi, t.me/eveningkzn

Surat tagso‘zi, Nijnekamsk sanoat zonasidagi xostelda to‘qqiz inson halok bo‘lganini xabar qildi Tatariston rasmiylari

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 10 avgust kuni Telegram orqali bayonot berib, Tatariston Respublikasining Nijnekamsk shahridagi neftni qayta ishlash zavodiga dronlar hujumi oqibatida sakkiz nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani va yana bir necha kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Vazirlik Ukraina nomini tilga olmagan holda, "Nijnekamskdagi hodisa"da halok bo‘lgan fuqarolar mahalliy korxonada ishlagan quruvchilar ekanini bildirdi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan jabrlanganlar va ularning oilalariga yordam ko‘rsatish, halok bo‘lganlarning jasadlarini maxsus charter reysi orqali O‘zbekistonga olib kelish uchun hukumat komissiyasi tuzilgani xabar qilindi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa davlat tashkilotlari vakillaridan iborat komissiya o‘sha kuniyoq Tataristonga jo‘nab ketdi.

Shuningdek, vazirlik Qozondagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Milliy migratsiya agentligi vakillari 10 avgustning o‘zida hodisa joyiga yetib borgani va mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotganini ta’kidladi.

Toshkent rasmiylari jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rgan bo‘lsa-da, hujumning o‘zi yuzasidan hozircha rasmiy munosabat bildirmadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z rasmiy sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mazkur hujum haqida ma’lumot bermagani kuzatildi.

O‘zbekistondagi davlat nazoratida bo‘lgan ommaviy axborot vositalari ham ushbu mavzu bo‘yicha sukut saqlab kelayapti.

Nega bu hodisa ro‘y berdi?

Toshkentning Nijnekamskdagi hujumga izoh berishdan tiyilishi kutilgan holat edi.

Chunki O‘zbekiston urush boshlanganidan buyon betaraf pozitsiyani saqlab, Rossiya bilan yaqin aloqalarini davom ettirgan holda, Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani kuzatiladi.

Hujumni qoralovchi har qanday bayonot siyosiy jihatdan Rossiya tomonini olishni anglatgan bo‘lardi, O‘zbekiston esa 2022 yildan beri bunday qadamdan ehtiyotkorlik bilan qochib kelmoqda.

Rossiya O‘zbekiston uchun muhim hamkor hisoblanadi, chunki ikki mamlakat o‘rtasida umumiy Sovet o‘tmishi merosi sifatida shakllangan chuqur iqtisodiy integratsiya mavjud.

O‘zbekiston Markaziy bankining eng so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun eng yirik yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Hozirda xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining taxminan 60 foizi, ya’ni 1,4 millionga yaqini aynan Rossiyada ishlayaptilar.

Bu ma’lumot 14 avgust kuni Kursiv.media saytida e’lon qilindi.

Kreml bilan yaqin munosabatlarni saqlab kelayotganiga qaramasdan, Toshkent Moskvaning hanuz sezilarli saqlanayotgan siyosiy ta’siridan ham ehtiyot bo‘lib keladi.

Shu sababli O‘zbekiston sobiq Sovet respublikalaridan biri bo‘lgan Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Chunki Rossiyaning harbiy tajovuzi xavfli pretsedent yaratishi, kelajakda O‘zbekistonning o‘ziga xos suvereniteti va chegaralari uchun ham ehtimoliy tahdid tug‘dirishi mumkin.

Fojeaga qanday munosabatlar bildirildi?

Iqtibos

Hukumat sukut saqlayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi siyosiy tahlilchilar va sharhlovchilar bu voqeaga keskin munosabat bildirdilar.

Ular Ukrainadan hujum uchun uzr so‘rash va qurbonlar oilalariga hamdardlik izhor etishni talab qildilar.

Siyosiy tahlilchi Shavkat Saidov O‘zbekiston Ukraina bilan do‘stona munosabatlarni saqlab kelayotganini eslatib o‘tib, Kiev ham shunga mos tarzda munosabat bildirishi kerak, dedi.

"Ukraina tomoni, albatta, uzr so‘rashi, afsus bildirishi va zarur bo‘lsa, tovon puli masalasini ham ko‘tarib, yordam berishga tayyor ekanini aytishi kerak", dedi u 12 avgust kuni Kunuz YouTube kanaliga bergan intervyusida.

13 avgust kuni Fikrat YouTube kanaliga bergan intervyusida siyosiy tahlilchi Hamza Boltaev shunday dedi:

«Mehnat muhojirlarining o‘limi O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarni davlat siyosati darajasida yomonlashtirmasa ham, jamoatchilik fikri va qarashlari nuqtai nazaridan olganda, jamiyat va oddiy odamlar orasida Ukrainaga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishiga olib kelishi mumkin».

Ayni paytda Kremlni qo‘llab-quvvatlaydigan blogerlar va Telegram kanallari Toshkentni mazkur hujum uchun Kievni ommaviy ravishda qoralashga chaqirdilar.

Telegram'dagi bir postida rossiyalik siyosatshunos Vadim Truxachyov hodisa oqibatida o‘zbekistonliklar bilan bir qatorda bir nafar Tojikiston fuqarosi ham halok bo‘lganini ta’kidladi.

U, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlarini ikki xil standartni qo‘llashda ayblab, o‘tgan yili har ikki mamlakat Rossiya politsiyasi tomonidan muhojirlarga nisbatan kamsituvchi munosabat yuzasidan Kremlga tezda nota yuborganini eslatdi.

«Ukrainaning Nijnekamskka dron hujumi oqibatida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari halok bo‘ldilar. Ammo bu mamlakatlar Ukraina bilan munosabatlarni uzadimi? Balki maxsus harbiy operatsiyaga yordam berish uchun qo‘shin yuborishar? Biroq hozircha ular hatto Ukrainaga norozilik ham bildirganlari yo‘q. Hech bir elchini chaqirtirishmadi. Shu bilan birga, migratsiya bo‘yicha arzimas reydning o‘zi uchun Rossiya elchisini chaqirtiradilar. Bu ular qanday hamkor ekani va aslida kimning tomonida turganlarini ko‘rsatadi», deb yozdi Truxachyov.

Endi nima bo‘ladi?

Nijnekamskdagi hujum shuni ko‘rsatadiki, urush davom etar ekan, O‘zbekiston hokimiyati uchun Kiev va Moskva bilan munosabatlarda diplomatik muvozanatni saqlab qolish tobora qiyinlashib boradi.

Urushga u yoki bu tarzda tobora ko‘proq o‘zbekistonliklar jalb etilayotgani sababli, Toshkentdan o‘z fuqarolarini himoya qilishni talab qiluvchi jamoatchilik bosimi ham ortishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning urush bo‘yicha betaraf pozitsiyasi allaqachon bir nechta yo‘nalishda sinovlarga duch kelmoqda.

G‘arb davlatlari Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beruvchi har qanday kompaniya ikkilamchi sanksiyalarga uchrashi mumkinligidan O‘zbekistonni ogohlantirgan.

Yevropa Ittifoqi esa 2025 yilda Rossiya armiyasiga ikki maqsadda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib bergani uchun bir necha O‘zbek shirkatiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan.

Biroq eng katta muammo o‘zbekistonlik fuqarolarning yuqori maosh va fuqarolik va’dalari bilan Rossiya armiyasi safiga jalb qilinayotganidir.

Ukraina hukumati qo‘llab-quvvatlaydigan «Xochu jitь» loyihasining xabar qilishicha, 1 iyun holatiga ko‘ra, qariyb 5000 nafar o‘zbekistonlik Rossiya tomonida turib urushda ishtirok etayapti.

Iqtisodchi Rinat Sagitovning fikricha, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini Rossiyaga yo‘l olishga majbur qilayotgan asosiy omil O‘zbekistondagi "og‘ir iqtisodiy voqelik"dir.

Uning ta’kidlashicha, mamlakat ichida haqiqiy iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmas ekan, odamlar tirikchilik uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishda davom etadi.

Sagitov o‘zining "Golos Djelsomino" deb nomlanadigan Telegram kanalida 11 avgust kuni shunday yozdi:

"Ikkita parallel voqelik mavjud. Birinchisida saroylari bor, go‘yoki mavjud bo‘lmagan oligarxiya bor, Davlat statistika qo‘mitasi hisoblab chiqqan ming dollardan yuqori o‘rtacha oylik maoshlar bor, iqtisodiy o‘sish sur’ati 7,7 foizni tashkil etadi va farovonlik manzarasi chizilgan. Ikkinchisida esa og‘ir haqiqat bor: o‘z oilasini boqish uchun tom ma’noda o‘qlar ostida emaklab yurishga tayyor qashshoq odamlar bor".