O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashiga nomzodini ilgari surdi

Saida Mirziyoyeva
Surat tagso‘zi, Vakolatlari kengayib borayotgan O‘zbekiston prezidentining qizi ilk bor BMT Bosh Assambleyasida qatnashdi
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi va Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasining umumiy munozaralarida ilk bor ishtirok etdi.

U oliy darajadagi minbardan turib O‘zbekistonning pozitsiyasini bayon qilar ekan, bugun insoniyat oson davrda yashamayotgani, dunyoda urushlar davom etayotgani, geosiyosiy ziddiyat keskinlashib, ishonch muhiti susayayotgani va tengsizlik kuchayayotganini qayd etdi.

"Bunday paytda har bir davlat oldida tanlov turadi. Bu borada O‘zbekiston o‘z yetakchisi – prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘z tanlovini qilgan. Bu – ochiqlik tanlovi, qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar tanlovi, dunyo bilan muloqot tanlovi. Ochiqlik zaiflik emas, aksincha, tinchlik va kelajak uchun harakat qilish, mas’uliyatni zimmaga olishdir", dedi Mirziyoyeva.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

"Hokimiyat qonundan ustun emas"

Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida qonun ustuvorligiga ham urg‘u berdi. Uning ta’kidlashicha, "hokimiyat qonundan ustun emas" va sudga murojaat qilgan har bir inson, kimligidan qat’i nazar, adolat qaror topishiga ishonishi kerak.

Biroq O‘zbekistondagi sudlarning mustaqil emasligini ko‘plab kuzatuvchilar tanqid qilib keladi.

Yaqinda farg‘onalik tadbirkor va viloyat kengashi deputati Mo‘’minjon Yo‘ldoshev ham BBC bilan suhbatda mamlakatdagi sudlarning mustaqilligiga ishonmasligini aytdi. U Londonda Buyuk Britaniya hukumatidan siyosiy boshpana so‘ragan.

"Agar odilona sud bo‘lganida men bu yerda o‘tirmagan bo‘lar edim", dedi u Londonda.

Saida Mirziyoyeva esa BMT minbaridan turib, Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz huquqi printsiplariga asoslangan alohida xalqaro tijorat sudi tashkil etilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston kim tomonda?

U bugun dunyoda davlatlardan «Siz qaysi tomondasiz?» deb so‘ralayotganini ko‘rayotganini aytar ekan, bu savolga O‘zbekistonning javobi aniq ekanini ta’kidladi.

"Biz insoniyat tomonidamiz! Bilim olish, kasb egallash va o‘z kelajagini o‘zi belgilashni istagan yoshlar tomonidamiz. Chunki biz uchun davlatning haqiqiy qudrati – faqat O‘zbekistonning yoshlari", dedi Mirziyoyeva.

Saida Mirziyoyeva BMT minbarida nutq o'qiyapti
t.me/SShMirziyoyeva
Hokimiyat qonundan ustun emas. Sudga murojaat qilgan har bir inson, kimligidan qatʼi nazar, adolat qaror topishiga ishonishi shart.
Saida Mirziyoyeva
Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari (Batafsil: BBC.COM/UZBEK)

Bundan 3 yil oldin, aniqrog‘i 2023 yil 13 martda Surxondaryodagi yig‘ilishda prezident Mirziyoyev ham shunday savolga javob bergan edi.

"Zamon juda murakkab, hozir katta-katta davlatlar O‘zbekiston, sen kim tomondasan, deyapti. Neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi endi, yo u tomonga, yoki bu tomonga o‘tgin. Qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib, o‘zlari ham shunga da’vat qilyapti. Bizga kerak O‘rta Osiyoda O‘zbekiston. Aholisi 36 million bo‘ldi, 3-4 yilda 40 million bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tomonsan, deyapti. Qani, bunday og‘ir savolga qanday javob berish kerak?! Javobim bitta — bir tomonman. Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman, deb javob beraman", degan edi o‘shanda Mirziyoyev.

BMT Xavfsizlik kengashiga qo‘shilish maqsadi

Saida Mirziyoyevaning nutqi davomida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi kelgusi rejalari ham ma’lum qilindi. U O‘zbekiston 2035–2036-yillar uchun BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surganini e’lon qilib, tashkilotga a’zo davlatlarning qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi.

"O‘zbekiston BMT Bosh kotibining tashkilotni zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan shaxsan tashabbusi doirasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz BMT Xavfsizlik kengashi tarkibini zamonaviy reallikdan kelib chiqib kengaytirish tarafdorimiz", dedi Mirziyoyeva.

10 yillik sarhisobi

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

O‘zbekiston vakilasi so‘zida davom etar ekan, Shavkat Mirziyoyev davrida erishilgan natijalarni quyidagi raqamlarda keltirib o‘tdi:

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston aholisining xarid qobiliyati ikki barobar oshgan, iqtisodiyot hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetgan, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingan, qariyb o‘n million nafar odam kambag‘allikdan chiqarilgan.

"O‘zbekiston xalqi va prezidenti tinchlik, birdamlik, ishonch va inson qadri ustuvor bo‘lgan dunyo barpo etilishiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor".

Gazeta.uz nashrining yozishicha, Mirziyoyeva 21 sentyabr kuni Nyu-Yorkda sessiya doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashib, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, xavfsizlik masalalarini muhokama qilgan.

"Xalqaro tizim uchun bunday murakkab bir paytda janob Guterrishga global miqyosdagi kuchli yetakchiligi va xavfsizlikning barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildiraman", dedi u.

O‘zbekiston prezidentining qizi otasining ehtimoliy vorisi sifatida ko‘riladi. Administratsiyadagi hozirgi lavozimi esa 41 yoshli Mirziyoyevani amalda mamlakat hokimiyat ierarxiyasidagi ikkinchi shaxsga aylantiradi.

Mirziyoyeva (chapda) 21 sentyabrь kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi.
Surat tagso‘zi, Mirziyoyeva 21 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi.

Diplomatiyadagi rolining ortib borishi

2025 yil iyunida lavozimga kirishganidan beri Mirziyoyeva qator xorijiy safarlarni amalga oshirdi va diplomatik faoliyati haqida ijtimoiy tarmoqlarda muntazam axborot berib kelmoqda.

Mirziyoyeva 3 sentyabr kuni Telegram'dagi postida Dohada Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashib, hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilganini bildirdi.

26 avgustda u Pekinda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan savdo, investitsiya va madaniy aloqalarni qamrab olgan strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha "samimiy va mazmunli" muzokaralar o‘tkazganini aytdi.

O‘sha kuni alohida bergan xabarida Mirziyoyeva Xitoy Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi bilan ham "samimiy suhbat" o‘tkazganini bildirdi.

Ular, Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, "so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi yaqin muloqot tufayli izchil mustahkamlanib borayotgan" O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari yuzasidan fikr almashgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

Mirziyoyeva 30 iyun kuni Telegram kanalidagi postida Parijga tashrifi davomida Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar o‘tkazganini aytdi.

Ertasi kuni YouTube'da e’lon qilingan videoda u ikki mamlakat iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga harakat qilayotgan bir paytda Makron ikki tomonlama munosabatlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilishga ko‘maklashish uchun unga shaxsiy aloqa ma’lumotlarini berganini bildirdi.

Frantsiyaga tashrifi doirasida Mirziyoyeva, shuningdek, hamkorlikni kengaytirish maqsadida Frantsiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro hamda UNESCO bosh direktori Xolid al-Inoniy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

18 may kuni O‘zbekiston prezidentining qizi mamlakat tarixidagi ilk IPO'ning London fond birjasidagi listingida ishtirok etish uchun Britaniyaga tashrifi chog‘ida AQSh prezidenti Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashdi.

Aprel oyi boshida Mirziyoyeva AQShga borib, iqtisodiy va strategik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida qator yuqori martabali rasmiylar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

6 aprelda u AQSh prezidenti Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga tashrif buyurib, Serjio Gor va Tramp oilasi a’zolari bilan uchrashganini aytdi.

Mirziyoyeva Telegram'dagi qator postlarida 8 aprelda Vashingtonga borib, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Savdo vakili Jeymison Grir va Xalqaro taraqqiyotni moliyalash korporatsiyasi rahbari Ben Blek bilan uchrashganini ham bildirdi.

U 2025 yil oktyabrida Bryusselda Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiylari, Londonda esa britan siyosatchilari va biznes vakillari bilan uchrashdi. Dekabrda u Rim papasi Lev XIV bilan ham uchrashgan edi.

Yangi vazifa va vakolatlar

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov 10 sentyabr kuni Telegram'dagi postida prezident o‘z qizini Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlaganini bildirdi.

Toshkent xalqaro moliya markazi xalqaro investitsiyalarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan, o‘z regulyatori, tijorat sudi va alohida huquqiy bazasiga ega maxsus moliyaviy yurisdiktsiya hisoblanadi.

14 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Prezident Administratsiyasiga davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish hamda mansabdorlar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha keng vakolatlar beruvchi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.

Prezident Administratsiyasi O‘zbekistonda amalda siyosiy hokimiyatning eng yuqori markazi sifatida qaraladi. U boshqa davlat organlaridan yuqori turuvchi va mamlakatdagi siyosiy hamda iqtisodiy qarorlarni qabul qilish jarayonida markaziy rol o‘ynovchi tuzilma hisoblanadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Yangi qonun Mirziyoyevaning prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari sifatidagi maqomini rasmiylashtirdi. Shuningdek, uning apparatiga korruptsiyaga qarshi komplaens tuzilmalari faoliyatiga sezilarli ta’sir o‘tkazish imkonini berdi.

Iyul oyida hukumat yig‘ilishidan so‘ng prezidentning qiziga O‘zbekiston elchixonalari faoliyatini tekshirish vazifasi ham topshirildi.

O‘sha yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev xorijiy tashriflari davomida erishilgan kelishuvlar yetarli darajada amalga oshirilmayotganini tanqid qilib, O‘zbekistonning qator elchixonalari ishidan norozi bo‘lgan edi.

Saida Mirziyoyevaga, shuningdek, "o‘z vazifasini bajarmayotgan xodimlarni zamonaviy fikrlaydigan yosh kadrlar bilan almashtirish bo‘yicha takliflar kiritish" vazifasi topshirildi.