Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
O‘zbekiston: Toshkent Mariya Zaxarovaga sahna asari bilan javob berdimi? Video
Rossiya Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibasi Mariya Zaxarova O‘zbekistonda qamalgan bloger ishiga munosabat bildirib, "umumiy buyuk tariximiz"ga qora chaplashga urinayotganlar faoliyatiga huquqiy baho berilishiga umid bildirgan edi.
28 avgustdagi sahna asaridan shu ma’no anglashiladiki, SSSR O‘zbekiston uchun, O‘zbekiston xalqi uchun Rossiya siyosatchilari qo‘msaydigandek, qo‘msayotganlaridek davr bo‘lmagan.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi katta tantana bilan bayram qilindi.
Bayram tantanalarida O‘zbek baxshichiligining mumtoz namunasi, Shomurod Baxshining "Biyigul"i kuylandi.
"Biyigul" Sho‘rolar zamonida uzoq Sibir o‘lkalariga surgun qilingan O‘zbekning alamli hikoyasidir.
"Biyigul" kuylanganida O‘zbekiston paxta yakkahokimligi tufayli o‘zbekistonliklar yil boshidan oxirigacha mashaqqatli mehnatga azoblangani, evaziga esa sariq chaqa olgani, xalqning eng bilimli, ma’rifatli vakillari qatag‘on etilgani sahnasi namoyish etildi.
Mamlakat mustaqilligining yirik tadbiri repertuariga bu sahna ko‘rinishi kiritilishi, aksar tahlilchilar fikricha, yana Kuril orollaridan Boltiqbo‘yigacha bo‘lgan hududlarni o‘zining nazorati ostiga olishni orzu qilayotgan Kreml siyosatchilariga berilgan mujda bo‘ldi.
Shu kunlarda Rossiya Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibasi Mariya Zaxarova o‘zbekistonlik bloger Aziz Hakimovga nisbatan qamoq jazosi hukmi chiqarilgani munosabati bilan bayonot e’lon qildi.
Mariya Zaxarovaga ko‘ra, Rossiya tomoni qamalgan blogerni O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va umumiy tarixiy xotirani saqlab qolish chaqiriqlari bilan izchil chiqib kelgan bloger sifatida taniydi.
Ammo, Mariya Zaxarovaga ko‘ra, Aziz Hakimovni millatlararo nizo qo‘zg‘ashda ayblagan bloger Nikita Makarenkoning o‘zi Rossiyaning O‘zbekiston bilan munosabatlarini chayqatishga urinayapti, "rusofob feyklarni tarqatayapti".
Zaxarova O‘zbekiston rasmiylari Nikita Makarenkoning faoliyatiga huquqiy baho berishlariga umid qilishlarini aytdi.
"Ayni paytda Hakimovga sud da’vosining asosiy tashabbuskori jazosiz rusofob feyklarni bosib chiqarish, ochiqdan-ochiq millatlararo nizoni gijgijlash bilan shug‘ullanayapti. Rossiyaga nisbatan ishonchsizlikni uyg‘otishga, bizning umumiy buyuk tariximiz sahifalariga qora chaplashga harakat qilayapti", dedi Mariya Zaxarova o‘z bayonotida.
Bu bayonot chet davlat sud tizimiga bosim, ayrim shaxslardan siyosiy bosim sifatida foydalanishga yo‘l ochish ehtimoli sifatida ham talqin etildi.
Rasmiy Toshkentning Mustaqillik bayramidagi javobida esa "siz bilan bizning umumiy tariximizning hamma sahifalari ham buyuk emas" degan mujda bor.