O‘zbekiston va mintaqa: Putin va Rossiya nimaning ilinjida?

Surat manbasi, Contributor/Getty Images
Endi mintaqada Rossiyaning harbiy hozirligi kuchayadimi?
Rossiyaning ta’siri-chi – yanada ortadimi?
Putin va Rossiya so‘nggi kunlarda chetdagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi.
O‘zining chaqiriq va talablari bilan mintaqada yangi savollarni paydo qildi...
Nima gap?

Surat manbasi, Vyacheslav PROKOFYEV / POOL / AFP via Getty Images
Putin avvaliga MDH xavfsizligi va suverenitetini mustahkamlash zarurligi haqida gapirdi.
Keyin Rossiya shamsiyasi ostidagi xavfsizlik bloki – ODKBni kuchaytirishga chaqirdi.
Unga a’zo davlatlarni hozirgi "xalqaro keskinlik"ni inobatga olgan holda, tashkilot salohiyatini oshirish va harbiy hamkorlikni mustahkamlashga undadi.
Buning ortidan Rossiya NATOdan Markaziy Osiyodan chiqishni talab qilganiga oid xabarlar olindi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ayrim G‘arb nashrlari yozishicha, Rossiya bu talabini Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda ilgari surgan.
NATOdan mintaqada "har qanday harbiy faoliyatdan voz kechish"ni talab qilgan.
Bu esa ayni mazmundagi xabarlar ahamiyatini yanada kuchaytiruvchi omil o‘laroq o‘rtaga chiqqan.
Ham NATO va ham mintaqa davlatlari poytaxtlari esa hozircha jim, ularning bu xususda biror bir rasmiy munosabat bilan chiqishgani halicha ko‘rilmaydi.
Rossiyaning Markaziy Osiyoni ham o‘z ichiga olgani aytiluvchi so‘nggi talablari aksariyat tahlilchilar tomonidan "maksimalist", deb baholandi.
Voqealarning bu kabi rivoji Rossiya hanuz Ukraina bilan urushayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Orada kechgan vaqt davomida esa Ukraina urushiga tinch yo‘l bilan barham berish urinishlari ish bermagan.
Hatto dunyoning eng yirik harbiy va iqtisodiy qudrati bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining prezidenti Donald Tramp, qariyb ikki yildirki, Ukraina urushiga "bir kunda" chek qo‘yish haqidagi saylovoldi va’dasini bajara olmagan.
Rossiyaning xalqaro sahnadagi eng yaqin ittifoqchilari - Xitoy va Hindistonning undashlari ham besamar yakunlangan.
Turkiya tomonidan ilgari surilgani misolida bo‘ladimi yoki Pekin - tinchlik rejalari ham deyarli shundayligicha qog‘ozda qolib ketgan.
Rossiya ham dunyoning sanoqli qudratlaridan bittasi bo‘ladi.
Shunday ekan, O‘zbekiston va mintaqa nazarda tutilganida, bularning barchasi nimani anglatadi?
Rossiya nimaning ilinjida?
BBC O‘zbek xizmati voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida xuddi shunday savollar bilan qator ekspertlarga murojaat qildi.
Bu uning özi intilayotgan neo-imperial nazoratni — heç bölmaganda Markaziy Osiyo mamlakatlari ustidan — saqlab qolişini taʼminlaşga qaratilgan.
Alisher Ilhomov
Xalqaro tahlilchi, Central Asia Due Diligence asoschisi, London
"Bu uning o‘zi intilayotgan neo-imperial nazoratni — hech bo‘lmaganda Markaziy Osiyo mamlakatlari ustidan — saqlab qolishini ta’minlashga qaratilgan. Bu — birinchi jihat.
Ikkinchi jihat esa Rossiya Federatsiyasining sof amaliy ehtiyojlari bilan bog‘liq; zero, uning infratuzilmasi, iqtisodiy inshootlari hamda harbiy-sanoat majmuasi ayni paytda Ukraina kuchlari tomonidan amalga oshirilayotgan ancha muvaffaqiyatli zarbalarga duchor bo‘lmoqda.
Harbiy-sanoat sektoridagi ishlab chiqarish zanjiri izdan chiqmoqda.
Hozircha esa u bunga qarshi turish borasida biror yechim ko‘rmayapti, chunki havo mudofaasi tizimlari ushbu muammolarni bartaraf etishga ojizlik qilmoqda.
Shu bois, ODKB doirasidagi hamkorlik ko‘rinishida o‘z mudofaa sanoatining ayrim qismlari yoki hech bo‘lmaganda ishlab chiqarish zanjiridagi muayyan bo‘g‘inlarni Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘chirish fikriga kelgan bo‘lishi mumkin.
Bu esa, ma’lum ma’noda, o‘sha harbiy-sanoat majmuasini Ukraina zarbalaridan himoya qilish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Bu — ikkinchi jihat.
Uchinchi jihat esa harbiy va harbiy-strategik sohada nazorat hamda yetakchilikni mustahkamlashdan iborat.
Chunki urush davomida faqat Ukraina emas, Rossiya ham o‘z harbiy texnologiyasi sohasida ancha yuqori marralarga erishdi.
Men mana shu uch jihatni alohida ta’kidlab o‘tishni istardim."
Ammo Rossiya özining eng muhim daʼvogar ekanligini körsatişni istaydi va öz taʼsir doirasini boşqa heç kim bilan bölişiş niyatida emas.
Dosim Satpaev
Mintaqaviy ekspert, Risks Assessment Group markazi asoschisi
"Putin o‘z bayonotlari bilan Si Szinpin va, ehtimol, Donald Tramp bilan uchrashuvi arafasida chiqdi.
Xuddi shu uch tomonlama muloqot chog‘ida esa, aynan boshqalari qatorida, global xavfsizlikka oid masalalar ham ko‘tarilishi aytilgandi.
Boshqacha aytganda, Kreml shu yo‘l bilan boshidanoq o‘z manfaatlari doirasini belgilab oldi va unga Markaziy Osiyoni ham kiritdi.
Markaziy Osiyoga kelsak, menimcha, bu bayonotlar ancha provokatsion xarakterga ega.
Buning oddiy bir sababi bor: Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlari ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritishga intiladi.
Buni Ukrainadagi urush boshlanganidan beri o‘tgan to‘rt yil ichida bo‘lib o‘tgan ko‘plab sammitlar ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo ayni paytda, ta’bir joiz, ko‘plab xaridorlari (da’vogarlari) bor kelinga o‘xshaydi.
Ammo Rossiya o‘zining eng muhim da’vogar ekanligini ko‘rsatishni istaydi va o‘z ta’sir doirasini boshqa hech kim bilan bo‘lishish niyatida emas.
Biroq, iqtisodiy va tashqi siyosiy nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun "ko‘p vektorli" yondashuvni — ya’ni nafaqat Rossiya, balki turli xil tomonlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini saqlab qolish, shubhasiz, foydali.
Shu sababli, Rossiya tomonidan bildirilgan bu bayonotlar Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatlarini to‘liq aks ettiradi, deb hisoblamayman."
ODKB kuchaysa, nima bo‘ladi?

Surat manbasi, Igor Kovalenko/Anadolu via Getty Images
Xabarlarga ko‘ra, Putin xalqaro keskinlik fonida ODKBni kuchaytirishga chaqirgan.
Rossiya ODKBda yetakchi va asosiy kuch.
Eng yirik Qurolli kuchlar va yadroviy qudratga ega davlat.
Ekspertlar esa ODKBni Kremlning postsovet makonidagi eng yirik geosiyosiy loyihasi sifatida ko‘rishadi.
Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, blok xavfsizlik kuchlari va moliyasining 90 foizi Rossiya tomonidan ta’minlanadi.
Unga hozir uch Markaziy Osiyo davlati – Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston ham kiradi.
Yana ikki postsovet mamlakati – Belarus va Armaniston ham.
Rasmiy Yerevan yaqinda ushbu tashkilotdagi faoliyatini muzlatgan.
Belarus esa Ukrainaga qarshi urushida Rossiyaning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan yagona postsovet davlati.
Rossiya Ukrainaga chegaradosh Belarusda o‘zining taktik yadroviy qurollarini ham joylashtirgan.
ODKB kuchlarining asosiy tarkibi bir necha qismdan iborat.
Blokning Tezkor Madad kuchlari aynan Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik tahdidlariga tezkor munosabat bildirish uchun mo‘ljallangan.
Biroq bu kuchlar doimiy asosda faoliyat yuritmaydi va faqat zarurat tug‘ilgandagina yig‘iladi.
Ularning soni minglab ekani aytiladi, muayyan qismi tinchlikni saqlash missiyasini bajaradi.
Orada ODKBning ham Ukrainadagi urushga jalb etlishi ehtimoli borasida ham bir necha bor so‘z borgan.
Jumladan, ODKB Bosh kotibi o‘tgan yili bunday ehtimolni nazardan soqit etmagan.
U, agar Yevropa qo‘shinlarining Ukrainaga yuborilishi bilan bog‘liq tahdid yuzaga kelsa, tashkilot zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini bildirgandi.
ODKB Nizomiga ko‘ra, agar a’zo davlatlardan biriga hujum qilinsa, qolgan a’zo davlatlar uni himoya qilishlari shart.
Ammo ekspertlar orasida ODKBning Ukraina mojarosidagi ishtiroki katta ehtimol bilan tinchlikparvarlik missiyasi shaklida bo‘lishi mumkinligiga oid qarashlar kuchli.
Boshqa tomondan, ODKB faoliyati shaffoflik, izchillik va barqarorlik yetishmaslikda va yana mobil emaslikda ham tanqid qilib kelinadi.
ODKB ning nimaga qodirligi ilk va hozircha so‘nggi bor 2022 yilda jiddiy sinovdan o‘tgan.
O‘shanda prezident Toqaevning so‘rovi bilan blok tartibni saqlash uchun Qozog‘istonga o‘zining Tinchlikni saqlash kuclari va texnikasini kiritgan.
Ammo Qirg‘istondagi so‘nggi etnik nizo va Armanistonning Ozarbayjon bilan Tog‘li Qorabog‘ ustidan olib borgan urushlari misolida ODKB aralashishdan bosh tortgan holatlar ham bo‘lgan.
Rossiya yana joriy paytda mintaqada o‘zining eng ko‘p harbiy inshootlariga ega yagona davlat.
Aynan Qirg‘izistonning Kantidagi bazasidan ODKB Tezkor kuchlari ham foydalanadi.
Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi ham Markaziy Osiyoda – Tojikistonda joylashgan.
Rossiya hozir ham ular barchasining eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori.
Shunday ekan, voqealarning bu kabi rivoji mintaqada Rossiya harbiy hozirligining kuchaytirishi ehtimoli qanchalik?
Agar, shunday bo‘lsa, buning mintaqa uchun oqibatlari qanday bo‘ladi?
Rossiyaning ayni paytda barça saʼy-harakatlari Ukrainadagi uruşga qaratilgan. Şu bois, hozir uşbu uruşni olib borişdan boşqa biror bir narsa bilan şuğullana olmaydi.
Temur Umarov
Karnegi markazining Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy xodimi, Berlin
"Bu bayonot o‘z-o‘zidan Rossiyaning Markaziy Osiyodagi mavqei mustahkamlanishiga olib keladi, deb o‘ylamayman.
Chunki bayonotlar va haqiqiy reallik bir-biridan farq qiladi.
Ya’ni, Putinning bayonot bergani hali bu ish amalga oshadi, degani emas.
Ayni o‘rinda hozirgi voqe’likdan kelib chiqish maqsadga muvofiq.
Rossiya hozir ODKBga a’zo davlatlar, shu jumladan, Markaziy Osiyoda o‘z mavqe’ini mustahkamlash imkoniyatiga ega emas.
Sababi, ayni paytda barcha sa’y-harakatlari Ukrainadagi urushga qaratilgan.
Shu bois, hozir ushbu urushni olib borishdan boshqa biror bir narsa bilan shug‘ullana olmaydi.
Binobarin, ushbu mojaro davom etar ekan, Rossiyaning Markaziy Osiyoga e’tibor qaratishi uchun ortiqcha imkoniyat yoki resurslari ham bo‘lmaydi.
Va biz yashayotgan voqe’lik aynan shundan iborat. "

Surat manbasi, VYACHESLAV OSELEDKO/AFP via Getty Images
Dosim Satpaev
Mintaqaviy ekspert, Risks Assessment Group markazi asoschisi
"Menimcha, ularni tashvishga solishi mumkin bo‘lgan yagona sabab — Rossiyaning, aytaylik, Markaziy Osiyo davlatlari ichki ishlariga yanada faolroq aralashish, ayniqsa, hokimiyat dinamikasiga ta’sir o‘tkazishga urinishi ehtimolidir.
Biz Rossiyaning boshqa mamlakatlar ichki ishlariga faol aralashganiga — masalan, Moldovadagi saylovlar chog‘ida guvoh bo‘ldik.
Buning Armaniston va boshqa joylarda qanday namoyon bo‘lganini ko‘rdik.
Boshqacha aytganda, aralashuvning bu gibrid shakli — hatto nizolar bilan bog‘liq vositalarni qo‘llashni ham o‘z ichiga olishi mumkin — Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Biroq hozirgi vaziyatda — xuddi Ukraina misolida bo‘lgani kabi — to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy tahdidlar yuzaga kelishi ehtimoli juda past; bunga sabablardan biri shundaki, Xitoy mintaqada Rossiyaga qarshi muvozanatlovchi kuch vazifasini o‘taydi.
Pekin Rossiyaning mintaqa uchun mojaroga kirishish yoki kuch ishlatish orqali o‘z mavqeini mustahkamlashga qaratilgan har qanday urinishiga keskin qarshilik ko‘rsatadi.
Qisqasi, Xitoy ham, Turkiya ham bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi, deb o‘ylamayman; Putin uchun esa ushbu tomonlarning qo‘llovi muhim ahamiyatga ega."
O‘zbekiston uchun nima degani?

Surat manbasi, Chip Somodevilla/Getty Images
O‘zbekiston Qozog‘iston bilan birga mintaqaning eng yirik ikkita davlatidan bittasi.
Qurolli kuchlari xalqaro reytinglarda eng jangovarlaridan, deb ko‘riluvchi mamlakat.
Rasmiy Toshkent bugun o‘zining qo‘shilmaslik siyosatida sobit ekanini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston hozir Rossiya yetakchiligidagi biror bir tashkilotga kirmaydi. Ya’ni, birortasiga to‘laqonli a’zo emas.
Orada aynan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi - ODKBdagi a’zoligini ham to‘xtatgan.
Hozir hududida Rossiyaniki ilova biror bir xorijiy davlatning harbiy bazasi yoki inshooti yo‘q.
Harbiy doktrinasiga muvofiq harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi.
O‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Bugungi tashqi siyosati ham ko‘p vektorli – dunyoning global qudratlariga nisbatan muvozanatli va o‘zining milliy manfaatlariga mos siyosat yuritishini ta’kidlaydi.
So‘nggi yillarda dunyoning yana bir yadroviy global qudrati Xitoy misolida bo‘ladimi yoki NATOga a’zo yagona musulmon davlati Turkiya - o‘zining harbiy hamkorlarini ham turfalashtirish harakatida bo‘lgan mintaqa davlati.
Ukraina urushi manzarasida esa AQSh va Yevropa bilan nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik, mudofaa va texnologiya sohasida ham munosabatlarini kuchaytirgan.
O‘zining qurol-aslaha arsenalini ham yangilayotgan, Qurolli kuchlarini mordernizatsiya qilayotgan mamlakat.
Voqealarning so‘nggi rivoji xalqaro sahnada mintaqa davlatlari mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini dastaklovchi bayonotlar ortib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Shunday ekan, Putin va Rossiyaning so‘nggi bayonotlari O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?
Farhod Tolipov
Siyosatshunos, "Bilim karvoni" nodavlat ilmiy-ta’lim muassasasi rahbari, Toshkent
Mening öylaşimça, bu safar ham, agarda, mana şunday ultimatum qöyilgan ekan, bizga heç qanday bir taʼsir qila olmaydi.
"Bu bayonotlar yangi emas.
Oxirgi yillarda turli darajalarda va shu jumladan, eng yuqori oliy darajada, davlat rahbariyati tarafidan, bir tomondan, mana, o‘zingiz eslatdingiz, Putin, Rossiyaning Tashqi ishlar vaziri Lavrov yoki boshqa mulozimlari tomonidan qayta, qayta shunga o‘xshash bayonotlar jaranglab kelgan.
Bir tomondan, MDHning sammitlari doirasida. Yoki o‘sha Amerika Qo‘shma Shtatlari va NATOga yuborgan o‘sha ultimativ talablarida bayon qilgan.
Bu faqatgina kuni-kecha Abu-Dabida o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Ukrainadagi urushni to‘xtatish sharti sifatida ilgari surilgan chiqishu talablar emas.
Shuning uchun ham bu biz uchun yangilik bo‘lib jaranglagani yo‘q.
Va bunga javoban albatta, bir tomondan, NATO va AQSh rad javobi bergandek qilib, hech qanday harbiy amaliyotlarini to‘xtatish niyati yo‘qligini bildirgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari ham turlicha yo‘nalishlarda, turlicha ko‘rinish va shaklda G‘arb davlatlari va NATO bilan hamkorligini davom ettiravergan.
Shuning uchun ham bizga o‘sha ultimatumi hech qanaqangi ta’sir qilgani yo‘q.
Mening o‘ylashimcha, bu safar ham, agarda, mana shunday ultimatum qo‘yilgan ekan, bizga hech qanday bir ta’sir qila olmaydi. Va shu paytgacha O‘zbekiston ham, qolgan Markaziy Osiyo davlatlari ham harbiy sohada AQSh va NATO bilan qanchalik hamkorlik qilib kelgan bo‘lsa, shunchalik davom etishi mumkin.
Shuning uchun men, nimani anglatadi, deganingizda, balki bir jiddiy qandaydir ma’noni anglatmasa kerak, degan bo‘lardim.
Bu faqatgina boshi urushdan chiqa olmay qolgan, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan davlatning va davlat rahbarining qandaydir boshqa yechimni topa olmaydigan qilib, do‘q-po‘pisalar bilan muzokaralar uchun o‘zining boshlang‘ich pozitsiyasini mustahkamlashga qaratilgan, ya’ni o‘zini men kuchliman, hali ham davom ettira olaman urushni, deganga o‘xshagan bir ishora shaklida aytilgan gaplar bo‘lishi mumkin.
Hattoki ularning bu kabi ultimativ bayonotlar, boshqa tomondan, ko‘proq G‘arb auditoriyasiga yoki o‘sha NATO, AQShga qaratilgan bo‘lib, menimcha, Markaziy Osiyo yo O‘zbekistonga qaratilgan messaj bo‘lmasa kerak.
Chunki ham Putin va ham uning atrofidagi o‘sha elita, rahbariyat oldingi tajribani ham ko‘rdi, bildi.
Ham bilib turibdiki, mantiqan bizni hech qanday suveren huquqlarimizdan bu borada mahrum qila olmaydi."
Markaziy Osiyo va qudratlar

Surat manbasi, .
Markaziy Osiyo so‘nggi ikki asrcha aynan Rossiyaning ta’sirida bo‘lgan mintaqa.
Ammo geosiyosiy joylashuvi bois, dunyoning qolgan global qudratlari ham befarq bo‘lmagan hudud.
Markaziy Osiyo Rossiya barobarida Xitoy, Yaqin Sharq va Afg‘onistonga ham chegaradosh.
Ukraina misolida bo‘ladimi yoki Eron, so‘nggi yillarda yaqinida kechayotgan urushlar mintaqada ham geosiyosiy tanglikni kuchaytirgan.
Uni dunyo global qudratlari va yetakchi kuchlarining diqqat-markazidagi mintaqalardan biriga aylantirgan.
Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushga nisbatan betaraf mavqe’da.
Ular barchasi birdek bu urushni na-da yoqlashgan va na-da qoralashgan.
Yetakchilari kattayu kichik minbarlardan bu urushga ham tinch yo‘l bilan barham berishga chaqirib kelishadi.
Qozog‘iston yaqinda Rossiya prezidentini yuzma-yuz muloqoti chog‘ida, ochiqchasiga Ukraina urushiga chek qo‘yishga chaqirib, chetda katta shov-shuvga ham sabab bo‘lgan.
Ammo xuddi shu urush mintaqada Rossiyaning keyingi nishoni qay bir Markaziy Osiyo davlati bo‘lajagiga oid xavotirlarni ham paydo qilgani bor gap.
Rossiyaga chegaradosh yagona mintaqa davlati bo‘lgan Qozog‘iston va O‘zbekiston esa xuddi shu urushlar fonida o‘zining mudofaa salohiyatini mustahkamlash niyatini rasman va oshkora bayon qilgan.
G‘arb harbiy bazalarini baribir Markaziy Osiyoga qaytarmoqchimi - video
Rasmiy Moskva esa aynan so‘nggi yillarda NATO harbiy infratuzilmasining hozir Tolibon boshqaruvi ostida bo‘lgan Afg‘oniston va unga qo‘shni mintaqa davlatlariga qaytarilishiga toqat qilmasligini rasman va oshkora bayon qilishga o‘tgan.
Rossiya tomonining oxirgi paytlarda kuchayib borayotgan ayni mazmundagi ogohliklarining sababi ma’lum emas.
Ammo qudratga qaytarkan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Resupblikachi prezidenti Donald Tramp o‘zlarining Afg‘onistonga qaytish istaklarini qayta-qayta takrorlashga o‘tgan.
Bunga qat’iy yo‘q javobini bergan Tolibon hukumatini esa aks holda oqibati yomon bo‘lishi bilan ham ogohlantirishga o‘tgan, ammo bu bilan aynan nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.
Afg‘oniston ham Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng yirik geosiyosiy raqiblaridan biri bo‘lgan Xitoyga chegaradosh.
Afg‘onistondagi Tolibon hukumatini esa hozircha aynan Rossiyadan boshqa hech kim rasman tan olmagan.
Yaqinda ODKB Bosh kotibi Rossiya harbiy bazalarining Markaziy Osiyodagi hozirligi "juda zarur va muhim"ligini ta’kidlarkan, G‘arb o‘z bazalarini qaytarish uchun hali ham mintaqa davlatlari hukumatlariga murojaat qilishlarini ochiqlab ketgan.
Ammo, shunday derkan, Taalatbek Masadikov bundan ortiq tafsilotlariga to‘xtalmagandi.
Rossiya aynan so‘nggi oylarda mintaqa davlatlari yana Afg‘oniston tahdidi bilan ogohlantirishga o‘tgan.
Aksariyat mintaqaviy tahlilchilar bu tahdidni ham Markaziy Osiyoga o‘zining bosimini o‘tkazishida Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ko‘rishadi.
Aynan so‘nggi paytlarda ODKB Tojikiston misolida mintaqaning Afg‘oniston bilan yana bir chegarasini mustahkamlash harakatiga tushgan.
Oxirgi bir necha yil ichida hukumatini faqat va aynan Rossiyagina rasman tan olgan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistondan esa Tojikistonga qarshi hujumlarning soni ortgan.
Bu hujumlardan aksariyatiga IShIDning Xuroson qanoti mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqqan esa-da, ayrimlarini kim uyushtirgani noyoan qolgani ham bor gap.
O‘tgan yili Tojikiston bu chegarasi "qo‘shma himoyasiga go‘yoki rossiyalik harbiylarni jalb qilish uchun Rossiya va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bilan muzokaralar olib borayotgani"ga oid xabarlar ham chiqqan.
Ammo rasmiy Dushanbe Afg‘oniston bilan davlat chegaralaridagi vaziyat "barqaror" ekanini aytgan, bu xabarlarni qat’iyan rad etgan.
So‘nggi oylarda esa ODKB shu kuzda tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash uchun qurol-yarog‘ va texnika yetkazib berishni boshlashiga oid xabarlar olingan.
Tashkilot Bosh kotibi esa Tojikistonni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashdagi asosiy yuk Rossiya zimmasiga tushajagini aytgan.

































