Mintaqa va siyosat: Yana bir prezident qayta prezident bo‘lmoqchi

Mirziyoyev, Rahmon va Japarov

Surat manbasi, BBC/GettyImages

Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Nursulton Nazarboev va Almazbek Atambaev hozircha prezidentlikdan o‘z ixtiyori bilan ketgan Markaziy Osiyodagi ikki davlat rahbarlari bo‘lishadi.

Japarov ham yana prezident bo‘lmoqchi

Markaziy Osiyo xaritasi
Surat tagso‘zi, Markaziy Osiyodagi qudrat almashinuvi va "siyosiy voris"lar masalasi esa allaqachon xos tahlillarga molik mavzulardan biri bo‘ladi.

Sadir Japarov ham prezidentlik faoliyatini davom ettirmoqchi.

Navbatdagi prezidentlik saylovida ishtirok etmoqchi.

Ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymoqchi. U hozir 58 yoshda.

Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti bu haqda o‘zining yangi intervyusida ma’lum qildi.

Sadir Japarov jurnalist Ali Toqtakunovga intervyu berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zining prezidentlik faoliyatini davom ettirish rejasida.

"Men yana bir muddatga nomzodimni qo‘yish va ishimni davom ettirish niyatidaman. Yana kimdir saylovda qatnashmoqchi bo‘lsa, marhamat, nomzodini qo‘yaversin. Biz hech kimni cheklamaymiz", — deb bayon qildi Sadir Japarov.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Sadir Japarovning aytishicha, bundan avval prezidentlikka ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymaslik va buning o‘rniga Tashiev nomzodini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini ham ko‘rib chiqqan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlik muddati tugaganidan so‘ng dam olishni rejalashtirgan.

"Qamchibek Tashiev esa 2027 yilgi saylovda o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin bo‘lgan."

Ammo o‘tgan oy sud Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashievning ozodligini 3 yilga cheklagan.

Aytilishicha, sud jami 8 nafar ayblanuvchini Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining "Hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish" moddasi bo‘yicha aybdor, deb topgan.

Lekin, xabarlarga ko‘ra, ulardan hech biri o‘zlariga qo‘yilgan ayblovni tan olishmagan.

Qirg‘izistonlik kuzatuvchilar esa, buni hukumatning prezident saylovlarigacha Tashiev va uning tarafdorlaridan iborat muxoliflar harakatini nazoratga olish urinishi, deya baholashayotgani xabar berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston prezidenti o‘zining so‘nggi intervyusi chog‘ida Qamchibek Tashievning mehnatlarini e’tirof etgan.

Birok, "U dam olishi, balki o‘ylab ko‘rib, qaerda xatolarga yo‘l qo‘yganini anglab yetishi kerak. Men uning faqat xatolarga yo‘l qo‘yganini aytishdan yiroqman. Yo‘q, natijalar bor; u mamlakatimiz erishgan yutuqlarga ulkan hissa qo‘shgan", — deb aytgan.

Sadir Japarovning aytishicha, Qamchibek Tashiev bilan 20 yildan ortiqroq vaqt mobaynida yaqin oilaviy do‘st bo‘lishgan.

Qirg‘iziston va prezident saylovi

Садир Жапаров
gettyimages
Men yana bir muddatga nomzodimni qo‘yish va ishimni davom ettirish niyatidaman. Yana kimdir saylovda qatnashmoqchi bo‘lsa, marhamat, nomzodini qo‘yaversin. Hech kimni cheklamaymiz.
Sadir Japarov
Qirg‘iziston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Qirg‘izistonda navbatdagi prezident saylovi 2027 yilning yanvariga rejalangan.

Sadir Japarov 2021 yilning 10 yanvarida, muddatidan ilgari o‘tkazilgan saylovda prezident etib saylangan.

Prezident saylovining muddatidan ilgari o‘tkazilishiga esa 2020 yilgi xalq inqilobi sabab bo‘lgan.

4 oktyabr kungi parlament saylovidan norozi odamlar poytaxt Bishkek ko‘chalariga chiqishgan.

Ular saylovning "adolatsiz" o‘tkazilganini da’vo qilishgan.

Xalq inqilobi yuz bergan va hokimiyat ag‘darilib, Sadir Japarov rahbarligidagi yangi muvaqqat hukumat tuzilgan.

Xuddi shu omillar nazarda tutilib, o‘shanda yana bir xalq g‘alayonining oldini olish uchun prezident saylovining adolatli o‘tkazilishi aytilgan.

So‘nggi prezident saylovida rekord sondagi - jami 17 nomzod bellashgan.

Nomzodlar orasida sobiq deputatlar, vazirlar, ishbilarmonlar, o‘qituvchilar, hajvchilar, ishsizlar va hattoki o‘zini "payg‘ambar", deb ataganlar ham borliklari aytilgan.

O‘shanda bunaqasi hatto mintaqa tarixida ham kuzatilmagani bilan xos e’tibor topgan.

Rasmiy xabarlarda Sadir Japarov ovozlarning 79,2 foizini qo‘lga kiritgani aytilgan.

U mustaqil Qirg‘iziston tarixidagi oltinchi prezidentga aylangan.

2021 yilning 28 yanvarida bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimidan keyin Sadir Japarov 6 yillik prezidentlik vakolatining ijrosiga kirishgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida o‘z vaqtida "demokratiya orolchasi" deya nomlangan Qirg‘iziston uch inqilobni boshdan kechirgan.

2021 yilning 10 yanvarida prezidentlik saylovi bilan bir qatorda, Qirg‘izistonda davlatning boshqaruv shakli bo‘yicha referendum ham o‘tkazilgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bor parlament tizimiga o‘tgan Qirg‘iziston referendumdan so‘ng yana prezidentlik boshqaruviga qaytgan.

Olti milliondan sal oshuvchi Qirg‘iziston aholisining bir milliondan ko‘prog‘ini o‘zbeklar tashkil etishadi.

Qirg‘izistonning O‘zbekistonga bevosita chegaradosh va o‘zbeklar nisbatan zich yashovchi janubi har bir prezident saylovida muhim ahamiyat kasb etib keladi.

Mintaqa va prezidentlar

Sobiq rahbar Nazarbaev (chapda) 2022 yilda uning vorisi Toqaev (o‘ngda) tomonidan siyosatdan chetlashtirilgan edi

Surat manbasi, AKORDA

Surat tagso‘zi, Prezident Toqaev 2019 yili sobiq prezident Nazarboevning vorisi sifatida hokimiyatga kelgan.

Aynan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev bir muddatdan ortiq prezidentlikka da’vo qilmagan birinchi Markaziy Osiyo davlati yetakchisi bo‘ladi.

U 2011 yilda Qirg‘iziston prezidenti etib saylangan.

Atambaev prezident sifatida Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga qat’iy amal qilishini va Bosh qonunda belgilangani kabi bir muddatdan ortiq prezidentlik kursisida qolmasligini va’da qilgan.

O‘zining va’dasiga sodiq qolgan, 2017 yilda prezidentlikdan ketgan.

Uning ortidan Nursulton Nazarboevning qilgan ishi mintaqada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

U 2019 yilning mart oyida, navbatdagi saylovga yil qolganida kutilmaganda iste’foga chiqishga qaror qilgan.

Nursulton Nazarboev Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan.

U Qozog‘istondagi jami besh prezident saylovida ketma-ket g‘alaba qozongan.

Sobiq elboshi o‘zining o‘rniga aynan bugun Qozog‘istonda amalda bo‘lgan prezident Qasim-Jomart Toqaevning nomzodini ilgari surgan.

Alal-oqibat, davlat rahbari vazifasini bajarish o‘sha paytda Senat raisi bo‘lgan Toqaevga yuklatilgan.

Qozog‘istonning sobiq Elboshisi hozir 86 yoshda.

Ammo shu yil iyul oyida Qozog‘istondan olingan boshqa bir xabar ham mintaqadagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan.

O‘shanda yangilik O‘zbekistondagi yetakchi nashrlarda ham sarlavhalarga chiqqan.

Qozog‘istonda Qasim-Jomart Toqaevning ham prezidentlik muddati nollashtirilgan.

Mamlakatda 1 iyuldan boshlab yangi Konstitutsiya kuchga kirgan.

Bu amaldagi Qozog‘iston prezidentining ham yana bir bor saylovda ishtirok etishiga yo‘l ochgan.

Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezidentlar uchun yagona yetti yillik muddat cheklovi saqlab qolinadi.

Biroq sud qaroriga ko‘ra, avvalgi Konstitutsiya davrida o‘talgan muddatlar mazkur cheklov hisobidan o‘rin olmaydi.

Prezident Toqaev yangi muddat uchun navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida qatnashishi kerakmi yoki eski Konstitutsiya asosida 2029 yilgacha o‘z vakolat muddatini davom ettiradimi, bu savolga hozircha Qozoq rasmiylari aniq javob berganlari yo‘q.

Prezident Toqaev yetti yillik prezidentlik muddati nihoyasiga yetganidan keyin ortiq nomzodini ilgari surish niyati yo‘qligi haqida aytgan edi.

Sobiq sovet diplomati va BMTning yuqori lavozimli amaldori bo‘lgan Toqaev 2019 yilda Nazarboevning o‘rniga prezident bo‘lishidan oldin Qozog‘iston bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan.

U 2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda ro‘y bergan va yuzlab odamlar halok bo‘lgan tartibsizliklardan keyin sobiq prezident Nazarboev bilan yo‘llarini ajratdi.

Prezident Toqaev bu voqealarni Nazarboevga sodiq kuchlar tomonidan tashkillashtirilgan davlat to‘ntarishiga urinish deb ta’riflagan.

Mintaqa va qudrat almashinuvi

Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Emomali Rahmonning Tojikistonning birinchi rahbari sifatida ish boshlaganiga yaqinda 36 yil to‘ladi. U hozir 74 yoshda.

Joriy paytda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Markaziy Osiyoda eng uzoq qudratda qolayotgan prezident bo‘ladi.

U ilk bor 1994 yilda Tojikiston prezidenti etib saylangan.

Keyin bo‘lib o‘tgan to‘rt prezidentlik saylovida ham aynan uning g‘olib chiqqani e’lon qilingan.

Tojikistondagi so‘nggi prezident saylovi 2020 yilda bo‘lib o‘tgan.

Emomali Rahmonning Tojikistonning birinchi rahbari sifatida ish boshlaganiga yaqinda 36 yil to‘ladi. U hozir 74 yoshda.

O‘zbekistonning amaldagi prezidenti ham 2016 yil muddatidan ilgari bo‘lib o‘tgan saylovlar ortidan qudratga kelgan.

Bunga mustaqil O‘zbekistonning birinchi va uzoq yillik prezidenti Islom Karimovning kutilmagan vafoti sabab bo‘lgan.

Islom Karimov ham O‘zbekistonni qariyb 30 yilcha boshqargan.

U Nursulton Nazarboev bilan birga Markaziy Osiyodagi eng uzoq qudratda qolayotgan ikkita prezidentdan bittasi bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyev mustaqil O‘zbekistonning 35 yillik tarixidagi ikkinchi prezident bo‘ladi.

U buning ortidan bo‘lib o‘tgan ikki prezidentlik saylovida ham g‘alaba qozongan.

2023 yilgi so‘nggi saylov O‘zbekistonda muddatidan ilgari chaqirilgan.

Ushbu qaror yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani bilan izohlangan.

Prezident Mirziyoyev o‘shanda, "qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusi bilan voz kechayotgani"ni aytgan.

O‘zbekiston rahbarining o‘zi buning sabablariga xosan to‘xtalib o‘tgan.

Shavkat Mirziyoyev ular sirasida "xalq o‘zlaridan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutayotgani" va "dunyoda va mintaqada keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanayotgani" kabi omillarni ham tilga olib o‘tgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonda xuddi o‘sha yili saylovdan oldin umumxalq referendumiga qo‘yilgan.

O‘zgartirilgan Konstitutsiya matnida O‘zbekiston prezidentining vakolati muddatini 5 yildan 7 yilgacha uzaytirish ham taklif etilgan.

O‘shanda muddatidan ilgari prezident saylovi Shavkat Mirziyoyevga 2037 yilgacha qudratda qolishiga imkon berishi aytilgan.

Turkmanistonda so‘nggi prezident saylovi 2022 yilning martida bo‘lib o‘tgan.

Saylovda mamlakatning amaldagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning 40 yoshli o‘g‘li Serdar Berdimuhammedov g‘olib, deb topilgan.

Mintaqa davlatlaridagi prezident saylovlari qanchalik erkin, adolatli va shaffof ekani borasida turlicha baholarga sabab bo‘lib keladi.

Markaziy Osiyodagi qudrat almashinuvi va "siyosiy voris"lar masalasi esa allaqachon xos tahlillarga molik mavzulardan biri bo‘ladi.