Nega O‘zbekiston Xitoy qiruvchi uchoqlarini tanladi? Video

Surat manbasi, newshub.uz
O‘zbekiston Xitoyda ishlab chiqarilgan "Chengdu-10» deb ataladigan yoki J-10CE nomi bilan tanilgan qiruvchi samolyotlarini ilk bor ommaga namoyish etdi: O‘zbekiston mustaqilligi 35 yilligi munosabati bilan Mudofaa vazirligi e’lon qilgan video "Havo sarhadlarini zamonaviy qiruvchi samolyotlar qo‘riqlamoqda" deb nomlanadi, videoda bu qaysi nomdagi uchoqlar ekani aytilmadi.
Shuningdek, hozirgacha rasmiy Toshkent ham, rasmiy Pekin ham uchoqlar soni, ularning texnik imkoniyatlari yoki narxi borasida ma’lumot berganlari yo‘q.
Ammo harbiy soha tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida imzolangan 2025 yilgi bitimga ko‘ra, O‘zbekiston 24 ta J-10CE oladigan, Xitoy O‘zbek uchuvchilarini o‘qitib bermoqchi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Sovet zamonidan qolgan va tez eskirib borayotgan "MiG-29" va "Su-25" qiruvchilaridan iborat O‘zbekiston harbiy-havo tizimi uchun bu juda muhim yangilanishdir.
J-10CE tezligini soatiga 2300 kmgacha yetkaza olishi mumkinligi, bir vaqtning o‘zida bir necha nishonni ta’qib etishga qodirligi xabar qilinadi.
Harbiy ekspertlarga ko‘ra, avval boshida O‘zbekiston Xitoy va Pokiston hamkorligida ishlab chiqarilgan JF-17 Block III samolyotlariga qiziqish bildirgan, keyinroq esa e’tibor Xitoyning J-10CE qiruvchi uchog‘i tomon ko‘chgan.
J-10CE Xitoy armiyasi foydalanayotgan J-10Cning eksport talqini hisoblanadi.
U AESA radiolokatori va uzoq masofali PL-15E havo-havo raketalari bilan jihozlanishi mumkin.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning ushbu qiruvchi samolyot xaridi Markaziy Osiyoning Xitoy harbiy texnikasi tomon keng qamrovli burilishi, Rossiyanikidan voz kechayotgani dalolatidir.
O‘zbekiston Xitoydan qiruvchi samolyot sotib olgani nimani anglatadi, deya tahlil qilayotgan ekspertlar fikricha, Rossiyaning harbiy qudrati pasayib borayotgani va o‘tmishda o‘z zimmasiga olgan mudofaa majburiyatlarini bajarmagani Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘z qurol-yarog‘ ta’minotini diversikatsiya qilishlariga undagan.
O‘zbekiston beshinchi avlod qiruvchi uchoqlarini sotib olmoqchi bo‘layotgani haqidagi xabar tarqalgan paytda Qozog‘istondagi Exclusive jurnali davra suhbati tashkil qildi va bu boradagi ekspertlar fikrlari bilan qiziqdi.

Surat manbasi, EPA
O‘zbekistonlik siyosatshunos Zokir Usmonov Xitoy harbiy samolyotlari jozibadorligi sabablaridan biri ularning narxida ekaniga to‘xtaldi.
"Xitoy qiruvchi samolyotlari Frantsiyaning Rafale kabi g‘arb muqobillariga nisbatan taxminan ikki barobar arzon turadi. Rafale samolyotlarining narxi esa har biri uchun 120 million AQSh dollarigacha yetadi," dedi Zokir Usmonov.
"Bundan tashqari, Xitoy to‘lovning moslashuvchan sxemalarini, keng qamrovli tayyorgarlik dasturlarini va texnik xizmat ko‘rsatish paketlarini taklif qildi. Bu esa ularning harbiy texnikasini Markaziy Osiyo xaridorlari uchun ayniqsa jozibador qildi", dedi u.

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qozog‘istonlik harbiy ekspert Daulet Jumabekov esa Rossiyaning qurol-yarog‘ yetkazib berish imkoniyatlari ham Ukrainadagi mojaro sabab zaiflashganini aytdi.
"Hatto ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvdan keyin ham Moskvaning o‘z harbiy zaxiralarini tiklashga e’tibor qaratishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa bozordagi bo‘shliqni boshqa yetkazib beruvchilar to‘ldirishi uchun imkoniyat yaratadi", dedi Daulet Jumabekov.
O‘zbekiston xalqaro bozorda Chengdu qiruvchilarini tanlagan Pokistondan keyingi ikkinchi xorijiy mamlakat bo‘ldi.
O‘tgan yil Pokiston Chengdusi Hindiston «Rafale» va «Suxoy»larini urib tushirganidan keyin ko‘p mamlakatlar Xitoy qiruvchilariga xaridor bo‘lib qoldilar.
Misr, Malayziya va Indoneziya Chengdu sotib olishga qiziqish bildirganlari xabarlari tarqalgan.
Xitoylik harbiy tahlichi Jang Junshening Global Times nashriga aytishicha, Chengdu 10 O‘zbekiston allaqachon foydalanayotgan Xitoy havo hujumidan mudofaa tizimiga mos ham keladi.





























