Shveytsariyalik tergovchilar Gulnora Karimova bilan uchrashdi

Gulnoraning soʻnggi rasmlaridan biri

Сурат манбаси, Internet

Сурат тагсўзи, Gulnoraning soʻnggi rasmlaridan biri
Published

Neue Zürcher Zeitung gazetasining yozishicha, marhum prezident Islom Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova bilan Shveytsariya prokuraturasining xodimlari oʻtgan yil dekabr boshlarida Toshkentda suhbatlashishgan.

Bu haqda jenevalik advokat Greguar Manja gazetachilarga gapirib bergan.

Neue Zürcher Zeitung gazetasiga koʻra, Gulnora Karimova hamon Toshkentda saqlanmoqda.

Gazeta Gulnoraning 2014 yildan beri "koʻrinmay qolganini" ham yozadi.

Advokat Greguar Manjaning gazetaga aytishicha, "Gulnora Karimova anchayin qatʼiyatli va hamlaga shaylanganday koʻringan".

Xabarlarga koʻra, Oʻzbekiston mulozimlari Gulnora Karimovaga oʻz qizi bilan uchrashishga ruxsat berishmagan va aynan shu mavzuda gapirib turib, Gulnora yigʻlab yuborgan.

Manjaning aytishicha, Gulnora Karimova bosim ostida va u ayni holat boʻyicha xalqaro tashkilotlarga arz qilishni rejalagan.

The Wall Street Journal ning yozishicha, Shveytsariya prokuroturasi xodimlarining Toshkentga safarini ayni idora matbuot kotibi ham tasdiqlagan.

Ammo tergov ishi boʻyicha tafsilotlarni ochiqlamagan.

Gulnora qayerda?

Qoʻshiqchilik, biznes, diplomatiya va xayriya sohasiga ham daʼvo qilgan Gulnora Karimova 2014 yilning fevral oyida "gʻoyib boʻlgani" bilan qaytib koʻringani yoʻq.

Islom Karimovning BBCga aytishicha, Gulnora Karimova "hozir ham uyda saqlanyapti. Yahyo Gʻulomov koʻchasidagi uyida uni hibs boshidanoq ushlab turishibdi. U xorijga uchib ketgani yoki shahar boʻylab yurgani haqidagi mishmishlar yolgʻon".

"Uning oʻzini sud qilishmagan, lekin uning doʻstlari, jamgʻarmalari xodimlari sudga tortilgan". Gulnora Karimovaga esa A4 shaklidagi qogʻozda na qoʻl qoʻyilgan, na kimdanligi aniq boʻlgan "aybnoma" topshirilgan.

Onangiz qay sharoitda saqlanyapti degan savolga Islom Karimov bunday dedi: "Oyim oʻzi yashab kelgan uyda bekami koʻst yashamoqda degan yanglish fikr bor. Eng boshidayoq uyni berkitib, oyimni bir xonaga joylashtirishgan. Uyga qoʻshib qurilgan ikki-uchta xona bor. Oyim oʻsha yerda saqlanyapti. Unga bir marta "pulini toʻlamasangiz, ovqat berolmaymiz" deyishgan. Unda oyim "uyni ochib beringlar, pulni olib chiqay" deb soʻragan. "Yoʻq, uyni ocholmaymiz, pulni topish sizning muammongiz" deb javob qilishgan".

Gulnora Karimova bilan uchrashish imkonlari haqida gapirib, uning oʻgʻli mana bunday javob berdi: "Uyga yaqinlashaman yoki uni koʻraman degan odam darhol hibsga olinadi va SNBning Gvardeyskiydagi hibsxonasiga olib ketiladi. Singlim ham koʻchada tursa, "Iltimos bu yerda turmang, kiring, darvozaning oldida turmang" deyishadi. Ularga oyda bir marta bir-biri bilan koʻrishishga ruxsat beriladi. Bu ham har doim emas. Baʼzida, "Yoʻq, bugun siz kiradigan kunmas" deyishadi".

Gulnoraning pullari

Matbuotdagi turfa xabarlarga koʻra, Gulnora Karimovaning nomi telekommunikatsiya sohasida qariyb bir milliard dollarga teng noqonuniy mablagʻlar bilan bogʻliq.

Yevropa davlatlari doxil AQShdagi mahkama hujjatlarida Islom Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimova ismi koʻzga tashlanadi.

Oʻtgan yil boshida AQSh hukumati birinchi bor Gulnora Karimova nomini mahkama hujjatlarida keltirishgan.

Mahkama hujjatlariga binoan, 2015 yilgi daʼvo 300 mln dollar haqida borgan.

2016 yilda AQSh rasmiylari yana 500 mln dollar uchun daʼvo arizasi kiritishgan.

Qoʻshma Shtatlar hibs qilinishini talab etgan 300 million miqdoridagi bu pul-mablagʻlar, aytilishicha, Bank of New York Mellon Corp. ning Irlandiya, Lyuksemburg va Belgiyadagi hisoblarida saqlanadi.

Shu tariqa Oʻzbekiston Prezidenti oilasining nomi aralashgan va kamida uch Yevropa davlatida olib borilayotgan yirik xalqaro korruptsiya tergoviga Qoʻshma Shtatlar ham qoʻshilgandi.

Korruptsiya gumonlari markazidagi eng yirik shirkatlardan biri TeliaSoneradir.

Bu shirkat Oʻzbekiston hukumatidan 3G va 4G litsenziyalaridan foydalanish huquqini sotib olish uchun Prezident Karimov oilasiga yaqin shaxslarga yuzlab million dollar pora berganlikda ayblangan.

Shvetsiyadagi tekshiruvlar TeliaSonera rahbari Larsa Nyuberg va qator boshqaruvchilarning isteʼfosiga olib kelgan.

Ushbu tergov doirasida Prezident Karimovning toʻngʻich qizi Gulnora Karimovaga yaqin qator shaxslarga ayblov eʼlon qilingan va Gulnora Karimovaning Frantsiya va Shveytsariyadagi uylariga reydlar uyushtirilgan edi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring