Qozog‘istonda josuslikda ayblangan o‘zbek professor «sudga tortilgan»

Surat manbasi, Ikboljon Qoraboyev
Uch oydirki Qozog‘istonda hibsda saqlanayotgan o‘zbekistonlik professor Iqboljon Qoraboevning ishi bo‘yicha na uning oilasi, yo na jamoatchilik va matbuot ogoh qilindi. Ushbu ish o‘ta kuchli maxfiylik manzarasida ko‘rib chiqilmoqda.
Asli andijonlik 46 yashar Qoraboev Qozog‘iston Jinoyat kodeksinining 176-moddasi, ya’ni josuslikda ayblanib, 3 iyulda Ostona shahridagi uyidan olib ketilgan edi. Uning aynan qaysi davlat manfaati uchun josuslik qilishda ayblanayotgani noma’lum, ammo uning ayoliga ko‘ra, hibs vaqtida qozoq xavfsizlik xodimlaridan biri Qoraboevning O‘zbekiston foydasiga josuslik qilishda gumonlanayotganini aytgan.
Professor yaqinlarining Bi-bi-siga aytishlaricha, Qoraboev ustidan birinchi sud ishi sentyabrning ilk yarmida bo‘lib o‘tgani ma’lum bo‘lgan va 7 oktyabrda ikkinchi sud ishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Ammo, yopiq sudga Qoraboevning oilasi va yaqinlari chaqirilmagan va unda kimlar, qanday guvohlar va ekspertlar ishtirok etgani noma’lum.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Qoraboevning Qozog‘iston tomonidan tayinlangan advokati To‘legen Maxmetov sud tafsilotlarini ochiqlamaslik bo‘yicha hujjatga imzo chekkanini aytib, ularga hech qanday ma’lumotni bermagan. U Bi-bi-si so‘rovini ham javobsiz qoldirdi.
Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, prokuror sudgacha tergov jarayonlari, sudya esa sud jarayonini ochiqlamaslik bo‘yicha advokatni majburlashga haqli.
Qoraboevning oilasiga ko‘ra, u hech qanday ayblovni o‘z bo‘yniga olmagan.
O‘zbekiston munosabati
Bi-bi-si avgust oyi oxirida O‘zbekiston hukumatining qator rasmiy idoralari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi konsulligiga murojaat qilgan, ammo javob olmagandi.
Qoraboevning ishi bo‘yicha uning oilasi O‘zbekistonda ham maxfiylikka yuz tutayotgan ko‘rinadi. Professorning ishini O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari ham yoritmayapti.
Professor Qoraboevning opasi Mahfuza Rasulova tomonidan O‘zbekiston davlat idoralariga, xususan, Tashqi ishlar vazirligi, Ombudsman, Davlat xavfsizlik xizmatiga qilingan murojaatlar vaziyatni oydinlashtirmagan.

Surat manbasi, Ikboljon Qoraboyev
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Bi-bi-si tanishgan qator rasmiy javob xatlarida Qoraboevning ahvoli va nimada ayblanayotganiga hech qanday aniqlik kiritilmaganligini ko‘rish mumkin.
Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti boshlig‘i "Sh. Mahmudov" oilaning murojaatiga 2 sentyabrda quyidagicha javob bergan:
"Murojaatingizda keltirilgan masala Tashqi ishlar vazirligi vakolatida emasligi sababli keltirilgan masala yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi vakolatli idoralariga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi."
Mahmudov so‘ng 10 sentyabrda yana oilaga xat yo‘llab, konsullik tomonidan Qozog‘istonning "tegishli davlat idoralariga" nota yuborilgani va javobi kelsa, ular xabardor qilinishlarini bildirgan.
Davlat Xavfsizlik Xizmati (DXX) ham Rasulovaning murojaatiga 4 sentyabrda yo‘llagan javobida bu masala DXX vakolatiga kirmasligini bildirgan.
16 sentyabrda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimanov masalani yana Tashqi Ishlar Vazirligiga yuborgan va "O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasalari orqali I. Qoraboevning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, jumladan, uning saqlash sharoitlari, sog‘lig‘i holati hamda yuridik yordamdan foydalanish imkoniyati ta’minlanganligi to‘g‘risida ma’lumot olishda amaliy ko‘mak"lashishini so‘ragan.
Hozirga qadar Professor Qoraboevning oilasiga u haqida hech qanday rasmiy ma’lumot berilmadi.
Xalqaro xavotirlar
Ayni damda ushbu masala xalqaro tashkilotlar xavotiriga sabab bo‘lgan. Jumladan, AQShda joylashgan Xavotirdagi olimlar qo‘mitasi (Committee of Concerned Scientists) hamraislari 8 sentyabrda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-jo‘mart To‘qaevga murojaat yozib, uning nusxasini AQSh Tashqi ishlar vaziri Marko Rubio va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga yo‘llaganlar.

Surat manbasi, Committee of Concerned Scientists
Xatda, xususan, shunday deyiladi:
"Bizda mavjud xabarlarga ko‘ra, 2026 yil 3 iyul kuni professor Qoraboev fuqarolik kiyimidagi shaxslar tomonidan o‘z uyida, rafiqasi va uch nafar farzandi ko‘z o‘ngida hibsga olingan. Xabar qilinishicha, u Jinoyat kodeksining 176-moddasi bo‘yicha josuslikda, xususan, «davlat sirlari»ni xorijiy tashkilot yoki davlatga — aftidan, O‘zbekistonga — topshirish maqsadida saqlaganlikda ayblanmoqda. Bizga ma’lum bo‘lishicha, shundan so‘ng MNU (professor ishlab kelgan Maqsut Narikbaev Universiteti) Qoraboev bilan mehnat munosabatlarini bekor qilgan. Uning hibsga olingani oradan qariyb ikki oy o‘tguniga qadar jamoatchilikka ma’lum qilinmagan. Xabarlarga ko‘ra, u 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin."
Olimlar guruhi Professor Qoraboev egalik qilgani iddao qilinayotgan ma’lumotlar haqiqatan ham davlat siri sifatida maxfiylashtirilgan ma’lumotlar bo‘lganmi yoki ochiq va akademik manbalar orqali olish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bo‘lganmi, degan masala ularda alohida xavotir uyg‘otayotganini bildirganlar.
"Ayblovning jiddiyligi va unga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazoning og‘irligini inobatga olgan holda, tegishli idoralarni qonuniy xavfsizlik talablariga zid bo‘lmagan darajada, unga qo‘yilgan ayblovlarning faktik va huquqiy asoslarini imkon qadar to‘liq oshkor etishga hurmat bilan chaqiramiz", deyiladi murojaatda.
Olimlar, agar dalillar unga qo‘yilgan ayblovlarni tasdiqlamasa, professor Qoraboevni zudlik bilan ozod qilish va oilasi bilan qayta birlashishiga imkon berishga chaqirgan.
"Umuman olganda, bunday jiddiy ishni ko‘rib chiqishda ochiqlik, qonuniy tartib-taomillarga rioya qilish va akademik erkinlikni hurmat qilish ta’minlanishini so‘raymiz", deyiladi xatda.
Ushbu murojaatga taniqli matematik fizik Joel L. Lebovits (Joel L. Lebowitz); psixiatr, inson huquqlari va Xolokost bo‘yicha mutaxassis Uolter Rayx (Walter Reich); Andrey Saxarov mukofoti sovrindori, nazariy fizik olim Yujin M. Chudnovskiy (Eugene M. Chudnovsky); organik kimyo va fotokimyo bo‘yicha olim Aleksandr Grir (Alexander Greer) imzo chekkanlar.
Ular, shuningdek, ushbu ish 2019 yilda Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar instituti xodimi Konstantin Seryojkinga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq xavotirlarni yodga solishi mumkinligini ham qayd etishgan. U o‘shanda o‘n yilga ozodlikdan mahrum etilgan, keyinchalik esa afv etilgan edi.
"Professor Qoraboevning ishi Qozog‘istonning qonuniy tartib-taomillarga rioya qilish, akademik erkinlik va xalqaro ilmiy hamkorlik tamoyillariga sodiqligini namoyon etadigan tarzda hal etilishiga umid qilamiz", deya yakunlaydi ular murojaatnomani.






























