Dunyoning eng yirik dini o‘zgarmoqda: O‘zbekiston va qo‘shnilarni nima kutmoqda? - Video

Video tagso‘zi, Islom eng yirik dinga aylanadi
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Ikki ming yildan beri dunyoda eng ko‘p tarqalgan din nasroniylik bo‘lib kelgan. Ammo bu tartib endi asrlar emas, atigi o‘n yil ichida o‘zgarishi mumkin.

AQShdagi Pew Research Center prognoziga ko‘ra, 2035 yilda musulmonlar soni 2,57 milliardga yetib, nasroniylardan (2,52 milliard) oshib ketadi. 2070 yilga borib dunyoda 3,6 milliarddan ortiq musulmon yashaydi – har 100 kishidan 36 nafari.

Markazning 2015 yilgi hisobotida bu burilish 2070 yil atrofida kutilgan edi. Yangi ma’lumotlar uni qariyb 35 yil oldinga surdi.

Ushbu o‘zgarish O‘zbekistonning atrofida ham yaqqol ko‘rinadi.

"Gap bolalarda"

Masjid an-Nabaviy

Bu o‘zgarish odamlar ommaviy ravishda dinini almashtirayotgani uchun ro‘y bermaydi. Pew'ning katta demografi Konrad Xakket sababni ikki so‘z bilan izohlaydi: «gap bolalarda».

2020–2025 yillarda musulmon ayollar o‘rtacha 3,1 farzand ko‘rgan, nasroniy ayollar – 2,5. Besh yil ichida musulmon onalardan 252 million, nasroniy onalardan 208 million bola tug‘ilgan.

Ikkinchi omil – yosh. Musulmonlarning o‘rtacha yoshi 24, bu boshqalardan qariyb o‘n yil kam. Bugungi yoshlar ertaga ota-ona bo‘ladi.

Natijada, 2070 yilgacha dunyo aholisi 29 foizga o‘ssa, musulmonlar 80 foizga ko‘payadi. Ularning aksariyati allaqachon musulmonlar ko‘pchilik bo‘lgan mamlakatlarda tug‘iladi.

Yangi yetakchi: Pokiston

Hozir eng ko‘p musulmon Indoneziyada yashaydi. 2070 yilga borib u to‘rtinchi o‘ringa tushadi, birinchi o‘ringa esa Pokiston chiqadi. Uning aholisi deyarli ikki barobarga ko‘payib, dunyo musulmonlarining 13 foizi shu yerda yashaydi.

Jadval
Surat tagso‘zi, Manba: Pew Research Center, The Future of World Religions, 2026.

Hindiston ikkinchi o‘ringa ko‘tariladi: musulmonlar ulushi 15,2 foizdan 19,6 foizga chiqadi. Ammo hindular aholining to‘rtdan uch qismidan ko‘pini (75,8%) tashkil etishda davom etadi. Musulmonlar hindulardan Hindistonda emas, butun Osiyo-Tinch okeani mintaqasida oshib ketadi: 2070 yilda 1,8 milliardga qarshi qariyb 1,4 milliard.

Janubda – 100 millionlik qo‘shni

O‘zbekiston uchun eng muhim raqam Janubdan keladi. Pew prognoziga ko‘ra, Afg‘oniston aholisi 2020 yildagi 39 milliondan 2070 yilda 99,4 millionga yetadi va u musulmonlar eng ko‘p yashaydigan o‘n davlat qatoridan joy oladi.

2020 yilda ikki qo‘shnining aholisi deyarli teng edi: 39 va 33,6 million. 2070 yilda esa Afg‘oniston O‘zbekistondan qariyb 40 million kishiga ko‘p bo‘ladi.

Bu farq mintaqa kun tartibidagi eski mavzularga yangi og‘irlik qo‘shadi: Amudaryo suvi, mehnat migratsiyasi, chegara xavfsizligi, savdo va tranzit yo‘laklari. 100 millionlik davlatning ehtiyojlarini hisobga olmay turib, bu masalalarni hal qilib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston: 60 million sari

O‘zbekistonda 2026 yil, aprel oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 38,4 million kishi yashaydi. UNICEF hisobiga ko‘ra, aholi 2030 yilda 40 milliondan, 2050 yilda 52 milliondan oshadi. Pew esa 2070 yil uchun 60,6 millionni ko‘rsatadi, ularning 58,7 millioni musulmon.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

O‘zbekiston allaqachon MDHda Rossiyadan keyin ikkinchi yirik davlat va musulmonlari eng ko‘p mamlakat. Ukraina hukumati mamlakat aholisi 32 millionga tushganini aytganini hisobga olsak, butun sobiq sovet makonida ham ikkinchi o‘rin O‘zbekistonga o‘tgan.

Rossiya bilan nisbat ham o‘zgaradi. 2070 yilda Rossiya aholisi 97,5 millionga tushadi, musulmonlari esa taxminan 11 million bo‘ladi – O‘zbekistondagidan besh barobar kam. Qozog‘iston aholisi 34 millionga yetib, musulmonlar ulushi 86 foizga chiqadi.

Boshqa mamlakatlarda nima o‘zgaradi?

Nasroniylikning markazi Janubga ko‘chmoqda: 2070 yilda nasroniylarning yarmidan ko‘pi Sahroyi Kabirdan janubdagi Afrikada yashaydi, Kongo Demokratik Respublikasi esa nasroniylar soni bo‘yicha AQShdan o‘zadi. AQShda nasroniylar ulushi 2065 yilga borib 50 foizdan pastga tushadi, Kanadada – 2030 yildayoq. Yevropa aholisi 17 foizga kamayadi, Xitoy, Koreya va Yaponiyadagi kamayish sabab buddaviylar soni ham qisqaradi.