O‘zbekiston va mintaqa: Rossiya nimaga toqat qilmasligini aytdi

Putin, Barodar, Markaziy Osiyo liderlari mintaqa xaritasi fonida aks etgan.
Surat tagso‘zi, Rossiya hozir ham barcha Markaziy Osiyo davlatlarining eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori bo‘ladi. Hozir esa Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonning ham...
Published
O'qilish vaqti: 9 daq

Rasmiy Moskva bayonotiga mintaqa davlatlari munosabati hozircha imkonsiz.

Imkonli bo‘lgan xabarlarda bunga Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining javobi ham noayon qolgan.

Rossiya nimaga toqat qilmaydi?

Rossiya va Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirlari.
Surat tagso‘zi, Rossiya NATO infratuzilmasining Afg‘oniston va unga qo‘shni davlatlarga joylashtirilishiga umuman toqat qilmasligini aytdi. Lavrov ayni o‘rinda biror bir bahona ish bermasligini ham ta’kidladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri yana bayonot bilan chiqdi.

Rossiya NATO infratuzilmasining Afg‘oniston va unga qo‘shni davlatlarga joylashtirilishiga umuman toqat qilmasligini aytdi.

Lavrov ayni o‘rinda biror bir bahona ish bermasligini ham ta’kidladi.

U bu masalada Kremlning mavqei o‘zgarishsiz qolayotganini ko‘rsatdi.

Ammo, Rossiya nashrlari yozishicha, shunday derkan, Lavrov xuddi o‘sha kunning o‘zida Afg‘onistonga terrorizmga qarshi kurash salohiyatini kuchaytirish uchun yordam zarurligini ham ta’kidlagan.

Ularning IShID va boshqa terrorchi guruhlar bilan kurash olib borayotganliklarini aytgan.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Tolibon hukumatining terrorizmga qarshi kurash salohiyatini, jumladan, josuslik va xavfsizlik idoralari o‘rtasidagi hamkorlik orqali qo‘llab-quvvatlash boshqa davlatlar manfaatlariga mos kelishini ta’kidlagan.

Xuddi shu manzarada Rossiya Tashqi ishlar vazirligining boshqa bir yuqori lavozimli vakili mamlakati Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganligini bildirgan.

Aleksandr Sternik, "Rossiya Tojikistonga chegara bo‘ylab xavfsizlikni mustahkamlashda yordam berish uchun harbiy va texnik vositalarni yetkazib berishni davom ettirishi"ni ta’kidlagan.

O‘zbekiston Afg‘onistonga chegaradosh.

Yana ikki mintaqa davlati – Tojikiston va Turkmaniston ham.

Rossiya dunyoning yadroviy qudratlaridan biri.

Jahondagi Tolibon hukumatini rasman tan olgan yagona davlat.

Ular bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikka borgan birinchi mamlakat.

Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi ham Afg‘onistonga chegaradosh Tojikistonda joylashgan.

Tolibon hukumati hozir Pokiston bilan urush ichida.

Pokiston Tolibon hukumatiga ochiq urush e’lon qilgan.

Rasmiy Islomobod Tolibonni "butkul yakson" etmoqchi.

Pokiston ham yadroviy qudrat.

Yaqin-yaqingacha AQShning mintaqadagi yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘rilgan davlat.

Россия Ташқи ишлар вазири.
AFP via Getty Images
Bunday hozirlik vaziyatning beqarorlashuvi va mojarolarning kuchayishi xavfini tug‘diradi. Tarixiy tajriba xuddi shuni ko‘rsatgan.
Sergey Lavrov
Rossiya Tashqi ishlar vaziri (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Rossiya tomoni izohi

Mintaqa xaritasi
Surat tagso‘zi, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston uch Markaziy Osiyo davlati - O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga bevosita chegaradosh.

Xabarlarga ko‘ra, mazkur bayonot shu kunlarda bo‘lib o‘tgan "Moskva formati"dagi maslahatlashuv yig‘ilishining ochilish marosimi chog‘ida yangragan.

"Moskva formati" Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillar va yuqori martabali mulozimlar darajasidagi yig‘in.

Unda, yillarki, O‘zbekiston tomoni ham ishtirok etib keladi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirining bayon qilishicha, "bunday hozirlik vaziyatning beqarorlashuvi va mojarolarning kuchayishi xavfini tug‘diradi".

Sergey Lavrovga ko‘ra, "tarixiy tajriba xuddi shuni ko‘rsatgan".

"So‘nggi bir necha o‘n yillikda bunday hozirlikning boshqa hech qanday natijalarini kuzatishmagan".

Rossiya tomonining bugun yana nega shunday bayonot bilan chiqayotgani sababi ma’lum emas.

NATO ham hozircha bu xususda jim, Lavrovning bayonotiga ittifoqning rasmiy munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

AQSh va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Afg‘onistondagi ilk va so‘nggi harbiy hozirligi 2001 va 2021 yillar oralig‘iga to‘g‘ri keladi.

Aynan Tolibon 20 yil davomida o‘zining ittifoqchilari bilan birga Amerika va dunyodagi eng yirik harbiy blokka qarshi turgan.

2020 yilda Trampning ilk ma’muriyati alal-oqibat Tolibon bilan kelishuvga borgan.

Xuddi shu bitim shartlari asosida oradan yil o‘tib, xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni butkul tark etgan.

Afg‘onistonning G‘arb tomonidan dastaklangan hukumati qulagan, qudratni esa Tolibon harakati egallagan.

Nima gap?

Rossiya tomonining ogohlantiruvchi mazmundagi chiqishlari Trampning yana Bagramga qaytish istagi manzarasida qayta kuchaygan.

Ammo, boshqa tomondan, Ukraina urushi fonida Rossiyaning NATO bilan munosabatlari nihoyatda keskinlashgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Bagram yaqin-yaqingacha Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi eng yirik harbiy bazasi bo‘lgan.

Eng so‘nggi AQSh harbiysi Tolibon qudratga qaytgan 2021 yilning avgustida Afg‘onistonni tark etgan.

O‘tgan yigirma yil ichida Afg‘onistonda hozir bo‘lgan xalqaro koalitsiya kuchlarining ko‘pchiligini aynan ular tashkil etishgan.

Bagram Tramp qudratga qaytganidan so‘ng eng ko‘p tilga olayotgan masalalardan biri bo‘ladi.

U o‘tgan bir yildan ortiqroq vaqt ichida Bagramni o‘zlariga qaytarish istagi va rejasi haqida bir necha bor to‘xtalgan.

U Tolibon "o‘zlaridan istagan narsalar bor"ligi uchun ham Bagramga qayta olishlari mumkinligiga ishora qilgan.

Orada Bagram o‘zlariga qaytarilmasa, "yomon narsalar yuz berishi" bilan ham ogohlantirgan.

Bagram harbiy bazasi juda katta va strategik muhim joyda joylashgan.

Afg‘oniston Rossiya hanuz o‘zining janubiy chegaralari sifatida ko‘ruvchi Markaziy Osiyo, Xitoy va Moskvaning Yaqin Sharqdagi eng yaqin sanoqli ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Eronga bevosita chegaradosh.

Trampning Afg‘onistonga qaytish istagi, boshqa tomondan, Rossiya Ukrainaga ochgan urush hanuz davom etayotgan, AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo urushi xavfi kuchayayotgan, Eronning Yaqin Sharqdagi mavqei zaiflashib, Vashington va Tehron o‘rtasidagi tanglik ham keskinlashib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

AQSh prezidentining Bagram bilan bog‘liq bayonotlari yana Kremlning Tolibonning Afg‘onistondagi hukumatini rasman tan olish qaroridan qisqa vaqt o‘tmay yangragan.

Xitoy esa bugun Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonning eng yirik iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘ladi.

Rasmiy Pekin Afg‘onistonni mintaqa bilan bog‘liq eng yirik geoiqtisodiy loyihalarining ajralmas qismi sifatida ko‘radi, bugun eng yaqin diplomatik hamkorlaridan ham biri.

Bagramning Xitoy o‘zining yadroviy qurollarini ishlab chiqaruvchi sathga yaqinligi ham Tramp ko‘z o‘ngida uning ahamiyatini yanada oshirgan omil sifatida o‘rtaga chiqqan.

AQSh prezidenti "Afg‘oniston emas, Xitoy uchun" Bagramni o‘zlarida qoldirish rejasida ekanini aytgan.

Tramp orada Bagramni Xitoy egallaganini qayta-qayta iddao qilgan. Ammo Tolibon uning bu da’volarini rad etgan.

Ham xavfsizlik va ham iqtisodiy omillar nuqtai nazaridan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan har tomonlama aloqalarini kuchaytirayotgan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari ham aynan Rossiya va Xitoyning yaqin hamkorlari va ittifoqchilari bo‘lishadi.

Ayniqsa, Ukraina urushi fonida Rossiya barobarida endi Xitoy ham ularni geoiqtisodiysi qolib, o‘zining geosiyosiy orbitasiga tortish harakatida.

Bundan tashqari, ular Rossiyaning o‘z sanksiyalarini chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklari uchun G‘arb izchil muloqotda bo‘lgan mamlakatlar sirasiga ham kirishadi.

Markaziy Osiyo va Bagram

To‘rt Markaziy Osiyo davlati liderlari.
Surat tagso‘zi, Aynan Tojikiston istisno qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari va hatto rasman neytral maqomda ekaniga qaramay, Turkmaniston ham Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan yaxshi munosabatda va faol diplomatik aloqada.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z vaqtida AQSh harbiy bazalarini o‘z hududlariga joylashtirgan ikki Markaziy Osiyo davlati bo‘lishadi.

Ular ham 2001 yilda Afg‘oniston bois, Amerika Qo‘shma Shtatlari boshlagan "terrorga qarshi urushi"ga bosh qo‘shishgan.

AQSh harbiylari Toshkentning talabi bilan O‘zbekistonni 2005, Qirg‘izistonni esa, Bishkekning so‘roviga muvofiq, 2014 yilda tark etishgan, o‘zlarining bu ikki sobiq Sovet davlatidagi bir necha yillik harbiy hozirliklariga yakun yasashgan.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari, bundan tashqari, ayrim nufuzli G‘arb nashrlarida Afg‘onistonni tark etishi bilanoq AQSh tomoni bazalarini qaytarish uchun muzokaralar olib borgan davlatlar qatorida tilga olinishgan.

Boshqa tomondan, Tojikiston misolida aynan Markaziy Osiyo Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan mintaqa bo‘ladi.

Rossiya, bundan tashqari, Qirg‘izistonda ham o‘zining harbiy bazasiga ega, Qirg‘izistondan tashqari yana Qozog‘istonda ham harbiy inshootlari bor. So‘nggi paytlarda G‘arbda Xitoy ham Tojikistonda o‘zining harbiy hozirligini kuchaytirayotganiga oid xabarlarning soni ortgan.

Trampning yana o‘zlariga chegaradosh Afg‘onistonga qaytishlarini ko‘zda tutuvchi Bagram bazasi bilan bog‘liq bayonotlariga Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

Ammo Rossiya tomonining Afg‘onistonda tashqi kuchlarning harbiy hozirligiga umuman toqat qilinmasligiga oid so‘nggi bayonoti ham Moskva formati yig‘inida, ular hay’atlarining hozirligi va ishtirokida yangragan.

Voqealarning bu kabi rivoji, boshqa tomondan, O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoning yirik davlatlari Tramp ma’muriyati bilan aloqalarini yanada yuqoriroq bosqichga olib harakatida bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

Turli jangari guruhlar xuruji xavfi bo‘ladimi, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi yoki katta sondagi qochqinlar oqimi – Afg‘oniston tahdidi, yillarki, ular uchun eng dolzarb va hassos masalalardan biri bo‘ladi.

Yaqin, yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan Afg‘onistonda ildizlari Markaziy Osiyoga borib taqaluvchi jangari guruhlar ham boshpana topishgan, jang qilishgan va hanuz jon saqlab kelishadi.

Ular o‘z vaqtida Afg‘oniston Tolibon harakati va "al-Qoida" tarmog‘ining yaqin ittifoqchilari sifatida ko‘rilishgan, O‘zbekiston Islomiy harakati esa, hatto, orada bugun Afg‘onistondagi eng jangarisi va halokatlisi ekani aytiluvchi IShIDning Xuroson qanotiga to‘lig‘icha bay’at keltirganini ham e’lon qilgan.

So‘nggi paytlarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonda, ayniqsa, "al-Qoida" qayta faollashayotganiga oid xavotirli hisobotlarining soni ham ortgan.

Afg‘onistondan mintaqaga qaratilgan hujumlarning slni ham ko‘paygan.

Aynan xavfsizlik aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari nega bugun Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan har tomonlama hamkorliklarini kuchaytirish harakatida ekanliklarining bosh sabablaridan biri bo‘ladi.

Bundan tashqari, muhim jo‘g‘rofiy joylashuvi bois, Afg‘oniston birgina dengizga yopiq O‘zbekiston misolida ularni xalqaro suv yo‘llariga olib chiqish, yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin bo‘lgan muhim davlat.

AQShning Bagramga qaytish ilinji mintaqaviy ekspertlar orasida ikki xil qarashga sabab bo‘lgan.

Ularga ko‘ra, ayni masalada eng maqbuli - Afg‘onistonni ham o‘z ichiga oluvchi keng mintaqaning harbiy bazalardan xoli hududga aylanishi.

Ammo, bunday bo‘lmas ekan, muvozanat nuqtai nazaridan, AQShning Afg‘onistonga qaytishi, balki, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ayni o‘rinda eng muhimi - uning qancha vaqtga, nima maqsadda kirishi.

"Shuning natijasida Afg‘onistonning qanchalik barqarorlashishi, u yerda adolatli hukumat o‘rnatilishi, terrorizm o‘choqlari yo‘q qilinishi va Afg‘onistonning tinch rivojlanish yo‘liga o‘tishi".

Ayni fikrda bo‘lgan ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, "tarixda bunaqa ziddiyatlar, geosiyosiy o‘yinlar ko‘p bo‘lgan va o‘zlari uchun natija muhimroq".

Tolibon mavqei

Tolibon hukumati vakillari.
Surat tagso‘zi, Afg‘oniston hozir yana Islomiy Amirlik. Uni, besh yildirki, Tolibonning yakka o‘zi tomonidan tashkil etilgan hukumat boshqaradi.

Tolibon AQSh Prezidenti Donald Trampning Bagramni o‘zlariga qaytarish talabini qat’iyan rad etgan.

Amerikaning Afg‘onistonda hech bir shaklda harbiy hozirligini saqlab qolmasligi hali qudratga qaytishlari arafasida kechgan muzokaralar chog‘ida ta’kidlanganini xotirlatgan.

Ularning raddiyasiga Tramp va ma’muriyatining munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

Ammo Tramp o‘tgan yil Bagram Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaytarilmasa, buning oqibati "yomon" bo‘lishi bilan ogohlantirgan, lekin aynan nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.

Tolibonning Afg‘onistondagi ilk hukumati va Islomiy Amirligini ham 2001 yilda AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiya kuchlari qulatishgan.

Qay bir shaklda bo‘lmasin, Afg‘onistondagi vaziyatning izdan chiqishi ham mintaqa davlatlarining allaqachon jiddiy xavotirlariga molik istiqbollardan biri bo‘ladi.

Voqealarning so‘nggi rivoji yana Amerika Tolibonni "xorijiy terrorchi tashkilot" sirasiga kiritish-kiritmaslik masalasini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Trampning ortda qolgan katta miqdordagi harbiy texnikalarini ortga qaytarish talabi Afg‘onistonning Amerika tomonidan qayta ishg‘oliga olib kelishi mumkinligiga oid xavotir va qo‘rquvlar hanuz arimagan vaziyatda bo‘y ko‘rsatgan.

Afg‘onistonning Tolibon qudratga qaytishi ortidan chetda muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollarlik hissalari ham asosan Amerika Qo‘shma Shtatlarida saqlanadi.

Tolibon hukumati ularni o‘zlariga qaytarish istagida, ammo Tramp ma’muriyati yaqinda Afg‘onistonga moliyaviy ko‘maklarini ham keskin qisqartirib qo‘ygan.

Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, "sanksiyalarga qaramay, Afg‘oniston iqtisodiyoti o‘smoqda va Rossiya mamlakatga gumanitar yordam ko‘rsatadi".

"Afsuski, mamlakatdagi gumanitar vaziyat og‘irligicha qolmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, kelayotgan qishda 17 milliondan ortiq afg‘onistonlik — ya’ni aholining deyarli yarmi — oziq-ovqat tanqisligiga duch keladi, gumanitar yordamga muhtoj insonlarning umumiy soni esa 22 millionga yetadi", - deb aytgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining mintaqadagi an’anaviy ittifoqchilaridan biri sifatida ko‘riluvchi Pokiston esa, Afg‘onistonning qudratga qaytishi ortidan Tolibon eng ko‘p to‘qnashuvlarga borayotgan qo‘shnisi bo‘ladi.

Tahlilchilar orasida Tramp ma’muriyati xuddi shu vaziyatdan ham Bagram masalasida Tolibonga ta’sir vositasi sifatida foydalanishi mumkin, degan qarashlar yo‘q emas.

Rossiya-Tolibon munosabatlari tarixchasi

Infografika
  • Rossiyaning Tolibon bilan aloqalari silliq bo‘lmagan.
  • Harakat 20 yildan ortiq Rossiyaning "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatida turgan.
  • Rossiya uning faoliyatini 2003 yilda o‘z hududida rasman taqiqlagan.
  • Tolibon bungacha Rossiyadagi chechen bo‘lginchilarini oshkora qo‘llagan, hatto Rossiyaga qarshi jihod ham e’lon qilgan.
  • Tolibon ilk bor qudratga kelgan 90-yillar oxiri va 2000 yillar boshlarida Rossiya unga nisbatan keskin mavqe’ni egallagan.
  • 2001 yilning 11 sentyabridagi teraktlar ortidan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini ham qo‘llab-quvvatlagan.
  • Xuddi shu amaliyotlar natijasida Tolibonning Afg‘onistondagi ilk tuzumi qulatilgan, Islomiy Amirligi barham topgan, ammo toliblar butkul yengilmagan.
  • Tomonlar o‘rtasidagi urush qariyb yigirma yilga cho‘zilgan, Afg‘onistonda yana IShID faollashgan.
  • G‘arb qo‘shinlarining janubiy sarhadlaridagi uzoq yillik hozirligi va IShID esa, xuddi shu manzarada tomonlarni bir-biriga yaqinlashtirgan ikki muhim omil sifatida o‘rtaga chiqqan.
  • Rossiya Tolibon bilan aloqa o‘rnatishga kirishgan, 2017 yilda G‘arb tomonidan dastaklangan afg‘on hukumati, mintaqa davlatlari va Tolibon vakillarini ham o‘z ichiga oluvchi Moskva muloqot formatiga asos solgan.
  • So‘nggi afg‘on urushiga diplomatik yo‘lda yechim topishga urinib ko‘rgan, formati bugun ham faoliyatda, Afg‘onistondagi Tolibonga muxolifatda bo‘lgan siyosiy guruh vakillariga ham o‘z eshiklarini ochiq tutgan.
  • Orada G‘arbning Afg‘onistondagi Tolibon harakatini qo‘llayotgani va unga qurol-yarog‘ yetkazib berayotganiga oid da’volarini izchil ravishda rad etib kelgan.
  • Xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni butkul tark etib, qudratga yana Tolibon qaytarkan, uning muvaqqat hukumati bilan munosabatlarini faol rivojlantirgan.
  • O‘zining Afg‘onistondagi, Afg‘onistonning Rossiyadagi elchixonasini ham yopmagan.
  • Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, qisqa vaqtning o‘zida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi $1 milliard AQSh dollariga yetgan.
  • Rasmiy Moskva Tolibonni Afg‘onistondagi "haqiqiy kuch", deb atagan.
  • O‘tgan yilning aprelida Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zining "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqargan, iyulida esa, dunyoda birinchi bo‘lib uning Afg‘onistondagi hukumatini rasman tan olgan.
  • Afg‘onistonni Rossiyaning o‘zi 10 yillik harbiy hozirligi ortidan 1989 yilda tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.
  • Ammo, aksariyat mintaqaviy yetakchi tahlilchilar nazdida, Kreml Afg‘oniston tahdidini, yillarki, Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining turli bosimlarini o‘tkazishda eng muhim va samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ham qo‘llab keladi.