O‘zbekiston: Bolalarga qarshi jinsiy zo‘ravonlik qilganlar endi bir umrga qamalishi mumkin

Surat manbasi, Rasmiy
O‘zbekiston parlamenti 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.
Qonun atrofidagi muhokamalar Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida besh yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik qilingani haqidagi xabarlar ortidan kuchaydi.
Ayni paytda, parlamentda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-2025 yillarda O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarni zo‘rlash holatlari bo‘yicha 445 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Uchqo‘rg‘onda nima bo‘ldi?
Bolalar ombudsmani ma’lumotiga ko‘ra, Uchqo‘rg‘ondagi davlat bog‘chasining besh yoshli tarbiyalanuvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilingani yuzasidan 12 sentyabrda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bog‘chaning 52 yoshli xodimi gumonlanuvchi sifatida ushlangan va qamoqqa olingan. Qizning yaqinlari bola bir necha marta jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Tergov davom etmoqda va gumonlanuvchining aybdor yoki aybsizligiga sud baho beradi.
Voqeadan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maxsus ishchi guruh tuzib, davlat bog‘chalari xodimlarini tekshirish boshlanganini ma’lum qildi. Bolalar ombudsmani esa bog‘chalardagi ichki nazorat va bolalar xavfsizligini ta’minlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi.
To‘rt yilda 445 ta jinoyat ishi
29 sentyabrda Qonunchilik palatasida qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida deputat Gulruh A’zamova 2022-2025 yillarda 14 yoshga to‘lmagan bolalarni zo‘rlash holatlari bo‘yicha 445 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytdi.
2022 yilda 85 ta, 2023 yilda 108 ta, 2024 yilda 129 ta, 2025 yilda esa 123 ta shunday ish qo‘zg‘atilgan. Bu raqamlar sud hukmlari yoki jabrlanganlarning aniq soni emas, balki qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari sonini anglatadi.
Qonun loyihasi 29 sentyabrda birinchi, 30 sentyabrda ikkinchi o‘qishdan o‘tdi. 2 oktyabrda esa Senat qonunni ma’qulladi.
Unga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.
Qonun jabrlangan bolalarni so‘roq qilishni videoga yozish, ularga davlat hisobidan advokat berish hamda gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi bilan yuzlashtirishni maxsus tartibda o‘tkazish kabi himoya choralarini ham nazarda tutadi.
Ammo jazoni umrbod qamoqqa qadar kuchaytirish rejasi Uchqo‘rg‘on voqeasidan oldin paydo bo‘lgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 fevraldagi PF-22 sonli farmonida 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoqqacha bo‘lgan jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartishlarni tayyorlash vazifasi belgilangan edi.
O‘lim jazosi qaytarilishi mumkinmi?
Uchqo‘rg‘on voqeasidan keyin Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bunday jinoyatlar uchun o‘lim jazosi qo‘llanishi kerak, degan fikrni bildirdi. "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov ham o‘lim jazosini qaytarish tarafdori bo‘lib chiqdi.
Biroq O‘zLiDeP deputati Bobur Bekmurodov bunga qarshi chiqdi. U o‘lim jazosi Konstitutsiyaga zid ekani va bolalarning o‘zini ham qo‘shimcha xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, agar bolani zo‘rlash ham, o‘ldirish ham bir xil eng og‘ir jazoga sabab bo‘lsa, jinoyatchini asosiy guvoh bo‘lgan bolani o‘ldirishdan to‘xtatib turadigan omil kamayishi mumkin.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25-moddasida"O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi", deb belgilangan.
Agar bolani zo‘rlash ham, o‘ldirish ham bir xil eng og‘ir jazoga sabab bo‘lsa, jinoyatchini asosiy guvoh bo‘lgan bolani o‘ldirishdan to‘xtatib turadigan omil kamayishi mumkin.
Tanzila Norboeva: "Voqea sodir bo‘lishini kutib o‘tirmasligimiz kerak"
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Senat raisi Tanzila Norboeva esa 2 oktyabrdagi muhokamada masalani boshqa tomondan qo‘ydi. U davlat idoralari faqat jamoatchilikni larzaga solgan voqealardan keyingina harakatga tushmasligi kerakligini aytdi.
"Biz har safar qandaydir voqea sodir bo‘lishini kutib, shundan keyingina munosabat bildirib o‘tirmasligimiz kerak. Adliya organlarining vazifasi qonunchilik amalda qanday ishlayotganini doimiy ravishda tahlil qilib borishdir", dedi u.
Norboeva bolalarni himoya qilishga oid qonunlar qog‘ozda qolib ketmasligi, ular amalda ishlashi kerakligini ta’kidladi.
"Eng asosiy talab, bolalarning huquqiy himoyasi amalda haqiqatan ishlashi kerak", dedi Senat raisi.
Bu savol bejiz emas. Senatning o‘zi ham bolalar bilan ishlashi taqiqlangan ayrim shaxslarga oid maxsus reestr mavjud bo‘lsa-da, undagi ma’lumotlardan tashkilotlar amalda qay darajada foydalanayotgani va nazorat mexanizmlari qanday ishlayotgani yuzasidan muammolar borligini qayd etgan.
Jazo yetarlimi?
Uchqo‘rg‘on voqeasi ortidan yuzaga kelgan bahs dastlab jinoyatchilarni qanchalik og‘ir jazolash kerakligi atrofida kechdi.
Ammo 445 ta jinoyat ishi haqidagi raqamlar, maxsus reestrning amalda qanday ishlayotgani haqidagi savollar va Tanzila Norboevaning tanqidi muammoning boshqa tomonini ham ko‘rsatmoqda.
Umrbod qamoq jinoyat sodir etilganidan keyin qo‘llanadi. Bolani undan oldin himoya qilish esa muassasalardagi nazorat, xavfni erta aniqlash, xodimlarni tekshirish va bolaning shikoyatiga tezkor munosabat bildirish tizimi qanchalik ishlashiga bog‘liq.































