Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
O‘zbekiston, Rossiya va boshqalar: Tolibon Afg‘onistoni kim uchun nega muhim?
Tolibon 2021 yili Afg‘onistonda hokimiyatni qayta qo‘lga olarkan, 1996 yildagidan biroz boshqacha yo‘l tutdi. Harakat rahbarlari dunyodagi barcha davlatlar, xususan, AQSh va boshqa G‘arb mamlakatlari bilan ham yaxshi munosabatlar o‘rnatish istagini bildirishdi.
Ammo aksar dunyoda terrorchi guruh sifatida ko‘riladigan va inson haqlarini, xususan, ayollar huquqlarini keskin cheklaydigan Tolibon hukumatini G‘arb dunyosi tan ham olmadi, munosabatlarni ham yo‘lga qo‘ymadi.
Aksincha, Afg‘onistonning chetdagi milliardlab dollar mablag‘lari muzlatildi, diplomatik aloqalar uzildi.
Shunga qaramay, O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiya o‘tgan besh yil davomida Tolibon bilan iliq va hatto jips munosabatlarni yo‘lga qo‘ya boshlashdi.
Tolibon bilan yaqin aloqalardan qaysi mamlakat qanday maqsadni ko‘zlaydi?
Rossiya
Rossiya - hozirgacha Tolibonni rasman tan olgan yagona mamlakat.
Gap shundaki, Tolibonning qurolli harakat sifatida shakllanishi sabablaridan biri aynan Rossiya merosxo‘ri sanaladigan Sovet Ittifoqining Afg‘onistonga bostirib kirishi bilan bog‘liq.
Sovet qo‘shinlariga qarshi jang qilgan mujohidlarning aksar pashtunlardan iborat ayrim qo‘mondonlari Tolibonning ilk o‘zagini tashkil etganlar.
Moskva dunyoda birinchi bo‘lib Tolibonni tan olishi ortida iqtisodiy yo geosiyosiy sabablari turadimi yoki bu shunchaki aksilg‘arb bir qarormi, degan savol o‘rtaga chiqishi mumkin.
Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlari keskin yomonlashdi.
Oxirgi chorak asr davomida Moskva shundoq ham Iroq yo Suriya kabi ittifoqchilaridan ayrilgan.
Kremlning yirik savdo va siyosiy hamkorlari ham Ukraina bosqini ortidan Rossiya bilan o‘ta apoq-chapoq munosabatlarni ko‘z-ko‘z qilmaslikni afzal bildilar.
Sobiq Sovet Markaziy Osiyosi, Belarus, Eron va Shimoliy Koreya kabi nisbatan yakkanishin davlatlar bugun Rossiyaning eng yaqin hamkorlari bo‘lib qolishmoqda.
Afg‘oniston bilan aloqalar esa tobora ko‘proq ittifoqchilarini yo‘qotayotgan Rossiya uchun shunchaki yangi hamkor topish emas.
Moskva Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini ushlab qolish va hatto kuchaytirishni istashini ham nazardan qochirib bo‘lmaydi.
Shaksiz, Rossiya bu mintaqa mamlakatlaridan chiqqan va tarqoq bo‘lsa-da, hamon yo‘qolib ketmagan IShID kabi jangari guruhlarning ehimoliy kuchayishi yo birikishidan ham xavotirda.
Bu o‘rinda Tolibon Afg‘onistoni bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish qo‘l kelishi mumkin. IShID bugun Tolibon uchun ham boshog‘riq.
Tolibonga qadar 20 yil davomida Afg‘onistonni boshqargan hukumatlar, asosan, G‘arbning siyosiy, harbiy va iqtisodiy qo‘lloviga tayangan va ularning Rossiya bilan ittifoqchilik qilishi ehtimoli deyarli yo‘q edi.
Qolaversa, hali Sovet davridan beri Moskva Afg‘onistonni o‘z ta’sir doirasida ushlashga urinib kelgan.
Putin esa Rossiyaning hatti-harakatlari yoki mavjud vaziyat haqida gapirganda, Sovet Ittifoqini bir necha bor eslagan.
O‘zbekiston
O‘zbekiston hali Tolibondan ancha oldin, G‘arb qo‘llovidagi Ashraf G‘ani hukumati davrida ham Afg‘oniston bilan munosabatlarni yaxshilashga erishgandi.
Shavkat Mirziyoyev qudratga kelishi bilan rasmiy Toshkent boshqa chegaradosh qo‘shnilari kabi Afg‘oniston bilan ham yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnata boshlagan.
To‘g‘ri, Toshkent Tolibonni rasman tan olgani yo‘q. Biroq bu voqelik yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yishga xalaqit bermayotgan ko‘rinadi.
Zotan, Rossiya va yo G‘arb mavqeidan farqli tarzda O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bilan munosabatlari siyosiy tarafkashlikka emas, iqtisodiy hamda geosiyosiy manfaatlarga tayanadi.
Yosh va uzoq yillar turli muammolar (kambag‘allik, ishsizlik, ekologik fojia, jangarilik) qarshisida qolgan mamlakatlar Afg‘oniston bobida o‘ta ehtiyotkor bo‘lib kelishgan.
Marhum Islom Karimov davrida Afg‘oniston ulkan xavf va muammo sifatida ko‘rilgan va o‘rtadagi chegaralar qattiq qo‘riqlangan, bordi-keldi esa juda chegaralangan edi.
Ammo 2016 yil mamlakat rahbariyati o‘zgarishi bilan o‘zbeklar Afg‘onistonni muammo emas, balki imkoniyat sifatida ko‘ra boshlashdi.
Ochiq dengizlarga chiqmagan va tashqi dunyoga yo‘llari chegaradosh qo‘shnilari orqali o‘tadigan O‘zbekiston uchun yon qo‘shnilari bilan yaqin hamda do‘stona munosabatlar o‘ta muhim.
O‘zbekistonning shimol va g‘arbga yo‘llari, asosan, Rossiya hududlari orqali o‘tadi. Shu bois mamlakat Xitoy bilan bog‘lanish, Fors ko‘rfaziga chiqish hamda janubiy Osiyoga yo‘l ochish uchun eng avvalo yonidagi davlatlar bilan aloqalarini ishonchli darajaga chiqarishi lozim.
Aslida, Islom Karimov davrida ham Afg‘onistonning tranzit mamlakat sifatida muhimligi rad etilmagan.
Termizda mamlakatdagi yirik chegara bojxona majmuasi qurilgan va Mozori Sharifga temiryo‘l tortilgandi.
Bu yo‘ldan yuk poezdlari yursa-da, ayni yo‘l Afg‘onistonda ilk temiryo‘l tamal toshini qo‘ygan va kelajakdagi barcha yo‘llar O‘zbekiston andazasi asosida qurilishi ehtimolini kuchaytiradi. Ya’ni ushbu masalada O‘zbekistonning Afg‘onistondagi ishtirok uzoq muddatli bo‘lishini ta’minladi.
Zotan bu janubiy qo‘shni orqali ochiladigan har qanday yo‘l O‘zbekistonni transport va logistika borasida Rossiyadan biroz mustaqil bo‘lishini ham anglatadi.
O‘z o‘rnida, Tolibon bilan yaqin hamkorlik va Afg‘oniston bilan ishonchli aloqalar O‘zbekistonning geosiyosiy mavqeini oshirishi hamda kelajakda zarur bo‘lsa, muhim vositachiga aylanishiga yo‘l ochishi mumkin.
O‘zbeklar Afg‘oniston va energiyaga chanqoq, aholisi katta janubiy Osiyoni ham potentsial bozor sifatida ko‘rishadi.
Tinch hamda ishonchli Afg‘oniston bu o‘rinda muhim tranzit hudud bo‘lishi mumkin.
Tolibon esa - Afg‘onistondagi inson huquqlari cheklanishi yo kuchaygan qashshoqlikka qaramay - mamlakatning aksar hududlarida nisbatan tinchlik hamda nazoratni ta’minlay olayotgani aytiladi.
Toliblar giyohvand moddalar ishlab chiqarishni ham jilovlashga harakat qilishayotganini ta’kidlashadi.
Markaziy Osiyo
Markaziy Osiyo mamlakatlarining bugun Afg‘oniston bo‘yicha qarashlari ham umumiy ma’noda O‘zbekiston mavqeiga yaqin.
Mintaqa davlatlari Afg‘onistonda barqarorlik bo‘lishidan manfaatdor.
Tolibon (Rossiya istisno) dunyoda hali deyarli tan olinmagan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo mamlakatlari ular bilan muloqot qilarkan, bu amallar xalqaro doirada qattiq tanqid yoki qarshilikka yuz tutmadi.
AFP xabar agentligiga ko‘ra, BMT universiteti siyosiy tadqiqotlar markazidan Erika Gaston mintaqa mamlakatlarining Tolibon bilan ish tutishini "har doim ancha pragmatik" deb ta’riflaydi.
"Mintaqa mamlakatlarida "mintaqamizdagi voqelik shunday va o‘zaro hamkorlik muqarrar" deya tan olishga tayyorlik ancha kuchli ekanini kuzatish mumkin" - degan Erika Gaston.
Turkmaniston, masalan, Afg‘oniston va bu mamlakat orqali janubiy Osiyo davlatlariga gaz sotishni istaydi.
Gaz quvurlari qurilishini ko‘zda tutadigan TAPI loyihasi hali Tolibondan oldin boshlangan va hozir ham davom etmoqda.
Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham Afg‘onistonni, asosan, yangi bozorlar va hamkorlar bilan ulaydigan tranzit davlat sifatida ko‘radilar.
Shuningdek, bu mamlakatdagi farovonlik va tinchlik butun Markaziy Osiyo davlatlari uzoq yillardan beri orzu qilib keladigan natijadir.
Markaziy Osiyo Afg‘onistonni Rossiya va Xitoy bilan bog‘laydi.
Ayni paytda, G‘arb bozorlariga asosan xomashyo bilan chiqadigan mintaqa davlatlari o‘zlarida ishlab chiqilgan mahsulotlar uchun Afg‘onistonni bozor sifatida ham ko‘radilar.
Deylik, Qozog‘iston yog‘i, uni va un mahsulotlari allaqachon Afg‘oniston bozorlarida o‘z o‘rniga ega.
O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston elektr quvvati ham sotishni boshlashgan.
Turkmaniston gaz ham eksport qiladi va yaqin davrda uning hajmi oshishi kutiladi.
Xitoy, Eron va Turkiya
Bugun Xitoy Tolibon Afg‘onistonida ancha faollashgan. Va yangi yo‘llar Pekin ishtirokini yanada oshirishi mumkin.
Tolibon bugun Xitoy bilan aloqalarga ham katta e’tibor beradi.
Sababi - Xitoy allaqachon aksar Markaziy Osiyo davlatlarining eng yirik savdo hamkoriga va sarmoya qirituvchisiga aylanib ulgurgan.
Xitoy Qirg‘iziston va O‘zbekiston orqali o‘tadigan temir yo‘lni Afg‘onistonga ulash niyatida.
Afg‘onistondagi neft, tog‘-kon va ishlab chiqarish sohalarida Xitoy sarmoyasi bilan ishlayotgan bir necha shirkatlar faoliyat yuritayotgani ishoniladi.
Turkiya ham Tolibonni rasman tan olmaydi, biroq Anqaraning bugungi Afg‘oniston bilan aloqalari ham ko‘proq pragmatik va mavjud voqeliklarga tayanadi. Turkiya insonparvarlik yordamlari ko‘rsatish, savdo-sotiq qilish va muhojirot masalalarida ish olib boradi.
Afg‘on muhojirlarining G‘arbga o‘tish yo‘lida Turkiya hududlarini tanlayotgani turklarni tashvishga soladi.
Eronga keladigan bo‘lsak, o‘zini Shia Islom yalovbardori sanaydigan Tehron va Sunniy Tolibon o‘rtasida kuchli aqidaviy farqlar mavjud.
Shuningdek, suv zaxiralarini bo‘lashish, Afg‘on qochqinlarining Erondan qaytarilishi borasida ixtiloflar bor.
Ammo ikkovlon ham aksilg‘arb mavqei va IShIDning Xuroson qanoti jangarilariga qarshi fikrlari bir joydan chiqadi.
Qatar esa hali Tolibon qudratga kelmasidan oldin ham bu harakat va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilgan va muhim o‘rin tutgan davlat bo‘lgan.
Tolibon va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarda Qatar asosiy o‘rin tutgandi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Ayni paytda, Hindiston ham Tolibon bilan o‘z munosabatlarini kuchaytirishga intilmoqda.
Rasmiy Dehli hatto Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy safar qilishi uchun o‘tgan yili sanksiyalarga vaqtincha rioya etmaslikka qaror kildi.
Bir necha oy oldin esa Hindistonning BMTdagi vakili Tolibon vakillarining safarlarini taqiqlash, mablag‘larini muzlatish va qurol-yaroq embargosi kabi sanksiyalar ustida qayta o‘ylash muhimligini taklif etdi.
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida qurolli nizo chiqarkan, Xitoy ularni murosaga keltirish tashabbusini qo‘lga oldi va muzokaralarga mezbonlik qildi.
Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘mon, Eron, Turkiya, O‘zbekiston va Malayziya kabi mamlakatlar ham Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi janglarni to‘xtatishga chaqirgandilar.