Oltin O‘rda vorislari. Qozog‘iston Toqaev prezidentligi davrida o‘z tarixini qanday va nima maqsadda «rebrending» qilmoqda

Surat manbasi, Akorda.kz
- Author, BBC Monitoring
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Qozog‘iston Qosim-Jo‘mart Toqaev prezidentligi davrida o‘z tarixini mustaqil ravishda qayta anglash va «rebrending» qilish kampaniyasini boshladi. Endi Qozog‘iston davlati mamlakat ichida ham, xalqaro maydonda ham o‘zini Oltin O‘rdaning vorisi sifatida namoyon qilmoqda.
Qozog‘iston hukumatining ta’kidlashicha, 1991 yilda Rossiyadan mustaqillikka erishgan mamlakat endi, nihoyat, o‘z tarixini ham mustaqil ravishda talqin qilish huquqidan foydalanmoqda.
Tarixga yangicha yondashuv, avvalo, Rossiyada keng tarqalgan qozoqlar tarixiga oid qarashlarga qarshi qaratilgan. Bu qarashlarga ko‘ra, qozoqlar Rossiya imperiyasiga qo‘shilishidan, keyin esa Sovet Ittifoqi tarkibiga kirishidan oldin hech qanday davlatchilikka ega bo‘lmagan va yovvoyi ko‘chmanchilardan iborat bo‘lgan.
Ayni paytda tarixga bunday yangicha qarashni Toqaev tashqi siyosatining bir qismi sifatida ham ko‘rish mumkin. Prezident Qozog‘istonni jahon maydonida ta’sirga ega bo‘lgan o‘rta hajmdagi davlat — Middle Power sifatida namoyon qilishga intilmoqda.
O‘rdaning bevosita vorisi
2019 yilda Toqaev prezident bo‘lganidan keyin Ostona Oltin O‘rda, aniqrog‘i, Chingizxon ulkan imperiyasining sharqiy qismi bo‘lgan Jo‘chi ulusi va keyinchalik uning parchalanishidan vujudga kelgan davlatlar tarixini o‘rganishni faol qo‘llab-quvvatlay boshladi.
2021 yilda Toqaev Jo‘chi ulusini o‘rganish institutini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, u Qozog‘iston markazidagi Ulыtau viloyatida Chingizxonning o‘g‘li Jo‘chi xon maqbarasini ta’mirlashga topshiriq berdi.
Yaqinda nashr etilgan yetti jildlik Qozog‘iston tarixi asarida Oltin O‘rda 1465 yilda tashkil topgan Qozoq xonligining oldingi bosqichi sifatida batafsil yoritilgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Joriy yil may oyida Ostonada Oltin O‘rda tarixi bo‘yicha xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Uni shaxsan prezident Toqaev ochib berdi.
Toqaev ochilish marosimidagi nutqida Oltin O‘rda davrini «tsivilizatsion evolyutsiya davrining» eng muhim qismi deb atadi. Uning aytishicha, hali mart oyida qabul qilingan Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasiga ko‘ra, Buyuk Dasht va uning ming yillik tarixi bilan uzviylikni saqlash qozoqlarning muqaddas burchidir.

Surat manbasi, Akorda.kz
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
«Mamlakatimiz — Oltin O‘rdaning bevosita vorisi», — dedi prezident.
Toqaev Jo‘chi ulusini «G‘arb va Sharqni birlashtirgan, turli sivilizatsiyalar va davlatlarning paydo bo‘lishi hamda rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan va shubhasiz, muhim siyosiy tizim bo‘lgan imperiya» deb atadi.
Prezidentning ta’kidlashicha, Qozog‘iston hozir «bir vaqtlar qudratli bo‘lgan dasht imperiyalarini go‘yoki „yarim davlatlar“ darajasiga tushirib qo‘yadigan, hatto ko‘chmanchi xalqlarni global tarixiy jarayondan tashqarida mavjud bo‘lgan yovvoyi, varvar kuch sifatida tasvirlaydigan eskirgan dogmalar va stereotiplarni faol ravishda qayta ko‘rib chiqmoqda».
Toqaevning fikricha, Markaziy Osiyoning intellektual evolyutsiyasi, jumladan, «ko‘chmanchi dunyo va turkiy-mo‘g‘ul merosining qudrati»ga tayangan. Oltin O‘rda iqtisodiyotida ko‘chmanchi turmush tarzi, shahar hunarmandchiligi an’analari va Buyuk Ipak yo‘lining shimoliy qismi ustidan nazorat birlashgan.
Toqaev talqinida Oltin O‘rda turli madaniyatlarni «yagona gumanitar va siyosiy hamkorlik tizimi»ga birlashtirgan. Uning fikricha, bugun Yevrosiyo ham o‘zining tarixiy vazifasiga mos ravishda «dunyoning muhim sivilizatsion va geosiyosiy qutbi» bo‘lishi kerak.
Qrimning anneksiya qilinishi — burilish nuqtasi
Jo‘chi ulusini o‘rganish instituti rahbari Jaqsiliq Sabitov iyul oyida «Azattiq Osiyo»ga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, 1990-yillarda Qozog‘istonda vaziyat murakkab bo‘lgan va «milliy o‘zlikni anglashni kuchaytirishga qaratilgan har qanday harakat hatto fuqarolar urushiga olib kelishi mumkin edi».
Uning aytishicha, shu sababli Qozog‘iston hokimiyati qozoqlarning tarixiy va milliy o‘zligini anglash mavzularini kuchaytirishdan o‘zini tiygan. Nursulton Nazarboev davrida hukumat asosiy e’tiborni zamonaviy mustaqil Qozog‘istonni yaqin tarixda barpo etilgan davlat sifatida ko‘rsatishga qaratgan.
O‘sha paytda qo‘shnilar orasida bunday ambitsiyalar yo‘q edi. Faqat O‘zbekistonda bor edi. Endi Qozog‘iston ham bu "kasallik"ka chalinmoqda. Bu mintaqada keskinlikni chiqaradi.
Sabitovning aytishicha, burilish nuqtasi 2014 yilda Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishi bo‘ldi.
«Siyosiy elita Nursulton Abishevich davlatga asos solgan, degan qarashga ishonish juda xatarli ekanini tushunib yetdi. Shuning uchun Qrim voqealaridan keyin Nazarboevgacha bo‘lgan tarixga qiziqish juda kuchaydi. 2019 yilda tarixiy adolat tiklandi. Oltin O‘rdaga e’tibor qaratila boshlandi. Chunki u Qozoq xonligidan oldin mavjud bo‘lgan va Qozoq xonligi tarixini usiz tushunib bo‘lmaydi», — deydi Jaqsiliq Sabitov.
Qozog‘iston Tarix va etnologiya instituti rahbarining o‘rinbosari Jomart Jenis «Vechernyaya Astana» gazetasi saytida chop etilgan maqolasida Qozog‘istonda ko‘p yillar davomida yevropatsentrik paradigma ustun bo‘lganini, endi esa mamlakat o‘zining «haqiqiy mafkuraviy yo‘nalishini» mustaqil belgilash imkoniga ega ekanini yozgan.
Jenisning fikricha, bu yo‘nalish «tarixiy faktlar va milliy qadriyatlarga asoslangan, mamlakatning mintaqaviy davlat sifatidagi maqomini aks ettiradi, xalq va hokimiyatni birlashtirishi hamda milliy ruhni yuksaltirishi mumkin».
«Faxrlanadigan hech narsa yo‘q»
Ayni paytda Ostona Qozog‘istonni ildizlari Oltin O‘rda davriga borib taqaladigan davlat sifatida ko‘rsatishga intilishi Rossiyada norozilik uyg‘otishi muqarrarligini yaxshi anglar edi. Rossiyada tarixchilar Oltin O‘rda tarixini asosan Rossiya boshidan kechirgan «tatar-mo‘g‘ul istibdodi» va u keltirgan azob-uqubatlar nuqtai nazaridan baholaydilar.
Qosim-Jo‘mart Toqaev may oyidagi nutqida tarixni xolis va siyosiy betaraflik asosida o‘rganishga chaqirdi. U Oltin O‘rdaning «murakkab va ko‘p qatlamli tarixiga bir tomonlama yondashuv»dan qochish kerakligini ta’kidladi. Bu, uning fikricha, xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarga zarar yetkazmaslik uchun zarur.

Surat manbasi, Akorda.kz
Ammo Rossiyadagi ko‘plab sharhlovchilarni bunday chaqiriqlar ishontirmayapti. Masalan, «Voenno-politicheskaya analitika» internet jurnali muallifi Nikita Mendkovich Ostonadagi may oyida o‘tkazilgan simpoziumdan bir oy o‘tib yozgan maqolasida qozoqlarning Oltin O‘rda merosi bilan faxrlanishiga asos yo‘qligini ta’kidladi. Uning fikricha, bosqinlar davrida Oltin O‘rda zamonaviy qozoqlarning ajdodlariga nisbatan genotsid amalga oshirgan, keyin esa ular, Mendkovich talqinida, «Oltin O‘rdaning ko‘plab soliq to‘lovchi xalqlaridan biri bo‘lib, unga qaram hududlardagi ijtimoiy qatlamlarning quyi qismini tashkil etgan».
Mendkovichning ta’kidlashicha, «qozoqlarning madaniy tiklanishi» faqat XIX asrda, ular Rossiya imperiyasiga qo‘shilganidan keyin boshlangan.
Rossiyalik ayrim sharhlovchilar Qozog‘istonning Oltin O‘rda bilan tarixiy bog‘liqligini ta’kidlashini hozirgi Rossiya hududining katta qismlariga yashirin hududiy da’vo sifatida ham talqin qilmoqda. Chunki bu hududlar ham bir vaqtlar Jo‘chi ulusi tarkibida bo‘lgan va ularning tub aholisi turkiy xalqlarga etnik jihatdan yaqin.
«Qozog‘iston tarixidagi eng yorqin voqea»
Qozog‘istonning Rossiya va sovet davridagi tarixiy talqindan chekinishini, jumladan, «Ukrainskiy institut buduщego» tahliliy markazi asoschisi Anatoliy Amelin ham olqishlamoqda. U may oyida bu «tarixiy narrativni qayta shakllantirish» strategik ahamiyatga ega ekanini yozgan.
Amelinning fikricha, Qozog‘iston shu tariqa «sovet va „russkiy mir“ sivilizatsion maydonidan uzoqlashmoqda». Bundan tashqari, ukrainalik tahlilchining fikricha, Oltin O‘rda va Jo‘chi ulusi tarixidan o‘z ildizlarini izlash mamlakat ichida milliy birlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
«Oltin O‘rda merosi barcha qozoq juzlari va urug‘larini qozoqlar, nog‘aylar, tatarlar va o‘zbeklarga bo‘linishdan oldin mavjud bo‘lgan umumiy davlatchilik instituti tomi ostida birlashtiradi. Bu esa urug‘-aymoqchilikni yengishga yordam beradi», — deb hisoblaydi Amelin.
Qozog‘istonning tarixga yangi yondashuvini Rossiyaning Tatariston hududidan bo‘lgan tarixchi Marat Gatin ham qo‘llab-quvvatlaydi.
«Bu mutlaqo tabiiy holat. Qozog‘iston o‘z milliy tarixiga qiziqmoqda va uni Oltin O‘rda merosi bilan bog‘lamoqda. Bu milliy o‘zlikni mustahkamlash bilan bevosita bog‘liq. Chunki Jo‘chi ulusi davri, ehtimol, Qozog‘iston tarixidagi eng yorqin voqeadir», — dedi Gatin iyul oyidagi intervyusida.
Biroq o‘zbekistonlik antropolog va siyosiy faylasuf Baxtiyor Alimjonov Qozog‘istonning bosqinchi imperiya bilan vorislikka da’vo qilishi Markaziy Osiyoda keskinlikni kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Alimjonovning eslatishicha, O‘zbekiston hali 1990-yillarning boshlaridanoq «Temur ideologiyasini ilgari sura boshlagan» va o‘zbeklar Amir Temurning vorislari, ya’ni Markaziy Osiyo yetakchilari ekanini ta’kidlagan.
«Aynan shu imperiyachilikning qayta tiklanishi Markaziy Osiyo integratsiyasiga xalaqit berdi. O‘sha paytda qo‘shnilar orasida bunday ambitsiyalar yo‘q edi. Faqat O‘zbekistonda bor edi. Endi Qozog‘iston ham bu „kasallik“ka chalinmoqda. Qozog‘istonning Oltin O‘rdaning vorisi va merosxo‘ri ekanini ta’kidlashi, albatta, mintaqada keskinlikni keltirib chiqaradi. Chunki endi bir-biriga o‘xshash ikki imperiyachilik paydo bo‘lmoqda. Ular endi o‘zaro raqobat qiladi», — deb hisoblaydi Alimjonov.
«Bu jarayonni ortga qaytarib bo‘lmaydi»
Qozog‘istonning o‘zida ko‘plab tarixchilar va siyosiy sharhlovchilar Toqaevning tarixiy siyosatiga katta qiziqish bilan munosabat bildirmoqda.
«Qozoqlarning Oltin O‘rda bilan bog‘liqligini inkor etish — bugungi yevropaliklarning antik dunyo bilan aloqasini inkor etish bilan barobar», — deb yozgan iyunь oyida nodavlat Exclusive.kz nashri sharhlovchisi Marlen Zimanov.
«Qozoq xonligi bo‘sh joyda paydo bo‘lmagan. U Jo‘chi ulusi parchalanganidan keyin jo‘chiylar davlatchiligining bevosita davomi sifatida shakllangan. Qozoq xonlari Oltin O‘rdada hukmronlik qilgan Chingiziylar sulolasining o‘sha dinastiyasidan kelib chiqqan. Siyosiy institutlar, hokimiyat me’yorlari, harbiy tuzilish va davlatchilik haqidagi tasavvurlar O‘rda dunyosi ichida shakllangan», — deb tushuntiradi Zimanov.
Qozog‘istonlik siyosatshunos Asqat Dukenbaev esa shu nashrda Nikita Mendkovich va boshqa muxolif fikr bildirgan mualliflar bilan bahsga kirishib, qozoq tarixchilari Rossiya va sovet davri merosini yengishga harakat qilayotganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bu meros tufayli Markaziy Osiyoda Jo‘chi ulusi tarixi haqidagi Rossiyaga xos ommaviy talqin ustun bo‘lib kelgan.
«Chingizxon va chingiziylar davlat sulolalari merosi bilan tarixiy va tarixshunoslik an’analari bog‘liq bo‘lgan postimperiya Yevrosiyosining turkiy va mo‘g‘ul xalqlari — qozoqlar, tatarlar, boshqirdlar, o‘zbeklar, qoraqalpoqlar, turkmanlar, ozarbayjonlar, qalmiqlar, buryat-mo‘g‘ullar va boshqa xalqlarning talqinlari ko‘pincha umumiy o‘tmish haqidagi teng huquqli qarashlar sifatida emas, balki ikkinchi darajali, chekka yoki siyosiy maqsadlarga xizmat qiluvchi talqinlar sifatida qabul qilingan va ko‘p hollarda hozir ham shunday qabul qilinmoqda», — deb tushuntiradi Dukenbaev.
«Shunga qaramay, saqlanib qolayotgan bu nomutanosiblikka, ya’ni mintaqa postimperiya jamiyatlarining yangilanib borayotgan tarixshunosligi tobora izchil ravishda qarshi chiqmoqda. Shimoliy va Markaziy Yevrosiyo xalqlari Jo‘chi ulusi merosini asta-sekin qayta anglab, uni o‘z milliy tarixiy narrativlariga kiritmoqda», — davom etadi qozog‘istonlik siyosatshunos.
«Jo‘chi ulusi merosini anglash va qayta anglash jarayoni allaqachon mintaqaning tarixiy voqeligining bir qismiga aylangan va uni tashqi talqin doiralari orqali bekor qilish yoki „to‘sib qo‘yish“ning iloji yo‘q», — deya xulosa qiladi siyosatshunos Asqat Dukenbaev.






























