Moskva: Toqaev Rossiyani 'buyuk derjava' dedi, Putinni yana maqtadi
Qozog‘iston prezidentining bu galgi maqtovi uning Moskvaga ikki kunlik amaliy tashrifi chog‘ida yangradi.
Qozog‘iston Ukraina bilan urushayotgan Rossiyaga chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlatidir.
Ikkovlon o‘rtasidagi quruqlik osha chegara dunyodagi eng uzuni bo‘ladi.
Rossiya Ukrainaga ochgan urushdan bevosita jabr chekayotgan, Ukraina dronlari nishoniga aylangan mintaqa mamlakatidir.
Nima gap?

Surat manbasi, rasmiy
Prezident Toqaev Rossiya va uning prezidentini Putin bilan ikki tomonlama muloqoti chog‘ida maqtadi.
So‘z navbati o‘ziga yetganida, Qozog‘iston rahbari Rossiya prezidentining yaqinda Xitoyga qilgan tashrifiga xosan to‘xtaldi.
U Putinning tashrifi, APEC sammiti, AQSh va Xitoy prezidentlari bilan ilk uch tomonlama muloqoti muvaffaqiyatli kechgani bilan tabriklashi kerakligini aytdi.
Tarixiy uch tomonlama muloqot Shenjendagi sammit tegrasida kechgan.
Dunyoda qutblashuv va geosiyosiy tanglik kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshgani bilan chetda ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan.
Jahon bo‘ylab sarlavhalarga chiqqandi.
Toqaev fikricha, "tarixning juda murakkab bir pallasida, geosiyosat butunlay beqarorlashib ketgan bir paytda Rossiya buyuk davlat sifatida oldinga chiqqan".
Qozog‘iston prezidenti buni Putinning "ulkan xizmati", deb atagan.
Toqaev buni kuzatgani, Rossiya uchun quvongani va chin dildan xursandligini ham bildirgan.
U Rossiyani "buyuk derjava", deb atagan.
Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot xizmati rasman xabar bergan.
Rasmiy xabarda aytilishicha, Putin bu gaplaridan keyin Qozog‘iston prezidentiga rahmat aytgan.
Bu Toqaevning kechayotgan yilda Putinni ilk bor maqtashi emas.
Qozog‘iston prezidenti 25-26 noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Rossiyada bo‘lib turibdi.
Toqaev Moskvada ekan, AI Journey 2026 xalqaro anjumanida ham ishtirok etadi.
Rossiya va Putin omili

Surat manbasi, Getty Images/illyustrativ
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qozog‘iston Markaziy Osiyoning Rossiyaga chegaradosh yagona davlati bo‘ladi.
Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushdan oshkora bezovta.
Toqaev shu yil iyulida Putinga Ukraina mojarosini muzlatishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taklif qilishgacha borgan.
Bu gapni Rossiya rahbarining yuziga ochiqcha ayta olgan davlat rahbari sifatida qilgan ishi yaxshigina shov-shuvga ham sabab bo‘lgan.
Rasmiy Ostona BMT Nizomiga muvofiq, barcha davlatlar hududiy yaxlitligini hurmat qilishini ta’kidlab keladi.
Aynan Ukraina urushi Kremlning keyingi nishoni kim bo‘lajagiga oid savollarni ham paydo qilarkan, orada ehtimoliy davlatlar sirasida aynan Qozog‘istonning nomi ham tilga olingan.
Kremlning so‘nggi yillarda kuchayib borayotgan imperialistik ambitsiyalari fonida aynan Qozog‘iston Putin va Rossiyaning boshqa nomdor siyosatchilari "nishoni"ga aylangan.
Ular tomonidan yeri, davlatchiligi qayta-qayta oshkora savol ostiga olingan, bu Qozog‘istonning Ukrainadan keyin Rossiyaning navbatdagi nishoniga aylanajagiga oid qo‘rquvlarni ham uyg‘otgan.
Rasmiy Ostonaning Ukraina, uning bo‘lginchi va ishg‘ol ostidagi hududlari mustaqilligi, anneksiyasi yuzasidan Rossiya mavqeiga zid chiqishlari esa orada ikki o‘rtada dahanaki janglarga ham sabab bo‘lgan.
Qolgan mintaqa davlatlari bilan qiyoslanganda, so‘nggi yillarda Rossiya bilan o‘zaro munosabatlarining qanchalik tanglashgani bobida chetda ham e’tiborga tushgani ham bor gap.
Mavjud vaziyat G‘arbning Qozog‘iston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llovchi ustma-ust bayonotlar bilan chiqishiga ham olib kelgan.
Voqealarning so‘nggi rivoji Rossiyaning xalqaro sahnada ohangi kuchayib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Putin va Rossiya so‘nggi kunlarda chetdagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan.
O‘zining chaqiriq va talablari bilan mintaqada yangi savollarni paydo qilgan.
Putin avvaliga MDH xavfsizligi va suverenitetini mustahkamlash zarurligi haqida gapirgan.
Keyin Rossiya shamsiyasi ostidagi xavfsizlik bloki – ODKBni kuchaytirishga chaqirgan.
Ushbu blokka Tojikiston va Qirg‘iziston bilan birga Qozog‘iston ham kiradi.
Putin unga a’zo davlatlarni hozirgi "xalqaro keskinlik"ni inobatga olgan holda, tashkilot salohiyatini oshirish va harbiy hamkorlikni mustahkamlashga undagan.
Buning ortidan Rossiya NATOdan Markaziy Osiyodan chiqishni talab qilganiga oid xabarlar olindi.
Ayrim G‘arb nashrlari yozishicha, Rossiya bu talabini Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda ilgari surgan.
NATOdan mintaqada "har qanday harbiy faoliyatdan voz kechish"ni talab qilgan.
Bu esa ayni mazmundagi xabarlar ahamiyatini yanada kuchaytiruvchi omil o‘laroq o‘rtaga chiqqan.
Ham NATO va ham mintaqa davlatlari poytaxtlari esa hozircha jim, ularning bu xususda biror bir rasmiy munosabat bilan chiqishgani halicha ko‘rilmaydi.
Rossiyaning Markaziy Osiyoni ham o‘z ichiga olgani aytiluvchi so‘nggi talablari aksariyat tahlilchilar tomonidan "maksimalist", deb baholandi.
Voqealarning bu kabi rivoji Rossiya hanuz Ukraina bilan urushayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Orada kechgan vaqt davomida esa Ukraina urushiga tinch yo‘l bilan barham berish urinishlari ish bermagan.
Hatto dunyoning eng yirik harbiy va iqtisodiy qudrati bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining prezidenti Donald Tramp, qariyb ikki yildirki, Ukraina urushiga "bir kunda" chek qo‘yish haqidagi saylovoldi va’dasini bajara olmagan.
Rossiyaning xalqaro sahnadagi eng yaqin ittifoqchilari - Xitoy va Hindistonning undashlari ham besamar yakunlangan.
Turkiya tomonidan ilgari surilgani misolida bo‘ladimi yoki Pekin - tinchlik rejalari ham deyarli shundayligicha qog‘ozda qolib ketgan.
Rossiya ham dunyoning sanoqli qudratlaridan bittasi bo‘ladi.
Voqealarning so‘nggi rivoji xalqaro sahnada mintaqa davlatlari mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini dastaklovchi bayonotlar ortib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Qozog‘iston va dron hujumlari
Ushbu voqea xalqaro huquq bilan himoyalangan fuqarolik obyektiga nisbatan uchinchi tajovuzkor harakat bo‘ldi.
Qozog‘iston o‘tgan yil oxirida Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsortsiumi terminaliga qilingan hujum yuzasidan Ukrainaga rasman va oshkora o‘zining noroziligini bildirgan.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bu xususda bayonot bilan chiqqan.
Vazirlik o‘zining bayonotida bunga o‘xshash hodisalar Qozog‘iston va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishini ham ta’kidlagan.
Rasmiy Ostona, "Ukraina tarafi bunday holatlar takrorlanmasligi uchun aniq choralar ko‘rishi"ga umid ham bildirgan.
Rasmiy Kiev esa "Ukraina Qozog‘istonga qarshi hech qanday dushmanona harakatlar qilmayapti", - deya bayonot bergan.
"Ukraina tomonining hech qanday harakati Qozog‘iston yoki boshqa uchinchi bir tomonlarga qaratilgan emasligi"ni ta’kidlagan.
"Ukraina Rossiya hujumlariga javoban zarba berishi, o‘zlarining barcha sa’y-harakatlari BMT Nizomining 51-moddasida kafolatlangan o‘zini-o‘zi himoya qilish huquqining bir qismi sifatida Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzkorligini qaytarishga qaratilgan"ligini bayon qilgan.
Barcha tomonlarni Rossiyani "o‘z davlatlari va xalqlariga qarshi jinoiy urushini imkon qadar tezroq tugatishga undash" uchun o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishga ham chaqirgan.
Rasmiy Kievning bu javobiga rasmiy Ostonaning munosabati noayon qolgan.
Ammo bularning barchasi ortidan ham mintaqadan Qozog‘istonning Ukraina dron hujumlaridan jabr chekkaniga oid xabarlar kelishda davom etgan.
Qozog‘iston va Ukraina

Surat manbasi, EPA
Markaziy Osiyo davlatlarining hech biri shu paytgacha Rossiya Ukrainaga ochgan urushni na-da oshkora qo‘llagan va na-da qoralagan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainaga oid xalqaro rezolyutsiyalarida ham betarafliklaricha qolishayotir.
Qozog‘iston o‘zining Ukraina urushi borasidagi ilk rasmiy bayonotini 2022 yilning martida, Rossiya o‘zining "maxsus harbiy amaliyoti"ni boshlashidan oy o‘tib bergan.
Prezident Qasim-Jomart Toqaev o‘shanda Rossiya va Ukrainani "muzokaralar orqali til topishish"ga chaqirgan, "yomon tinchlik yaxshi janjaldan afzal" ekanini aytgan.
Rasmiy Ostona orada Ukraina masalasida Qozog‘istonning pozitsiyasi "aniq" ekani, bu "BMT Nizomi asosida barcha davlatlar, shu jumladan, Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilish zaruratidan iborat" ekanini aytgan.
Qozog‘iston Ukraina mojarosining tez orada tugatilishidan chin dildan manfaatdor ekani va zarur bo‘lsa, bunda o‘z rolini o‘ynashga ham tayyor ekanligini ta’kidlagan.
Rasmiy Ostona, "ziddiyatlarni harbiy yo‘l bilan hal qilish qat’iy yechim emasligini aytishdan ham tortinmasligi"ni rasman va oshkora bayon qilgan.
Qozog‘iston "ko‘pqutbli tashqi siyosati tufayli dunyoning hech bir davlati bilan yomon munosabatlarga ega bo‘lmagan tinchliksevar davlat" ekanini aytadi.
Orada G‘arbning Ukraina urushi bois Rossiyaga qo‘llab kelayotgan xalqaro sanksiyalari talablarini bajarishga ham va’da bergan.
Rasman taqiqlangan 2023 yilga qadar qozog‘istonliklar Rossiyaning Ukrainadagi urushiga vaqti-vaqti bilan o‘z noroziliklarini bildirib kelishgan.
Urushga qarshi namoyishlarga chiqishgan, faollar esa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir necha bor tinch mitinglar ham uyushtirishgan.
Bu kabi holat Ukraina urushi manzarasida qolgan aksariyat mintaqa davlatlarida kuzatilmagani bilan ham ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan.
Qozog‘iston urush ichidagi Ukrainaga insonparvarlik yordami ham yuborib keladi.






























