Instagram va Facebook endi nima bo‘ladi? AQShda sud va uning O‘zbekiston uchun ahamiyati

Published
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solishga doir qonun loyihasi muhokama qilinayotgan bir paytda, AQShda Meta kompaniyasiga qarshi boshlanayotgan yirik sud ham xuddi bir savolni kun tartibiga chiqarmoqda.

Bolalarni internetda qanday himoya qilish mumkin?

Maqola BBC News materiali asosida tayyorlandi va BBC O‘zbek auditoriyasi uchun qo‘shimcha ma’lumotlar bilan boyitildi. Asl maqolani ingliz tilida bu yerda o‘qiy olasiz.

Sud jarayoni Instagram va Facebook egasi Meta uchun so‘nggi yillardagi eng muhim huquqiy sinovlardan biri bo‘lishi mumkin. Agar kompaniya mag‘lub bo‘lsa, millionlab o‘smirlar har kuni foydalanadigan ba’zi funktsiyalar bekor qilinishi yoki jiddiy cheklanishi ehtimoldan xoli emas.

Kaliforniya va Nyu-Yorkni o‘z ichiga olgan 30 ta AQSh shtati 2023 yilda Meta ustidan da’vo arizasi kiritgan. Ular kompaniyani bolalar maxfiyligiga oid federal va mahalliy qonunlarni buzishda hamda yosh foydalanuvchilarni platformalarda uzoqroq ushlab turishga qaratilgan mexanizmlardan foydalanishda ayblamoqda.

Meta bu ayblovlarni rad etadi va sudda aynan shu da’volarning asosli yoki asossiz ekani ko‘rib chiqiladi.

Shtatlar nafaqat 1 trillion dollardan ortiq tovon puli talab qilmoqda, balki Instagram va Facebook ishlash tamoyillarini ham o‘zgartirishni so‘ramoqda. Bu summa dunyodagi eng yirik korporativ da’volardan biri sifatida baholanmoqda.

Agar Meta bunday ko‘lamdagi ishda mag‘lub bo‘lsa, bu nafaqat AQShda, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham ijtimoiy tarmoqlar qanday ishlashi haqidagi bahslarga ta’sir qilishi mumkin.

Qanday o‘zgarishlar talab qilinmoqda?

Da’vogarlar Meta'dan quyidagilarni talab qilmoqda:

  • o‘smir foydalanuvchilar uchun ota-ona tasdig‘i tizimini joriy etish;
  • "dofaminni rag‘batlantiruvchi" tavsiya algoritmlarini qayta ko‘rib chiqish;
  • tashqi ko‘rinishni o‘zgartiruvchi fotofiltrlarni cheklash;
  • videolarni avtomatik qo‘yish funktsiyasini bekor qilish;
  • bir shaxs tomonidan bir nechta akkaunt ochilishini taqiqlash;
  • Instagram Stories kabi vaqtinchalik postlarni bekor qilish;
  • "layk"lar hisoblagichini olib tashlash;
  • cheksiz yangilanuvchi tasma (infinite scroll) funktsiyasini to‘xtatish.

Da’vogarlar fikricha, mazkur funktsiyalar foydalanuvchilarni, ayniqsa o‘smirlarni, platformalarga tez-tez qaytishga va ularda ko‘proq vaqt o‘tkazishga undaydi. Shu bilan birga, sudda bu da’volarning qay darajada asosli ekani ham bahs markazida bo‘ladi.

Bu funktsiyalarning barchasi hozirda Meta platformalaridagi foydalanuvchi tajribasining markaziy qismi hisoblanadi.

Shtatlar fikricha, mazkur funktsiyalar foydalanuvchilarni, ayniqsa o‘smirlarni, platformalarga qayta-qayta kirishga va ularda ko‘proq vaqt o‘tkazishga undaydi. Da’vo hujjatlarida aytilishicha, tez-tez keladigan bildirishnomalar yoshlarni platformadan kamroq foydalanishini qiyinlashtiradi va ularni yana qaytishiga xizmat qiladi.

Shtatlar Meta yoshlar auditoriyasini ongli ravishda "ekspluatatsiya qilishni tanlagan" - ularni platformalarga "ilintirish" orqali biznesini kengaytirish va foydalanuvchilar bazasini o‘stirish maqsadida, deb ta’kidlamoqda. Hozirda Meta'ning fond bozoridagi qiymati taxminan 1,5 trillion dollarni tashkil etadi.

Kompaniya bu ayblovlarni rad etgan.

"Biz bu ayblovlarga qat’iy qo‘shilmaymiz va dalillar yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan uzoq yillik sa’y-harakatlarimizni ko‘rsatishiga ishonamiz", deyiladi Meta vakilining bayonotida.

Shtatlarning da’volarini Kaliforniyadagi federal sudya Ivonn Gonzales Rodjers ko‘rib chiqmoqda. U deyarli 20 yillik sud amaliyoti davomida keskin va to‘g‘ri qarorlari bilan tanilgan, shuningdek yaqinda Ilon Mask bilan Sem Altman o‘rtasidagi yuqori rezonansli sud ishiga ham raislik qilgan.

"Layk"lar nega bahs markazida?

Bugungi kunda "layk"lar deyarli barcha ijtimoiy tarmoqlarning ajralmas qismi hisoblanadi. Foydalanuvchilar matn, surat va videolarga munosabatini aynan shu orqali bildiradi.

Biroq so‘nggi yillarda olimlar va psixologlar ularning yoshlar ruhiy salomatligiga ta’siri haqida ko‘proq gapira boshladi.

Joriy yil boshida Meta'ga qarshi alohida sud ishida g‘alaba qozongan Kaley ismli yosh ayol sudda Instagram va YouTube'da o‘nlab akkauntlar ochganini aytgan. U ushbu akkauntlar tizimi orqali o‘z postlariga qo‘shimcha layklar berish yo‘li bilan boshqa foydalanuvchilar e’tiborini qozonish va o‘z qadrini his qilishga harakat qilgan. O‘sha paytda u atigi to‘qqiz yoshda bo‘lgan va, uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zini depressiyada his qilgan - keyinchalik, 10 yoshida, unga rasman depressiya tashxisi qo‘yilgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

So‘nggi bir necha yillik tadqiqotlar layklar soni kabi ishtirok ko‘rsatkichlari o‘smirlarda rad etilganlik va depressiya hissini kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Shtatlarning Meta'ga qarshi da’vosida, kompaniya ushbu ish davomida 2 milliondan ortiq hujjatni sudga topshirgani ma’lum qilingan, advokatlar Meta'ning ichki tadqiqotlariga ishora qilishgan. Ushbu tadqiqotlar layklar soni "ijtimoiy solishtirish" hissini, ya’ni o‘zini boshqa kimningdir obrazi bilan qiyoslash orqali o‘z qadrini baholash holatini kuchaytirishini ko‘rsatgan.

Meta'ning ichki tadqiqotiga ko‘ra, Instagram orqali yuzaga keladigan bunday solishtirish quyidagilar bilan bog‘liq:

  • yolg‘izlik hissining kuchayishi;
  • tashqi ko‘rinishdan norozilik;
  • salbiy kayfiyat;
  • o‘z qadrini past baholash.

Sudьya Meta'ni "jamoat uchun zararli omil" deb atadi

Yaqinda Nyu-Meksiko shtati sudi Meta kompaniyasini jami 942 million dollar jarimaga tortdi va uni bir qator o‘zgarishlar kiritishga majbur qildi - bu o‘zgarishlar hozir qo‘shimcha 30 shtat talab qilayotgan o‘zgarishlarga ko‘p jihatdan o‘xshash.

Sud qaroriga muvofiq:

  • 18 yoshga yetmaganlar uchun layklar ko‘rsatilmasligi;
  • o‘smirlarning yalang‘och tasvirlar yuborishi yoki qabul qilishi taqiqlanishi;
  • push - bildirishnomalar ma’lum vaqtlar bilan cheklanishi lozim.

Sudьya Brayan Bidshayd Meta faoliyatini atrof-muhitni ifloslantiruvchi zavodga qiyoslab, kompaniyani "jamoat uchun zararli omil" deb atadi. Bu ijtimoiy tarmoq kompaniyasiga nisbatan birinchi marta chiqarilgan shunday hukm edi. Uning fikricha, platformalarning salbiy ta’siri faqat foydalanuvchilarning o‘zigina emas, balki butun jamiyatga, Nyu-Meksiko va boshqa joylardagi o‘smirlar ruhiy salomatligi inqirozining o‘sishiga daxl qiladi.

Meta mazkur qaror ustidan shikoyat qilishini bildirgan.

Sudya Bidshaydning qarori faqat Nyu-Meksiko shtatida amal qilsa-da, agar hozirgi ishda ishtirok etayotgan 30 shtat ham g‘alaba qozonsa, kompaniya deyarli butun AQSh bo‘ylab o‘z platformalarida o‘zgarish qilishga majbur bo‘lishi mumkin. Chunki da’voda qatnashgan shtatlar mamlakat aholisining qariyb uchdan ikki qismini qamrab oladi.

Bu bahs O‘zbekistonda ham dolzarb

AQShdagi sud ishi markazida turgan masala, ya’ni bolalar va o‘smirlarning internetdagi xavfsizligi, O‘zbekistonda ham tobora kengroq muhokama qilinmoqda.

Yaqinda mamlakatda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solishga doir qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha mualliflari xalqaro tajriba va O‘zbekiston sharoitini hisobga olishga harakat qilinganini bildirgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimovaga ko‘ra, maqsad bolalarni internetdan to‘liq uzib qo‘yish emas, balki xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirishdir.

Bu yondashuv ma’lum ma’noda AQShdagi bahslarga hamohang. U yerda ham gap ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash haqida emas, balki ularni bolalar uchun xavfsizroq qilish haqida ketmoqda.

O‘zbekiston Bolalar ombudsmani instituti o‘tkazgan va 245 ming nafar 10-17 yoshli o‘quvchini qamrab olgan so‘rov, ehtimol, mamlakatdagi bolalarning internetdan foydalanishiga oid eng yirik tadqiqotlardan biridir.

So‘rov natijalariga ko‘ra, bolalarning 94 foizi internetdan foydalanadi, ularning yarmi esa muntazam internetga kiradi. Respondentlarning 66 foizi internetdan asosan bilim olish va chet tillarini o‘rganish maqsadida foydalanishini bildirgan.

Biroq tadqiqot ayrim xavotirli jihatlarni ham aniqlagan. Bolalarning 16 foizi ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish qoidalarini bilmasligini, 9 foizi esa onlayn zo‘ravonlik xavfi haqida yetarli ma’lumotga ega emasligini aytgan.