Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Qozog‘istonda 23 avgust kuni parlament saylovlari o‘tkaziladi
23 avgust kuni Qozog‘istonda yangi bir palatali parlament - Qurultoy deputatlari saylanadi. Parlament tarkibida 145 o‘rin mavjud.
Saylovlar mart oyida qabul qilingan yangi Konstitutsiya doirasida o‘tkazilmoqda. Yangi parlament avvalgi tizim o‘rnida shakllantiriladi.
Qozog‘iston parlamentining 145 o‘rni uchun yangi tashkil etilgan "Adilet" partiyasi boshchiligida jami yettita siyosiy partiya raqobatlashmoqda. Ular orasida "Auil", "Oq jol" va mamlakatda faoliyat yuritayotgan boshqa parlament partiyalari ham bor.
"Adilet" partiyasi saylovdan bir necha oy oldin tashkil etilgan va sobiq hukmron partiya hisoblangan "Omonat" partiyasini o‘z tarkibiga qo‘shib olgan. Partiya saylovda eng ko‘p - 186 nafar nomzodni ko‘rsatgan.
Boshqa partiyalarning ro‘yxatlarida esa 33 nafardan 76 nafargacha nomzod bor.
Saylovoldi kampaniyasi davomida partiyalar ijtimoiy tarmoqlar, televidenie va ommaviy tadbirlardan foydalandi. Televizion debatlar ham tashkil etildi.
Partiyalar nimani va’da qilmoqda?
Partiyalar saylovoldi kampaniyasida turli dastur va shiorlarni ilgari surgan bo‘lsa-da, ularning aksariyati ijtimoiy adolatni ta’minlash, iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlash va ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga urg‘u bermoqda. Shuningdek, raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish va davlat xizmatlarining samaradorligini oshirish ham asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Kampaniya davomida qishloq hududlarini rivojlantirish, agrar sohani qo‘llab-quvvatlash hamda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni qisqartirish haqidagi va’dalar ham ko‘p yangradi. Ayni paytda deyarli barcha partiyalar davlat suverenitetini mustahkamlash, ekologik muammolarga ko‘proq e’tibor qaratish va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishni o‘z dasturlarining muhim yo‘nalishlari qatoriga kiritgan.
So‘rovlar saylovchilar kayfiyati haqida nima deydi?
Saylov arafasida o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovlarida "Adilet" partiyasi katta ustunlik bilan peshqadam sifatida ko‘rsatilgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, mazkur partiya saylovchilarning qariyb 70 foiz ovozini olishi mumkin. Keyingi o‘rinlarda esa 5,6 foiz bilan "Auil" va 4,9 foiz bilan "Oq jol" partiyalari qayd etilgan.
Qolgan partiyalar bo‘yicha reytinglar ancha past bo‘lib, ularning ayrimlari parlamentga o‘tish uchun yetarli darajada qo‘llab-quvvatlovga ega emasligi aytilmoqda. Shu bois kuzatuvchilar saylovda asosiy ustunlik «Adilet» partiyasi tomonida bo‘lishini kutmoqda.
23 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan ovoz berish yakunlariga ko‘ra, mamlakatning yangi bir palatali parlamenti - Qurultoy tarkibi shakllantiriladi. U mart oyida qabul qilingan yangi Konstitutsiya doirasida ish boshlaydi va Qozog‘istonning qonunchilik organi sifatida faoliyat yuritadi. Saylovlar mamlakatdagi yangi siyosiy tizim asosida tashkil etilayotgani bilan ham ahamiyatli deb ko‘rilmoqda.