Hamid Ismoilov O‘zbekistonga kiritilmagani, Nobel ro‘yxati va kim uchun yozishi haqida - video

Video tagso‘zi, O‘zbekistonga kiritilmagani, Nobel ro‘yxati va kim uchun yozishi haqida
Hamid Ismoilov O‘zbekistonga kiritilmagani, Nobel ro‘yxati va kim uchun yozishi haqida - video
Published

«O‘sha paytda bir jurnalist men bilan aloqaga chiqdi va men unga shaxsiy xabar sifatida buni aytdim. Onamning mozorboshiga bormoqchi edim, hamma narsa tayyor edi, lekin qo‘yishmadi, deb aytdim. Jurnalist bosib yubordi bu narsani. Unda aytgan ekanmanki, qo‘yishmaganligi uchun to mendan uzr so‘ramagunlaricha, O‘zbekistonga bormayman.»

Hamid Ismoilovdan O‘zbekiston hukumati hanuz uzr so‘ragani yo‘q.

Nega xalqaro adabiyotda nomi chiqqan, o‘zbek zamonaviy nasri va she’riyatini dunyoga tanitayotgan yozuvchi mamlakatga kiritilmaganini hukumatda hech kim izohlamadi ham.

Bu hodisa 2017 yilda, ya’ni Shavkat Mirziyoyev prezidentlikni olib, o‘z islohotlarini boshlayotganida va O‘zbekiston yana dunyoga ochilayotganida yuz berdi.

«Aytilgan gap – otilgan o‘q", - deydi 72 yoshli adib, o‘z mavqei o‘zgarmaganini aytib.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Hamid Ismoilovning yangi kitobi Londonda taqdim qilindi.
Surat tagso‘zi, Hamid Ismoilovning yangi kitobi Londonda taqdim qilindi.

Hamid Ismoilov Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tug‘ilgan, lekin bolaligida oilasi bilan O‘zbekistonga ko‘chib o‘tgan. Onasi u 12 yoshligida vafot etgach, uni Toshkent yaqinida yashovchi buvisi katta qilgan.

O‘zbek, rus va ingliz tillarida ijod qiluvchi Ismoilov shu kunlarda Londonning Pushkin House markazida o‘zining yangi kitobini taqdim qildi.

"Googling for Soul" (Jon Ikki) deb nomlanuvchi yangi asar adibning o‘zbek tilida yozilgan va ingliz tiliga tarjima qilingan 11ta hikoyasining to‘plami bo‘lsa-da, uni roman deb ham tasvirlash mumkin.

Hikoyalardagi odamlar turli avlod, turli muhit va turli taqdirlarga mansub. Ammo ularni O‘zbekiston, sovet davri merosi, muhojirlik va o‘zligini yo‘qotmaslikka urinish birlashtiradi.

Ismoilov ko‘p yillardan beri Londonda, quvg‘inda yashayotgan bo‘lsa-da, o‘zbeklikdan ajralmaslik yo‘llarini izlaydi.

Hamid Ismoilov
BBC
Siz muayyan mamlakatga tobe bölsangiz, uning qonun-qoidalari bilan yaşaysiz. Lekin men til uçun yozaman. Tilda yaşasangiz, til — demokratik bir ölka.
Hamid Ismoilov
Yozuvchi (bbc.com/uzbek)

"Voqe’likdan uzilib qolish mumkin, tildan uzilish qiyinroq. [Vladimir] Nabokovlar vaqtini olaylik, ular yurtidan uzilgan va tildan uzilgan. Ya’ni, tili biroz sun’iylashgan. Bizning davrimizda esa, internet va ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lib, bu muammo yo‘qoldi. Hozir gapirayotgan odamni hozirning o‘zida eshitib turibmiz. O‘zbek tilidagi yangi tendentsiyalar, o‘zgarishlar, qanday yangi so‘zlar kiritilayotgani – hammasi qo‘lingizning ostida. Eringmasangiz, bemalol tilda yashab yurishingiz mumkin», - deydi u.

Yozuvchi tilni bir ummondek tasvirlaydi. Unda chegaralarsiz va senzurasiz yashash mumkin.

Bu yil garov kompaniyalari Hamid Ismoilovni adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodlar ro‘yxatiga kiritgani va ayni damda uning kitoblari hamon O‘zbekistonda ta’qiqda qolayotgani o‘rtasida keskin kontrast bor.

Lekin, Ismoilov bu quvg‘in uning ijodiga ta’sir qilmasligini aytadi.

"Siz muayyan mamlakatga tobe bo‘lsangiz, uning qonun-qoidalari bilan yashaysiz. Lekin, men til uchun yozaman. Tilda yashasangiz, til - demokratik bir o‘lka. Unda xon ham yo‘q, hoqon ham yo‘q. O‘zbek tilida men hech kimga qaram emasman. Shuning uchun, bemalol yozib yuraman. Mustaqilman.»