Makka pakti: Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston "musulmon NATOsi"ni tuzishi mumkinmi?

Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida "Makka pakti" deb nomlangan qo‘shma mudofaa shartnomasi imzolanganiga bir haftadan oshdi. Ayrim tahlilchilar bu kelishuvni "sunniylar ittifoqi", hatto "musulmon NATOsi" deb atamoqda.

Ba’zilar buni Eron va Isroil kabi davlatlarga yuborilgan siyosiy signal sifatida talqin qilmoqda. Boshqalar esa kelishuv mazkur davlatlarning xavfsizlik masalalarida AQShga qaramlikni kamaytirish istagini aks ettirishini aytmoqda.

Biroq kelishuvning to‘liq matni haligacha jamoatchilikka taqdim etilmagani turli taxmin va mulohazalarga sabab bo‘lmoqda. Kelishuv tanqidchilari quruqlik orqali o‘zaro tutashmagan bu uch davlatning milliy manfaatlari har doim ham bir-biriga mos kelmasligini ta’kidlamoqda. Ayrim ekspertlar fikricha, kelishuv matnining e’lon qilinmagani uning amaldagi ta’siri va ehtimoliy tahdidlarni qay darajada jilovlay olishi borasida savollar uyg‘otmoqda.

Xo‘sh, bu pakt haqida nimalar ma’lum? U qanday qarshi olindi?

Hozircha ma’lum bo‘lgan jihatlar va hanuz ochiq qolayotgan savollarga nazar tashlaymiz.

"Musulmon NATOsi"mi?

Kelishuvga ko‘ra, uch davlatdan biriga qilingan hujum barchasiga qarshi qilingan hujum sifatida baholanadi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bu majburiyatni NATOning jamoaviy mudofaani nazarda tutadigan 5-moddasiga "texnik jihatdan ayni mos" kelishini aytdi.

Biroq tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu tizim amalda sinovdan o‘tmaguncha, masalan, Saudiya Arabistoniga hujum qilinganda Turkiya va Pokiston qanday yo‘l tutishini ko‘rmaguncha, mazkur paktni NATOga o‘xshash qat’iy majburiyatdan ko‘ra ko‘proq siyosiy irodaning ifodasi deb baholash kerak.

Kadir Has universitetining Xalqaro munosabatlar bo‘limi professori Serhat Gyuvench shunday deydi: "Kelishuv matnini ko‘rmagunimizcha, uning amalda qanday ishlashi haqida turli taxminlar saqlanib qolaveradi".

Gyuvenchning aytishicha, moliya va qurol-yarog‘ jihatidan uzoq yillar davomida AQSh yetakchilik qilib kelgan NATOdan farqli o‘laroq, bu pakt "teng sheriklar ittifoqi" hisoblanadi.

"Buning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari bor. Chunki qarorlar muzokaralar orqali qabul qilinadi va ko‘p hollarda har bir davlat o‘z milliy suverenitetini birinchi o‘ringa qo‘yadi".

Atlantic Council tahlil markazi eksperti Alison Maynor ham bu fikrga qo‘shiladi.

U BBC Urdu xizmatiga bergan intervyusida, uch davlatning manfaatlari va strategiyalari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turishi, ba’zan esa bir-biriga zid kelishi mumkinligini aytgan.

"Shu bois bu ittifoqning NATO kabi turli inqirozlarga har tomonlama muvofiqlashtirilgan va to‘liq integratsiyalashgan harbiy javob qaytarishi ehtimoli kam".

Ushbu tashabbus kelajakda ishonchli va samarali harbiy ittifoqqa aylanishi mumkinmi yoki yo‘qmi, bu hozircha ochiq qolmoqda.

Bu pakt Eronga qarshi qaratilganmi?

Ayrim tahlilchilar Makka paktini Yaqin Sharqdagi mojarolar hamda AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarga javob sifatida baholamoqda.

Kelishuvni imzolagan davlatlar orasida Eron bilan chegaradosh bo‘lgan ikki sunniy ko‘pchilikka ega mamlakat, Turkiya va Pokiston, shuningdek, Tehronning mintaqadagi asosiy raqibi sanalgan Saudiya Arabistoni borligi ayrim kuzatuvchilar, ayniqsa Erondagi sharhlovchilar tomonidan Eronni qurshab olishga qaratilgan qadam sifatida ham talqin qilinmoqda.

Biroq turk rasmiylari mazkur pakt bo‘yicha muzokaralar hozirgi mintaqaviy mojarolar va keskinliklardan ancha avval boshlanganini ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, kelishuv yuzasidan muhokamalar 2024 yil dekabr oyidayoq start olgan.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri va Bosh vazir o‘rinbosari Ishoq Dar ham pakt biror davlatga qarshi qaratilmaganini alohida ta’kidlagan.

Ayni paytda Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Esmoil Baqoiy matbuot anjumanida bu masala yuzasidan xavotirga o‘rin yo‘qligini aytdi.

"Bu pakt Eronga qarshi qaratilgan deb hisoblash uchun hech qanday asos yo‘q".

Uning fikricha, aksincha, mazkur kelishuv uch davlatning AQShning xavfsizlik kafolatlariga to‘liq tayanish mumkin emas, degan xulosaga kelganidan darak beradi.

Kim eng ko‘p manfaat ko‘radi?

Ushbu kelishuvdan uchala davlat ham manfaatdor bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ularning har biri ittifoqqa o‘ziga xos imkoniyat va salohiyat olib kirmoqda.

Saudiya Arabistoni moliyaviy resurslari, diplomatik ta’siri va neft zaxiralari bilan ajralib turadigan yirik iqtisodiy qudrat hisoblanadi. Biroq podshohlik Eron raketalari va dronlari, husiylar hujumlari hamda muhim dengiz yo‘llaridagi uzilishlar bilan bog‘liq tahdidlar ortib borayotganidan tashvishda.

Istanbul Siyosiy tadqiqotlar instituti tahlilchisi Rikkardo Gaskoning fikricha, yaqin istiqbolda mazkur paktdan eng ko‘p naf ko‘rishi mumkin bo‘lgan davlat aynan Saudiya Arabistonidir.

Uning fikricha, "Turkiya texnologiyalari bilan Pokistonning an’anaviy harbiy salohiyati va strategik tajribasi" birlashsa, ehtimoliy raqiblar uchun jiddiy ogohlantiruvchi omilga aylanishi mumkin.

Turkiya esa NATO a’zosi bo‘lib, alyans tarkibidagi eng yirik armiyalardan biriga ega. Anqara o‘zini ham geografik, ham diplomatik jihatdan NATO bilan Yaqin Sharq davlatlari o‘rtasida ko‘prik sifatida ko‘radi. Shuningdek, bu hamkorlik turk mudofaa sanoati va qurol-yarog‘ eksporti uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Pokiston ham mustaqil harbiy qudrat sanaladi va uch davlat orasida yadroviy qurolga ega yagona mamlakatdir. Mazkur pakt avvaldan mavjud bo‘lgan hamkorlik va kelishuvlarga tayanadi.

Podshoh Faysal tadqiqotlar va islomshunoslik markazi eksperti Umar Karimning fikricha, bu ittifoq Pokistonning Yaqin Sharqdagi siyosiy mavqeini mustahkamlashi, shuningdek, Saudiya Arabistoni bilan yaqinroq hamkorlik orqali iqtisodiy va mudofaa sohalarida qo‘shimcha foyda keltirishi mumkin.

Biroq Atlantic Council tahlil markazi eksperti Alison Maynorning fikricha, bu hamkorlikning eng katta samarasi uch davlatning umumiy manfaatlarida namoyon bo‘lishi mumkin.

Uning aytishicha, bu hamkorlik uch davlatning xalqaro maydondagi siyosiy vaznini oshirish, diplomatik ta’sir doirasini kengaytirish va muayyan strategik afzalliklarga ega bo‘lishiga xizmat qilishi mumkin.

Ittifoq kelajakda qanday ko‘rinish olishi mumkin?

Bu hozircha ochiq qolayotgan asosiy savollardan biri.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning aytishicha, maqsad faqat uch davlat bilan cheklanib qolish emas. Uning ta’kidlashicha, kelajakda imkoniyat bo‘lsa, mintaqadagi barcha davlatlarni mazkur tashabbus doirasida birlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Misr allaqachon Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya bilan birga norasmiy to‘rt tomonlama muloqot mexanizmida ishtirok etib keladi. Shu bois ayrim kuzatuvchilar Qohira ushbu paktga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida ko‘rmoqda.

Kelishuv imzolanganidan keyin Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Misrni mazkur tashabbusning eng yaqin hamkorlaridan biri deb atadi va Qohira kelajakda paktga qo‘shilishi mumkinligiga ishora qildi.

Misr Tashqi ishlar vaziri Badr Abdelattiy esa mamlakat mazkur kelishuvni "juda jiddiy tarzda" o‘rganayotganini bildirdi.

Biroq Chatham House tahlil markazi eksperti Ahmad Abuduhning fikricha, Prezident Abdulfattoh as-Sisiy rahbarligidagi Misr turli ittifoq va bloklarga qo‘shilish masalasida ehtiyotkor siyosat yuritib kelmoqda.

Chunki bunday qadam ayrim davlatlar bilan munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Gap bu holda Eron, Isroil, Birlashgan Arab Amirliklari, Gretsiya, Kipr va Hindiston haqida bormoqda.

Mintaqada yangi sheriklik va ittifoqlar shakllantirishga urinayotgan Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston rahbariyati ham bu xavflarni yaxshi anglab turibdi. Ayniqsa, urush va ziddiyatlar chuqur ta’sir ko‘rsatgan mintaqada har qanday yangi geosiyosiy yaqinlashuv turli diplomatik oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.